Janob Prezident, niqob taqib oling (fotoreportaj)

Olam

image

Koronavirus pandemiyasi bilan  kurashda eng katta bosim davlat rahbarlariga tushishi tabiiy hol. Ularning topshiriq va qarorlari kasallik bilan kurashishda muhim o‘rin tutadi. 

Ushbu kurash vaqtida mamlakatlarning fuqarolari yuzida tibbiy niqob ko‘rish odatiy holga aylandi. Lekin davlat rahbarlari ham ushbu himoya vositalaridan foydalanishyaptimi? Ular o‘z salomatligi haqida qanchalik qayg‘uradi? Keling, bir qancha davlat rahbarlarining ushbu tibbiy vosita bilan munosabatlarini ko‘rib chiqsak.

Joriy yilning 10 mart kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin koronavirus pandemiyasi boshlangan shahar - Uxanga tibbiy niqobda tashrif buyurdi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev hozirda deyarli barcha chiqishlarida tibbiy niqob bilan ko‘rinish bermoqda. U ilk bor joriy yilning 19 mart kuni Jibek yo‘li qishlog‘idagi 6-sonli nazorat-o‘tkazish punktini ko‘zdan kechirish vaqtida tibbiy niqobda namoyon bo‘lgan edi.

Zuzana Chaputova Slovakiyaning birinchi ayol Prezidenti. U elchilarni qabul qilish marosimida o‘ziga hos tibbiy niqob bilan ilk bor nomoyon bo‘ldi.

Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron OAVga deyarli niqobsiz ko‘rinish bersa-da, alohida vaziyatlarda tibbiy niqob kiymoqda.

Ukraina Respublikasi Prezidenti Vladimir Zelenskiy Oliy Radadagi yig‘ilishlarda niqob kiyishni boshladi. Sobiq qiziqchi elchilarni qabul qilish marosimlarida ham bu odatni kanda qilmayapti.

Gruziya Respublikasi Prezidenti Salome Zurabishvili ajoyib xarakterga ega rahbarlardan biri. Suratda u avtobuslarning birida tibbiy niqob kiyib shahar kezmoqda.

Demak hali niqob bilan ko‘rinish bermagan davlat rahbarlari ro‘yxatini Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin boshlab beradi. U hali tibbiy niqobda OAVga o‘zini namoyish qilmadi. Lekin Moskva markaziy shifoxonalarining biriga tashrifi davomida u maxsus himoya kiyimini kiyib oldi.

Germaniya Federativ Respublikasining Kansleri Angela Merkel pandemiya vaqtida karantinda bo‘lib qaytishga ulgurdi. Merkel xonim tibbiy niqob taqmasa ham o‘zaro masofa saqlash va qo‘l berib ko‘rishmaslik qoidalariga amal qilmoqda.

AQSH Prezidenti Donald Tramp, hatto, Oq uyda o‘tgan jurnalistlar bilan uchrashuvda tibbiy niqob kiymayapti. U jurnalistlarga niqob taqishni xohlamasligini aytgan

Rajab Toyib Erdo‘g‘an boshqarayotgan Turkiyada ahvol havas qilarli darajada emas. Mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 75 mingdan oshdi. Lekin shu paytgacha davlat rahbari tibbiy niqob bilan namoyon bo‘lmadi.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson koronavirusni boshdan o‘tkazgan kamdan-kam rahbarlardan biri. Hozircha uning ahvoli yaxshi ekanligi aytilmoqda. Koronavirusga chalingan bo‘lsa ham biron marta tibbiy niqob kiyganini ko‘rmadik.

Qo‘shni Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov pandemiya vaqtida jamoatga kam ko‘rinish berayotgan rahbarlardan biri. Lekin uning qabuliga kiruvchular ushbu shaxsiy himoya vositasidan foydalanmoqda.

Italiya hukumati rahbari Juzeppe Konte o‘zi boshqarayotgan davlatni koronavirus inqirozidan qutqarib qolish uchun bor imkoniyati bilan harakat qilmoqda. Afsuski, Italiya hozircha eng ko‘p o‘lim qayd etilgan davlatlardan biri bo‘lib turibdi. Davlat rahbarining ishi ko‘pligidan tibbiy niqob kiyishni unutayotgan bo‘lsa, ne ajab.

Eron Islom Respublikasida ishlar ancha yaxshi. U Xitoydan keyin koronavirus ustidan qozonilgan g‘alabani nishonlaydigan davlat bo‘lishga yaqin turibdi. Hali koronavirusdan sog‘aymagan bemorlar soni ancha. Lekin mamlakat koronavirus bilan kasallanishning cho‘qqisini allaqachon boshdan o‘tkazdi. Mamalakat Prezidenti Hasan Ruhoniy esa sog‘ayayotgan bemorlarni ko‘rgani tibbiy niqobsiz bormoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Tibbiy niqob

Baholaganlar

232

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing