O‘zbekistonda advokatura sohasida “inqilob” bo‘lishi kutilmoqda

Tahlil

image
16 ming amerikalik o‘limi uchun Xitoy aybdor  – AQSH senatori north_east

16 ming amerikalik o‘limi uchun Xitoy aybdor  – AQSH senatori

“Niqob taqmagan edim”. AQSHdagi o‘zbek oilasi koronavirusga chalingani haqida so‘zlab berdi north_east

“Niqob taqmagan edim”. AQSHdagi o‘zbek oilasi koronavirusga chalingani haqida so‘zlab berdi

Kecha, 10 aprel kuni loyihalar portaliga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Advokatura institutini yanada takomillashtirish va advokatlar maqomini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Unda Adliya vazirligining advokatura institutiga nisbatan nazorat va boshqarish vakolatlarini bekor qilishni hamda kasbga qabul qilinish masalasini ham o‘z ichiga oluvchi advokatlar faoliyatini tartibga solishni Advokatlar palatasiga to‘liq ravishda o‘tkazilishi belgilanmoqda.

Sudlar va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat xizmatlari markazlari binolarida advokatlarga bepul taqdim etish asosida ularning kasbiy faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun sharoit yaratish hamda aholining malakali yuridik yordamga kirishini ta’minlash maqsadida alohida xonalar ajratiladi. O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasiga Toshkent shahri va viloyatlar markazlarida fuqarolar murojaat qilishlari uchun qulay bo‘lgan sud yoki prokuratura markaziy organlari joylashgan joylarda o‘z faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan binolar va xonalar bepul asosda taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining qonun ijodkorligi faoliyatidagi majburiy ishtirokini qonuniy mustahkamlash, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi raisiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi yig‘ilishlarida ishtirok etish huquqini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga ko‘rib chiqish uchun masalalar kiritish huquqini berish ko‘zda tutilyapti. O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi vakili majburiy ravishda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi a’zoligiga jamoatchilik asosida kiritiladi.

2020 yil 1 sentyabrdan nimalar joriy qilinadi?

Advokat bo‘lishni istagan shaxslar uchun advokatlik tuzilmalarida majburiy uch oylik stajirovka muddati saqlangan holda, yuridik mutaxassislik bo‘yicha ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lish to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi. Advokat so‘roviga advokat orderi nusxasini ilova qilish to‘g‘risidagi talab hamda so‘rovda advokatlik sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni kiritish to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi hamda bir vaqtning o‘zida so‘rovga advokat guvohnomasining ma’lumotlarini kiritish talabi joriy qilinadi.

“Yagona darcha” tamoyili asosida quyidagilarni nazarda tutuvchi advokatlik tuzilmalarini va yuridik maslahatxonalarni ro‘yxatga olish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Shu jumladan:

  • advokatlik tuzilmalari va yuridik maslahatxonalarni ro‘yxatga olish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish va tugatishni amalga oshirish Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshiriladi;
  • advokatlik tuzilmalarini ro‘yxatga olganlik uchun davlat boji miqdorini o‘zi kelib murojaat qilganda BHMning 1 baravarigacha, elektron ko‘rinishda murojaat qilganda boj BHMning 50 foizigacha kamaytiriladi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari ular tomonidan tashkil etiladigan yuridik maslahatxonalarni hisobga qo‘yish uchun davlat bojidan ozod etiladi;
  • advokatlik tuzilmalarini ro‘yxatga olish va yuridik maslahatxonalarni hisobga qo‘yish to‘g‘risidagi arizalar ikki kunlik muddatda ko‘rib chiqiladi.

Adliya organlarining advokatlik tuzilmalari tomonidan ta’sis hujjatlariga, ustav faoliyatiga, ro‘yxatga olish, qayta tashkil etish va tugatish tartibiga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshirish vakolatlari, shu jumladan, ro‘yxatga olish tartibini buzganlik va advokatlik tuzilmalarining ta’sis hujjatlari talablariga rioya etmaganliklari uchun jarimalar undirish bo‘yicha vakolatlari bekor qilinadi. Advokatlik tuzilmalari tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq stavkasi 5 foizgacha pasaytiriladi.

Advokatlik tuzilmalari tomonidan naqd pulsiz ko‘rinishda amalga oshirilgan quyidagi to‘lovlar advokatning jami daromadiga kirmaydi:

  • advokatlar malakasini oshirish hamda advokatlarning ta’limi va kasbiy tayyorgarligi bilan bog‘liq boshqa xarajatlar;
  • O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasiga kirish va a’zolik badallari;
  • advokatning hayoti, sog‘lig‘i va fuqarolik javobgarligining sug‘urtasi bo‘yicha xarajatlar;
  • advokatning xizmat safari xarajatlarining yoki xizmat safari bilan bog‘liq kompensatsiya to‘lovlarining to‘liq hajmi;
  • advokat yoki uning oila a’zolarining sanatoriy-kurort davolanishi, dam olishi, statsionar va ambulator davolanishi uchun xarajatlar, shuningdek, ularni qoplab berish qiymati;
  • maktabgacha ta’lim muassasalari, umumta’lim muassasalarida advokat bolalarining ta’limi, ta’minoti bo‘yicha xarajatlar;
  • O‘zbekiston Respublikasidagi o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari va oliy o‘quv yurtlaridagi (o‘zi, shuningdek, farzandlari yoki turmush o‘rtog‘i – yigirma olti yoshgacha) ta’lim bo‘yicha xarajatlar;
  • advokatlarning o‘n olti yoshgacha bo‘lgan bolalari uchun (o‘qiydiganlar – o‘n sakkiz yoshgacha) O‘zbekiston Respublikasida joylashgan bolalar oromgohlari va boshqa sog‘lomlashtirish oromgohlariga yo‘llanmalar bo‘yicha xarajatlar.

O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasiga advokatlarning kasbiy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan da’volarni sudlarga davlat bojini to‘lamasdan kiritish, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari, mansabdor shaxslar va boshqa shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish huquqi beriladi.

Advokat sudlar, boshqa barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va nodavlat organlari, muassasalari va tashkilotlari binolariga ish vaqtida o‘zining kasbiy faoliyatini amalga oshirishidagi zaruriyat sababli hech bir to‘sqinliksiz (faqat advokat guvohnomasini taqdim etish bilan) kirish huquqiga ega.

Advokat o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan kompyuter, elektron, mobil va boshqa aloqa qurilmalarini hamda texnika vositalarini sudlar, boshqa barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va nodavlat organlari, muassasalari, tashkilotlari binolariga to‘sqinliksiz olib kirish huquqi bor.

Advokatlar advokat so‘rovi bo‘yicha davlat organlari va boshqa organlar,  shuningdek, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan advokatning malakali yuridik yordam ko‘rsatishi uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlar, axborotlar, ma’lumotnomalar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlar taqdim etilganligi uchun davlat boji va boshqa barcha to‘lovlarni to‘lashdan  ozod etiladi.

Advokatlik kasbining obro‘sini oshirish hamda sudlov ish yurituvining ayblov tarafga og‘ishini istisno etishni, qonunlarga qat’iy rioya qilishni, fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasini hamda sud protsessida tortishuv tamoyilini ta’minlovchi zamonaviy va xaqiqatdan mustaqil bo‘lgan, har tomonlama kasbiy va xayotiy tajribaga ega bo‘lgan sudyalik korpusini shakllantirish maqsadida, 2025 yil 1 yanvardan sudyalikka nomzodlarga qo‘yiladigan majburiy talablardan biri bo‘lib, advokat sifatida ikki yildan kam bo‘lmagan ish stajining mavjud bo‘lishi belgilanadi.

Loyiha muhokamasi 25 aprelga qadar davom etadi. Saytga kirib o‘z takliflaringizni bildirishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Advokat imtiyoz

Baholaganlar

255

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing