Toshkentda ayol chaqalog‘i va onasi bilan yerto‘lada yashab kelgan. Masalaga Senat aralashdi
Jamiyat
−
13 avgust 2020
18777Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasida yashab kelayotgan oila haqidagi videolavha keng muhokama qilinmoqda.
Unda aytilishicha, ko‘chada qolgan ona yordamga muhtoj bo‘lib, Sergeli tumanidagi “Yangi Choshtepa” mahallasi “O‘zar” ko‘chasi 14-uy yerto‘lasida uch oylik chaqalog‘i va onasi bilan birga yashab kelmoqda.
Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov hamda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nosirbek Abdullaxanov mazkur masalani joyiga chiqib o‘rgandi. Bu haqda yuqori palata Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 1996 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan fuqaro A.Inog‘omova poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida doimiy ro‘yxatda turadi. Biroq uyi yo‘qligi sababli onasi U.Inog‘omova bilan ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser nazoratida turadigan opasi N.Po‘latovaning Sergeli tumanidagi “Yangi Choshtepa” mahallasi “O‘zar” ko‘chasi 14-uyida istiqomat qilgan. Bir xonali uyda yashab turgan paytda yuzaga kelgan o‘zaro kelishmovchilik sabab opasi ularni uyidan haydagan. Oqibatda u uch oylik farzandi va onasi bilan yerto‘lada yashab turishga majbur bo‘lgan.
A.Inog‘omova Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligiga va boshqa bir qator tegishli idoralarga murojaat qilgan. Ammo hech qanday natija bo‘lmagan.
Oliy Majlis Senati a’zolari ushbu masala yuzasidan MFY raisi, mahalla faollari, profilaktika inspektori va boshqa mutasaddilar bilan suhbatlashdi hamda ularga tegishli ko‘rsatmalar bergan.
“A.Inog‘omovaning muammosi qonuniy ko‘rib chiqilishi uchun ma’lum muddat talab etilishi tabiiy. Shu bois, unga hozirda vaqtinchalik yashab turishi uchun ushbu hududdagi xonadonlardan birida sharoit yaratildi va ijara haqi to‘lab berildi”, deyiladi Senat xabarida.
Qayd etilishicha, mazkur masala senatorlar tomonidan nazoratga olingan va ijobiy hal etiladi.
LiveBarchasi