Institutlarda poraxo‘rlik rektorning xonasidan boshlanadimi? – SDTI rektori Jasur Rizayev bilan eksklyuziv suhbat

Intervyu

Samarqandga yo‘lingiz tushsa shahar markazida Samarqand davlat tibbiyot institutiga bir kirib o‘ting. Institutda o‘zgarishlar katta. Bunga talabalar va o‘qituvchi-professorlar bilan suhbatda o‘zingiz guvoh bo‘lasiz. Institutning tarixiy binosi yonginasida zamonaviy bino qad rostlamoqda. Bu maqtov emas, o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, qulog‘imiz bilan eshitganlarimiz. Albatta, institutda hal etilishini kutib yotgan muammolar ham talaygina. Bular xususida institut rektori, taniqli stomatolog Jasur Rizayev bilan suhbatlashdik. 

Ushbu intervyuni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube'dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.

Charos Shodmonqulova, muxbir: — Bu institutda ish boshlaganingizga 8 oy bo‘ldi. Undan oldin Toshkent davlat stomotologiya institutida faoliyat olib borgansiz. Yangi ish manzilingizda nimalarni o‘zgartira oldingiz?

Jasur Rizayev, Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori: — Balki, 8 oy tarix uchun bir lahzalik vaqtdir. Ammo inson hayotida bu vaqt ma’lum darajada o‘z o‘rniga, ijobiy yoki salbiy nuqtalariga ega bo‘lgan davr.

Ch.Sh.:— Siz faoliyat boshlaganingizda qanday muammolar bor edi?
J.R.: — Bilasizmi, har bir rahbar yangi tashkilotda o‘z prinsiplarini joriy qilishga harakat qiladi. Men Toshkent davlat stomotologiya institutida ozmi,  ko‘pmi tajriba orttirdim va shu orqali ushbu institutda ma’lum bir narsalarni o‘zgartirishni o‘z oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Birinchi o‘rinda ta’lim sifatini yaxshilash kerak. Yana bir narsani alohida ta’kidlab o‘tish zarurki, 2013 yildan Samarqand davlat tibbiyot instituti oliy tibbiy ta’lim sohasida birinchi bo‘lib kredit-modul tizimiga o‘tgan oliygoh hisoblanadi. Mana, oradan 7 yil o‘tdi. Va bu yerda tizim bo‘yicha yig‘ilgan katta tajriba bor. Men bu yerga kelganimdan so‘ng, shu tajribadan foydalangan holda bugungi zamonaviy, ya’ni aynan kredit-modul tizimini yana ham takomillashtirishga harakat qildim. Bundan tashqari, institutdagi onlayn platformani 4-5 oy davomida xodimlar bilan birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib, 99 foizga yangiladik. Nafaqat yangiladik, balki eng yangi usullarni, videoleksiyalarni, videotaqdimotlar, amaliy ko‘nikmalarni videoklip tarzida tashkil etib, onlayn platformani qaytadan shakllantirdik. Buni biz ikki tilda tayyorladik. Hozirda ingliz tilidagi varianti ustida ish olib boryapmiz. Talaba esa bemalol onlayn platformaga kirib, o‘qishini davom ettirishi mumkin. Bu ayniqsa, bugungi pandemiya bilan bog‘liq sharoitda eng qo‘l keladigan usullardan biri, deb bilaman. 

Ilmiy tomondan ko‘radigan bo‘lsak, intitutda ilmiy salohiyat yomon emas. Faqatgina ma’lum bir qismlarini to‘g‘irlash zarur bo‘ldi. Ammo qisqa muddat ichida biz 29 foiz ilmiy salohiyatdan 39 foizga ko‘tarildik. Bu ichki rezervlar hisobiga, albatta. Men bu salohiyatni 50 foizga ko‘tarishni o‘z oldimga reja qilib qo‘yganman. Bilasiz, ilmiy maqolalar uchun “Scopus” jurnali bor. Unda 2019 yilda institut tomonidan 4 ta maqola chop etilgan ekan. O‘tgan 8 oy davomida 103 ta maqola chop etdik. Bu aytishga oson, lekin har bir maqola ortida juda katta mehnat yotibdi.

Ch.Sh.: — Bu raqam ortidan quvish bo‘lib qolmayaptimi?

J.R.: — Yo‘q, menimcha bunday emas. Chunki maqola jahon standartlariga javob bermasa, “Scopus” uni chiqarmaydi. Holbuki ta’lim jarayoni bir kunda hal bo‘ladigan jarayon emas. Buning uchun kamida 2-3 yil vaqt kerak. Men sizga aytsam, respublika miqyosidagi yoki yaqin xorijda chiqadigan maqolalarimiz soni ham qariyb 6-7 baravar ko‘paydi. Bundan ko‘rinib turibdiki, ilm bilan shug‘ullanadigan yoshlar bor, ilmga munosabat bor, ilmiy salohiyatni oshirish uchun harakat bor. Bularning barchasi bir kunda bo‘ladigan narsalar emas. Buning uchun vaqt kerak, albatta. Va mening oliy maqsadim institutni xalqaro miqyosdagi eng yaxshi mingtalikka olib chshqish.

Ch.Sh.: — Hali mahalliy institutlar bir-biri bilan bellashib, Markaziy Osiyoga tanilmagan paytda siz qanday qilib jahonga tanitmoqchisiz?

J.R.: — Siz tog‘ga qarab intilsangiz, albatta, qirga yetib borasiz. Shu nuqtayi nazardan Xalqaro reytingda institut o‘z o‘rnini egallasa, bu albatta, juda yaxshi natija. 

Bu 90 yillik institut. Holbuki boshqa oliygohlarning otaxoni, desak ham bo‘ladi. Shu vaqt ichida, qolaversa, Sobiq ittifoq davrida ham Markaziy Osiyoda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ch.Sh.: — Qani shu o‘rni?

J.R.: — Afsuski, bu savol meni ham ko‘p o‘ylantiradi. Albatta, o‘rni bo‘ladi. Yaqin kelajakda Samarqand davlat tibbiyot institutining obro‘si, albatta, tiklanadi.

Samarqand davlat tibbiyot institutini rivojlanishiga eng katta turtki bo‘lgan narsa bu ikkinchi jahon urushi yillarida Leningrad harbiy tibbiyot akademiyasining Samarqandga evakuatsiya qilinishi bo‘lgan. U yerdan juda ko‘p olimlar Samarqandga kelib faoliyat yuritib, o‘sha yerda qolib ketishgan.  Shu o‘rinda aytishim mumkinki, bizdagi bitiruvchilarning ayrimlari hozir juda nufuzli xalqaro ta’lim muassasalarida, ya’ni Oksford, Kembrij oliygohlarida faoliyat olib borishadi. Biz bugun ular bilan faxrlanamiz.

Ch.Sh.: — Nima uchun ulap chet elda dars berishyapti. Nega o‘zimizda emas. Yoki gap faqat moddiy rag‘batdami?

J.R.: — Buni men ham juda ko‘p o‘ylaganman. Lekin sizga aniq javob bera olmayman. Nazarimda, Sobiq ittifoq davrida ularning ko‘plari chet elga chiqib ketishida ma’lum sabablar bo‘lgan. Hozir o‘zimizning muasassalarda ishlayotgan yetuk mutaxasislarimiz ham bugungi kunda institut uchun yordam berishga tayyor. Men ko‘plari bilan suhbatlashdim. Hatto, bir-ikki nafarlariga biz intitutimizning faxriy professori unvonini berdik. Chunki ular bizga xayrixohlik qilib, juda ko‘p onlayn mashg‘ulotlar, seminarlar o‘tkazishdi. Ular doim yordamga tayyor. Lekin oilaviy sharoit, umuman olganda, u yerdagi sotsial muhit bugungi kunda bu yerga kelib ish boshlashga yo‘l bermaydi. Lekin men aminmanki, bu kunlarga ham kelamiz.

Ch.Sh.: — Talabalarning ham ko‘plari O‘zbekiston oliygohlarini tark etishmoqda. Buning asosiy sababi nimada?

J.R.: — Eng achinarli tomoni qobiliyatli yoshlarimiz ketib qolmoqda. Bunga sabab ilm fanning sifati o‘sha borgan joylarida nisbatan yaxshiligi, yaxshi maktab yaratilgani, deb o‘ylayman. Oxirgi yillarda qilinayotgan islohotlar haqida ham gapirib o‘tmoqchiman. Rivojlangan davlatlardagi Oliy ta’lim muassalaridagi ilmni, muhitni olib kelish uchun so‘nggi yillarda 20dan ortiq oliy ta’lim muassasasining filiali ochildi. 

Siz nima qildingiz degan savol tug‘ilishi mumkin. Bu yildan boshlab biz 5 ta bakalavr yo‘nalishi bo‘yicha qo‘shma dastur ochdik. 

Ch.Sh.: — Siz aytayotgan islohotlar o‘z yo‘liga. Ma’lumki, ta’lim muassasalarida qotib qolgan tizim va tuzum bor. Xabaringiz bor,  yaqinda Ipak yo‘li turizm xalqaro universiteti prorektori Azamat Akbarovning diplomi soxta ekani haqida gaplar tarqaldi. Lekin bu yolg‘on bo‘lib chiqdi. Siz bunday voqealarga qanday qaraysiz?

J.R.: — Bunday holatlar faqat oliy ta’limda emas, boshqa sohalarda ham bor. Fikrimcha, islohotlar har doim ham hammaga yoqavermaydi. Holbuki,  islohotlarning orqasida katta mehnat bor. Mehnat qilishni istamaydigan insonlar boshqa yo‘llarni qidiradi. Bu bir martalik mehnat bo‘lsa, ko‘zlarini yumib bo‘lsa ham qiladi, lekin bu tizimli ravishda talab qilinsa, bundan qochishga harakat qiladi. O‘ylaymanki, agar rahbar rostan ham shakllangan kuchli boshqaruvchi bo‘lsa, albatta u yerdagi muhitni yaxshilashga harakat qiladi. Men bu voqea haqidagi maqolani o‘qidim. Nima uchun bunday bo‘lganini ham bildim. Bu yerda eng katta muammo prorektorning bir o‘zi kurashgani bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Shuning uchun ham u mag‘lub bo‘ldi. Hamfikrlarini yig‘ib, jamoa bilan birgalikda o‘zining islohotlarini ilgari surganda, balki bu ko‘ngilsizlik bo‘lmasdi. Afsuski, bu islohotlarni amalga oshirishda, umuman, rivojlanishda juda salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Hatto, bizda ham bo‘lgan shunga o‘xshash voqea. Ilgari ishlagan joylarimizda ham bo‘lgan. Biror yangi tashabbus yoki islohotlarni amalga oshirmoqchi bo‘lganimizda oshkora qarshi chiqqanlar ham topilgan. 

Afsuski, qonuniy jihatdan chora ko‘rish uchun ba’zida rahbarning huquqi yetarli bo‘lmayapti. Bu ham bizdagi kamchiliklar sirasiga kiradi. Masalan men institutda biror xodimni sen yomon ishlayapsan deb to‘g‘ridan to‘g‘ri uni ishdan bo‘shatishga huquqim yo‘q. Bu ham bor haqiqat. Agar ishdan bo‘shatsam, ustimdan yozadi, bu tabiiy hol, borib tashkilotlarga uchrashadi. Men keyin amalga oshirishim kerak bo‘lgan ishlarni qo‘yib, shu ish bilan ovora bo‘lib qolaman. Vaqtim o‘zimni oqlashga ketishini xohlamayman. Keyingi masala shu: isbotlash imkoniyati har doim ham bormi yo yo‘qmi? Bu esa tinglovchiga bog‘liq. Chunki hamma o‘zining qarichi bilan o‘lchaydi. Mana shu narsalar ham qaysidir ma’noda juda muhim. Hozirgi davrda biror o‘qituvchini sen yaxshi ishlamayapsan deb ishdan bo‘shatishga haqqimiz yo‘q.

Ch.Sh.: — Lekin hamma rektorlar ham xolis emas-da... 
J.R.: — To‘g‘ri bu masalaning ikkinchi tomoni. Hamma joyda ham muhit bir xil emas. Masalan men uchun mana shu institut muqaddas joy. Birinchi o‘rinda rahbardan talab qilinadigan narsa, hammaga avvalo o‘zi o‘rnak bo‘lishi. Shundagina boshqalarni ortidan ergashtira oladi.

Ch.Sh.: — Bugungi talabalar kechagi talabalar emas. Hozir ko‘p narsalar ularning talabiga javob bermayapti. Ularning qarichi bilan o‘lchab ko‘rganda, pedagoglarning bilimi nisbatan eski bo‘lib qolmoqda. Ularni porloq kelajakka qanday ishontirasiz?

J.R.: — Bu juda qaltis savol. Men doim o‘zimga savol beraman. Nega chet eldagi talabalar bilan bizning talabalar orasida farq katta? Chunki, u yerdagi talabalarda erkinlik bizga nisbatan ancha katta. Bu o‘qishda ham, amaliyotda ham seziladi. Shu paytgacha ko‘plab rivojlangan davlatlarda bo‘lib, barchasida oliy ta’lim tizimini o‘rgandim. Men talabalarim bilan do‘stman. Bu yerga kelganimda, birinchi oylari jamoa meni unchalik tushunmadi. Men doim bitta narsani ilgari surdim: talaba bor – biz bor. Bundan kelib chiqadigan xulosa shuki, biz talabalarga yordamchi bo‘lishimiz kerak. Buning uchun ichidagi dardini bilishimiz shart. 

Ch.Sh.: — Siz Oksford, Kembrij haqida gapiryapsiz. Lekin ular to‘rtinchi avlod universitetlari, biz esa birinchi avlod. 

J.R.: — Fikrimcha, biz rejani yuqoriroq olishimiz kerak. Qanchalik yuqoriga intilsak, albatta, bir kun ularning darajasiga yetamiz. Buning uchun ularning andozasini olishimiz kerak. Velosipedni qaytadan ixtiro qilishimiz shart emas. Biz to‘rtinchi avlod universitetlarga yetisha olmaymiz. Tajriba shuni ko‘rsatyapti. Ammo yaqinlashish uchun qattiq mehnat va kuchli bilim talab qilinadi

Ch.Sh.: — Pandemiya nafaqat tibbiyot, balki barcha sohalardagi kamchiliklarni, bo‘shliqni yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. Aytingchi, bu bo‘shliqlar to‘ldirildimi?

J.R.: — Bilasizmi, eng yaxshi saboq beruvchi maktab – bu hayot. Hayot darslarini qoldirishning imkoni yo‘q. Lekin juda qimmatga tushadi. Siz har bitta yo‘l qo‘ygan kamchiligingiz orqali o‘zingizni takomillashtirib borasiz, ma’lum bir narsalardan saboq chiqarasiz. Albatta, pandemiya sharoitida, ayniqsa, tibbiyotda juda ko‘p kamchiliklarimiz ko‘rinib qoldi. Yutuqlarimiz ham bor. Kadrlar tayyorlash borasida ham bir qancha kamchiliklarimiz yo‘q emas, albatta. Afsuski, bu o‘tgan yillar davomida ta’lim sifatiga bo‘lgan e’tibor ozroq kamaygan. Yo‘l qo‘yilgan kichik xato ertaga katta asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu asoratlarni biz ko‘rib turibmiz. Buni bugungi kunda biz to‘g‘rilamasak, kadrlar taqchilligi avj oladi. Buning uchun esa faqat ishlash kerak. 

Shu o‘rinda hamkasblarga savol bilan murojaat qilmoqchiman: 10-15yildan keyin kimga boramiz? Qaysi shifokorga ishonib boramiz? O‘qitayotgan talabangizga o‘zingiz ishonasizmi? Biz har doim shu narsani ko‘z oldimizda shakllantirsak, shundagina biz biror narsani o‘zgartirishimiz mumkin.

Ch.Sh.: — Pandemiya jamiyatimizda qanday yangicha bosqichni boshlab berdi. Nima deb o‘ylaysiz?

J.R.: — Biz ta’lim sohasida to‘liq formatda rivojlantirishga birinchi qadamni qo‘ydik. Afsuski, bizda onlayn ta’lim yaxshi rivojlanmagan. Bu ko‘pchiligimizni shoshirib qo‘ydi. Lekin butun dunyoda onlayn ta’lim allaqachon rivojlanib bo‘lgan. Biz onlayn ta’limga ikkinchi darajali ta’lim sifatida qaraganmiz. Har doim shunday bo‘lgan. Demak, oliy ta’limda ham o‘rta ta’limda ham onlayn o‘qitishning o‘z o‘rni bo‘lishi kerak. 

Bizda mustaqil ta’lim ham bor. Afsuski, bunda ham kamchiliklarimiz juda ko‘p. Birinchidan talabalarimiz, ikkinchidan domlalarimiz, professorlarimiz ham bunga tayyor emas. Mustaqil ta’lim haqida gap ketganda bir narsani ta’kidlab o‘tishim kerak. Men ilgari asistent bo‘lib ishlaganimda ham umuman mustaqil ta’lim haqida tushunchaga ega emasdik. Mustaqil ta’limga zarur bo‘lmagan, ya’ni ikkinchi darajali ta’lim sifatida qaralar edi. Vaholanki bu to‘g‘ri yondashuv emas. Bu jarayonning ham o‘z o‘rni bor.

Ch.Sh.: — Talaba bir tomon. Lekin pedagoglarning o‘zi qanchalik mustaqil shug‘ullanyapti?
J.R.: — Eng katta muammomiz ham shunda. Bu talaba va pedagog uchun muhimligini unutib qo‘yganmiz. Mustaqil ta’lim hozirgi kunda qayta islohotlarni talab qiladigan darajada.

Ta’lim o‘qituvchi uchunmas, talaba uchun zarur. Bu narsani biz to‘g‘ri tushunib yetishimiz kerak. Shundagina biz oldimizga qo‘ygan maqsadga yetishishimiz mumkin.

Men bu yerda yangi ish boshlagan kunlari talabalar bilan uchrashdim va institutda konspekt masalasini bekor qildim. Yozish erkin. Agar eshitgan bo‘lsangiz, bu yangilik ijtimoiy tarmoqlarda juda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Meni bir savol juda qiziqtiradi: konspektni talaba o‘zi uchun yozadi, nima uchun biz uni majburiy qilishimiz kerak?

Ch.Sh.: — Siz ham o‘sha konspektlar davrining talabasisiz, janob Rizayev. Sizga konspektlar zarar qilganmi?

J.R.: — Menga zarar qilmagan-ku, lekin uyda konspektlarimni singlim yozib berardi (kulib). Lekin yana bir narsani tan olishimiz kerakki, judayam zo‘r ma’ruza o‘qiydigan domlalarning darslarida bir daqiqa ham boshimni ko‘tarmasdan konspekt yozardim. Chin dildan xohlab yozardim. Chunki bilardimki, konspektda yozilgan narsalarni o‘qisam, men ertaga shu bilimni o‘zlashtira olaman. Lekin har doim ham bunday emas-da.

Ch.Sh.: — Aynan mana shu institut talabalaridan onlayn darslarda forma talab qilinyapti degan gaplar tarqaldi. Bu qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?

J.R.: — Bilasizmi institutta onlayn darslarda halat kiyishni talab qilishmoqda, deb ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘p gaplar bo‘libdi. Men buni o‘zim o‘qib, tepa sochim tikka bo‘lib, tahlil qildim. Dekanlar ham, mas’ullar ham bunday emasligini aytib, meni ishontirishdi. Bu narsalar ham bo‘lishi mumkin. Farzandlarim ham kelib, ma’ruzada halat kiyib o‘tirishimiz kerak ekan, degan holatlari bo‘ldi. Menimcha, bu endi byurokratik yondashuv, desam to‘g‘ri bo‘ladi.

Ch.Sh.: — Lekin talabalar orasida “agarda forma xohishga qarab deyilganda, ham men formada o‘qishga kelaman”, deguvchilar ham bo‘ldi.

J.R.: — Bilasizmi, oddiy insoniy etiketlar bor. Nega qimmat restoranga borsak, shortikda kiritmaydi. Nima uchun biz sho‘rvani vilkada ichmaymiz? Nega vilkada yeyishimiz kerak bo‘lgan ovqatni qoshiqda yemaymiz. Axir bu oddiy etiket. Buni hammamiz to‘g‘ri tushunishimiz  kerak.

Ammo chegara bo‘lishi kerak-da.Talaba yalangoyoq kelsa ham indamasdan tura olmaymiz. Hozirgi aytayotgan gaplarimizni tagida bitta ma’no bor. Biz ertaga bo‘lajak mutaxassislarni hayotga tayyorlab berishimiz kerak.

Ch.Sh.: — Universitetlarda poraxorlik rektorni xonasidan boshlanadi deyishadi. Siz bunga qanday qaraysiz?
J.R.: — Bilamadim. Men nima deb javob berishga ham hayronman. Men agar poraxo‘rlik yo‘q, deya olmayman. Men shunchaki munosabat bildirishim mumkin. Masalan mening tashkilotimda bunaqa narsalar yo‘q deb aytsam, lekin bu narsalarni guvohi bo‘lgan odamlarda rektor ham sherik degan fikr tug‘ilishi mumkin. Agar bor desam, men bu yerda nima qilib o‘tiribman. Bu masala bo‘yicha men birinchi kundan boshlab professor-o‘qituvchilarga o‘z shartlarimni qo‘yganman.

Poraxo‘rlik kechirilmaydi. Men doim bitta narsani aytaman. Institutga boyib ketaman deb kelmaslik kerak. Bu mening prinsipim. Agar kimdir bizni institutga boyib ketish maqsadida kelmoqchi bo‘lsa, ovora bo‘lmasdan xususiy kilinakalardan biriga borib ishlayversin.

Ch.Sh.: Jasur Rizayevga buni gapirish oson. Biz bugungi davr pedagogiga, ya’ni tengsizlikni ko‘rib turgan pedagoglarga poraxo‘rlikni to‘xtating yoki qilmang deb qanchalik talab qo‘ya olamiz? Qachonki, ularga moddiy rag‘bat yetarli darajada bo‘lmasa...

J.R.: —  Boshqa sohalarni bilmadim. Lekin Oliy ta’lim, ya’ni aynan tibbiy ta’limda pedagoglarimizning o‘z kasbi bor. Bu – shifokorlik. Siz juda yaxshi bilasiz, men bugungi kungacha shifokorlik faoliyatim bilan shug‘ullanaman. Buni qo‘rqmasdan aytishim mumkin. Sizda qachon shug‘ullanasiz degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Samarqandda ham shogirdlarimizning xususiy kilinikalari bor. Shu yerda ma’lum vaqtlarda konsultativ yordam berib boraman. Qolaversa, bu sohadan boshqa biznesim ham bor.
 
Ushbu intervyuni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube'dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

konspekt Jasur Rizaev SDTI rektori poraxorlik

Baholaganlar

94

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing