AOKA qoraqalpog‘istonlik jurnalistlar masalasiga aralashdi. Saidjonov qonun buzilganini aytyapti

Jamiyat

image

Avvalroq, qoraqalpog‘istonlik 3 nafar jurnalist yarim tunda prokuraturaga olib ketilgani haqida xabar bergan edik. Ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Musa Yerniyazovning vafot etgani haqidagi norasmiy xabar uchun idoraga olib borilgan.

Mazkur holatga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Dilshod Saidjonov o‘z munosabatini bildirdi. U vaziyat o‘rganib chiqilib, Bosh prokuratura va Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashiga murojaat kiritilganini ma’lum qildi.

“Shu kunlarda bir qator OAV va ijtimoiy tarmoqlarda “Repost.uz” nashri ma’lumotiga tayanib, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.T.Yerniyazovning vafoti haqida noto‘g‘ri axborot tarqatgan Makan.uz, Kruz.uz internet nashrlari hamda Kar24.uz veb-sayti xodimlari  Qoraqalpog‘iston prokuraturasi tomonidan tungi soat 1:00 da uyidan olib ketilib, tushuntirish xati yozishga majbur qilingani hamda noutbuk va mobil telefonlari olib qo‘yilgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi.

Agentlik o‘z vakolati doirasida ushbu vaziyatni o‘rganib chiqib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga yozma murojaat yubordi.

Mazkur murojaatda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 10, 14-moddalari, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 88-moddasi talablarini chetlab o‘tishgani alohida qayd etilib, jurnalistlarni so‘roq qilish zarurati paydo bo‘lganda JPKning 97-moddasiga asosan dastlab chaqiruv qog‘ozi yuborish tartibotiga amal qilish so‘raldi”, deydi Saidjonov.

AOKA rahbarining so‘zlariga ko‘ra, noto‘g‘ri xabar tarqatgan saytlarga xakerlik hujumi bo‘lganligi ham o‘rganilyapti. O‘z o‘rnida tahriryatlarga ham taqdimnoma jo‘natilgan.

“Shuni ham alohida ta’kidlashni istardikki, Makan.uz, Kruz.uz va Repost.uz (xaker hujumiga uchraganligi o‘rganilmoqda) Internet-OAV amaldagi qonunchilikka muvofiq e’lon qilinayotgan axborotning to‘g‘riligini tekshirib ko‘rmasdan qonunga zid harakat qilishgan. “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 7-moddasida OAV o‘zi tarqatayotgan axborotning haqqoniyligi uchun axborot manbai va muallifi bilan birgalikda javobgar ekani belgilangan. Shuning uchun Agentlik ularga tegishli taqdimnomalar jo‘natdi”, deya bildirib o‘tgan u.

Shu o‘rinda, jurnalistlarga bo‘layotgan tazyiq, Prezident siyosatiga zid ekani, bu o‘z navbatida mamlakatning xalqaro imijiga putur yetkazishi ta’kidlangan.

“Jurnalistlarga nisbatan o‘tkaziladigan har qanday tazyiq yoki bosim O‘zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosati hamda so‘z erkinligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Yuqoridagi kabi holatlarning sodir bo‘lishi O‘zbekistonning xalqaro imijiga putur yetkazishi hamda davlat organlariga nisbatan ishonchsiz munosabatlar vujudga kelishiga ham sabab bo‘lishi mumkin.

Shuning uchun, davlat organlari ham, OAV va blogerlar ham axborot sohasidagi qonunchilikka bo‘ysunishi shart, tomonlar o‘rtasida paydo bo‘ladigan har qanday nizoli vaziyat mavjud qonunlar, shuningdek, sud tizimi doirasida hal qilinishi zarur”, deb so‘zini yakunlagan Saidjonov.

Eslatib o‘tamiz, Musa Yerniyazov hozirda koronavirusdan davolanyapti. Uning koronavirusga chalingan 18 iyulda ma’lum bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Dilshod Saidjonov Musa Erniyazov

Baholaganlar

150

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing