Endi o‘qituvchilarning farzandlariga ham imtiyoz beriladi
Jamiyat
−
29 Sentabr 2023
43260O‘zbekistonda o‘qituvchilarning farzandlari davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga imtiyozli ro‘yxatga asosan qabul qilinishi belgilanmoqda. Bu haqda bugun, 29 sentyabr kuni Oliy majlis Senatining qirq beshinchi yalpi majlisi kun tartibidan o‘rin olgan va senatorlar tomonidan ma’qullangan “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi.
Mazkur qonunga o‘qituvchining o‘z kasbiy faoliyatini amalga oshirish chog‘ida pedagogning kasbiy faoliyatiga aralashish, uni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish, kuz-qish davrida va ishlanmaydigan bayram kunlarida ta’lim tashkilotida navbatchilikka jalb etish, o‘qituvchining zimmasiga tovarlar va xizmatlarni sotib olish majburiyatini yuklash, shu jumladan, lavozim maoshidan uning roziligisiz tovarlar va xizmatlar uchun mablag‘ ushlab qolish kabi holatlarning taqiqlanishi kiritilmoqda.
“2022 yilda umumiy o‘rta ta’lim tizimida 52 nafar pedagog boshqa ishlarga jalb etilgan, 1 555 nafari majburiy obuna qilingan, 4 195 nafarining ish haqidan mablag‘lar ushlab qolingan”, degan qonun muhokamasi chog‘ida Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov.
Bundan tashqari, mazkur qonun bilan pedagogning mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha qoidalar mustahkamlanmoqda. Unga ko‘ra, mehnatning alohida sharoitlarida, respublikaning olis hududlarida hamda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarida ishlaydigan pedagogga ustamalar belgilash nazarda tutilgan. Fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) uchun bazaviy lavozim maoshining 30 foizigacha, fan doktori (DSc) va professor ilmiy unvoniga ega pedagoglar uchun bazaviy lavozim maoshining 60 foizigacha har oylik ustama to‘lanishi qonunda alohida ko‘rsatilgan.
Shuningdek, qonunda o‘qituvchilarni ijtimoiy himoya qilish kafolatlari ham nazarda tutiladi. Xususan, pedagoglar uchun qisqartirilgan ish vaqti, davomiyligi ko‘pi bilan ellik olti kalendar kundan iborat bo‘lgan haq to‘lanadigan har yilgi asosiy uzaytirilgan mehnat ta’tili belgilanadi. Ularga respublikaning olis hududlarida uy-joylarni ijaraga olganlik uchun har oylik kompensatsiya to‘lanishi, davlat sog‘liqni saqlash muassasalarida muallimlarni majburiy bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish belgilanmoqda.
Senatorlar mazkur qonunning qabul qilinishi pedagog xodimning jamiyatdagi maqomini yuksaltirish, uning faoliyati bilan bog‘liq huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarni tartibga solish va kasbiy kamol topishi uchun sharoit yaratish hamda huquqiy kafolatlarni ta’minlashga xizmat qilishini aytgan.
“Muhim qonun. Kutilgan qonun. Biz bugun bir millat, bir davlat bo‘lib o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishishda, aynan ta’lim-tarbiya strategik ahamiyatga ega. Bugungi kunda mamlakatimizdagi maktabgacha, umumiy o‘rta va oliy ta’lim muassasalarida jami 640 ming nafardan ziyod o‘z ishining jonkuyari bo‘lmish pedagoglar faoliyat olib bormoqda. Qonun birinchi navbatda ana shu millat fidoyilarining haq-huquqlarini, jamiyatdagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, qolaversa ular orqali millionlab farzandlarimizni qamrab olgan ta’lim dargohlarida ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlashga, ta’lim-tarbiya sifati oshishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Mazkur qonun pedagog maqomini huquqiy jihatdan mustahkamlashi barobarida, ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashga oid ishlarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonamiz”, degan Senat raisi Tanzila Norboyeva.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq iqtisodchi Otabek Bakirov imtiyozlar tartibga solinishi emas, tugatilishi kerakligini aytgandi.
LiveBarchasi