Qishning g‘ami: O‘zbekistonda ko‘mir zaxirasi qancha? Angren ko‘mir koniga sayohat

Jamiyat

2020-2021 yillar kuz-qish mavsumida aholi va byudjet tashkilotlarining ko‘mir bilan doimiy ravishda ta’minlanishi bo‘yicha qanday choralar ko‘rilmoqda. O‘zbekistonda ko‘mir zaxirasi necha yilga yetadi? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida QALAMPIR.UZ “O‘zbekko‘mir” AJda bo‘ldi. 

Har yili kuz-qish mavsumi boshlanishi bilan mamlakatda ko‘mirga bo‘lgan ehtiyoj ortib boradi. Ko‘mirning iste’molchiga sifatli yetib borishi, doimiy zaxira bo‘lishi ko‘p jihatdan ko‘mir konlariga bog‘liq.

O‘zbekistonda asosiy ikkita ko‘mir koni bo‘lib, bulardan biri Toshkent viloyati Angren shahri hududida joylashgan “O‘zbekko‘mir” AJga qarashli bo‘lsa, ikkinchisi Surxondaryoda joylashgan “Sharg‘unko‘mir” konidir. Angren ko‘mir zavodidan qo‘ng‘ir ko‘mir qazib olinsa, Surxandaryoda joylashgan ko‘mir konida toshko‘mir qazib olinadi. 

7 ming gektar yer maydonini egallagan Angren Ko‘mir koni 1947 yildan buyon qaziladi. Ko‘mir konida ish tinimsiz 24 soat davomida olib boriladi. Bir yilda aholiga to‘rt million tonnadan ortiq ko‘mir yetkazib beriladi. 

Bugungi kunda “O‘zbekko‘mir”AJda 6 mingdan ortiq xodim ishlaydi. Ko‘mir konida 1700 dan ortiq xodim ish faoliyatini olib boradi. 

Ishning asosiy qismi Angren ko‘mir havzasi hududida amalga oshiriladi. Ishlab chiqarish hududida “Angren, “Apartak” ochiq ko‘mir konlari hamda “Shaxta uslubida ko‘mir qazib olish koni" joylashgan. 

Bugungi kunda ko‘mir ochiq usulda qazib olinadigan Angren koni O‘zbekistonda qattiq yoqilg‘i ishlab chiqarish hajmining 85 foizini ta’minlaydi

Angren konida ko‘mir bilan birga yo‘l-yo‘lakay kaolinli gil ham qazib olinadi. Kon birlamchi va ikkilamchi kaolin qatlamlariga ham boy bo‘lib, ushbu depozitning noyobligini anglatadi.

Angren konida qazib olinayotgan ko‘mir respublika iqtisodiyot tarmoqlari, byudjet tashkilotlari hamda aholi ehtiyojlari uchun yetkazib beriladi. Angren va Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyalari asosiy iste’molchilardir.

Bir smenada o‘rtacha hisobda 300-350 nafar xodim faoliyat olib boradi. Agar bir sutka hisobida olinca, bir kunda 12 ming tonnagacha ko‘mir qazib olinadi. Bir oyda esa 330-350 ming tonnagacha ko‘mir qazib olinib, saralanadi.

Ko‘mir qazib olinib, aholiga yetib borgunigacha bo‘lgan jarayon to‘rt bosqichni o‘z ichiga oladi. Eng muhim maydonlardan biri – bu ko‘mir qazib olish maydoni bo‘lib, avval ko‘mirning ustki qatlami ochiladi, so‘ng ko‘mir qazish ishlari amalga oshiriladi. Ko‘mir qazib olingach, maxsus avtomashinalarda ko‘mir omboriga yuboriladi

Turli hajmdagi ko‘mirlar konveyer yordamida elakdan o‘tkazilib, 2200 metr uzunlikdagi konveyer orqali saralashga yuboriladi.

Jigariston saralash kompleksida ko‘mirlarning kullilik va namlik darajasi laboratoriyada aniqlanib, barcha talablarga javob bergach, hajmiga qarab vagonlarga ortiladi va iste’molchilarga yuboriladi. 

Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, ko‘mir konida bir smenada 12 tonnagacha ko‘mir qazib olinar ekan. Ko‘mir qazib olish, saralash ishlari 24 soat davomida tinimsiz olib boriladi. Ayni vaqtda bu yerda qancha ko‘mir zaxirasi bor degan savol bilan Angren ko‘mir konining bosh mutaxassisi Farrux Otajonovga yuzlandik. 

“Siz ko‘rib turgan joy ko‘mirni saralash va vagonlarga yuklash maydoni. Bu yerda ko‘mirlar ajratiladi.Saralash kompleksi ko‘mir konidagi so‘nggi jarayonlardan biri, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Yuqorida guvohi bo‘lganingizdek, ko‘mirning yetti xil turi bo‘lsa, bu yerda ular saralanadi. Bu kompleksda bir kunda 24 soat davomida yetti ming tonna ko‘mir saralanib, iste’molchiga yetkaziladi. 

So‘nggi ma’lumotlardan kelib chiqib aytish mumkinki, Angren ko‘mir konida 1 mlrd 786 mln tonna ko‘mir zaxirasi mavjud. Agar ish hozirgidek davom etsa, 200 yillik zaxira mavjud deya olamiz. Bu maydonda ikki xil ko‘mir bor va bu pastki qatlamdagi ko‘mirlar. Ko‘mirlarning hajmi iste’molchining talabidan kelib chiqib yetkaziladi”, deydi Farrux Otajonov.

Ko‘mir konida tayyorlangan maxus reportajni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

Angren kuz-qish Ko'mir koni

Baholaganlar

266

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing