Andijondagi fojia sabab IIBning 5 xodimi ishdan bo‘shatildi, 3 nafari qamaldi, 19 nafari jazolandi

Jamiyat

image

Kecha, 13 iyun kuni Andijondan kelgan mash’um xabar butun O‘zbekistonni larzaga soldi. Ichki ishlar bo‘limi ma’muriy binosida Jinoyat qidiruv bo‘limi vakillari tomonidan shafqatsizlarga qiynoqqa solingan fuqaro A.Abdukarimov shifoxonada jon bergani ma’lum bo‘ldi. Holat bo‘yicha ma’lumot bergan Bosh prokuratura uch nafar Ichki ishlar xodimi qamoqqa olingani va jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini bildirdi.

Bugun, 14 iyun kuni Ichki ishlar vazirligi tizimda yuz bergan odamgarchilikka to‘g‘ri kelmaydigan, shafqatsizlik bo‘yicha bayonot berdi.

"Joriy yilning 30 may kuni Andijon shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 4-sonli ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan, ish yurituvidagi ariza yuzasidan ichki ishlar bo‘limiga olib kelingan fuqaro A. Abdukarimov Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Andijon filialiga yotqizilgan va vrachlar tomonidan ko‘zdan kechirish davomida uning badanida og‘ir tan jarohatlari mavjudligi aniqlangan. Unga shifokorlar tomonidan zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lishiga qaramasdan, A.Abdukarimov 11 iyun kuni vafot etgan.

Holat yuzasidan Andijon shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tergov harakatlari davomida, uch nafar ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 206, 234 va 235-moddalari bilan ayb e’lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha prokuratura organlari tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushbu fuqaroga nisbatan noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilganligi, hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatish holatlariga yo‘l qo‘yilganligi tergov jarayonida o‘rganiladi.

Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan zudlik bilan xizmat tekshiruvi tayinlanib, o‘tkazilgan tekshiruv xulosasiga ko‘ra, fuqaro A.Abdukarimovning ichki ishlar bo‘limida noqonuniy ushlab turilganligi va boshqa noqonuniy holatlar bo‘yicha bir qator xodimlarga nisbatan keskin intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan.

Xususan, Andijon shahar IIO FMB 4-son ichki ishlar bo‘limi jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakillari katta leytenant F.Husanboyev, katta leytenant E.Rayimjonov va katta leytenant Q.Qodirov ichki ishlar organlaridan bo‘shatilgan. Andijon shahar IIO FMB boshlig‘i podpolkovnik S.Usmanov va Andijon shahar IIO FMB 4-sonli ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik P.Mamajonovlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etilgan. Bundan tashqari, 19 nafar rahbar va xodimlarga turli ko‘rinishdagi qat’iy intizomiy tartibdagi jazolar qo‘llanilgan.

Inson huquqlarini himoya qilishdek muqaddas burchiga xiyonat qilgan hech bir xodim kechirilmaydi. Yuzaga kelgan mazkur holat bo‘yicha vakolatli organlar tomonidan adolatli tergov-surishtiruv ishlari amalga oshiriladi hamda qonun ustuvorligi va jinoyatga jazo muqarrarligi ta’minlanadi", deyiladi vazirlik bayonotida.

O‘zbekistonda tergov organlarida qiynoqqa solishlar bugun yoki kecha paydo bo‘lgan emas. Tergov organlaridagi qiynoq masalasida saytimizda ham jiddiy jurnalistik surishtiruv natijalari e’lon qilingandi. “Maxsus film: Bosh prokuraturadagi dahshatli qiynoqlar (18+)” nomli maqolada “Bekobod metallurgiya ishi” jinoiy ishi bo‘yicha bo‘yicha 30 dan ortiq fuqarolar jinoyat kodeksining talon-toroj qilish va boshqa moddalari bilan ayblangani va ular Bosh prokuratura binosida ayovsiz tahqirlangani hamda qiynoqqa solingani haqida so‘z yuritilgan.


Maqola muallifi

Teglar

qiynoq

Baholaganlar

568

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing