Adliya ishi: “Qishloqqurilishbank” aytdi ham, qaytdi ham
Tahlil
−
06 dekabr 2019
10497Kecha QALAMPIR.UZ saytida “Adliya vazirligining ishi “Karib dengizi qaroqchilari” filmidagi sahnani eslatdi” nomli maqola e’lon qilgandik. Bunga Adliya vazirligi qolib ATB “Qishloq qurilish bank” Axborot xizmati munosabat bildiribdi. Unda shunday deyilgan:
“ATB “Qishloq qurilish bank” tomonidan “Constant Trading” MCHJga kredit berilib, ushbu kredit ta’minoti sifatida jamiyatga tegishli ko‘chmas mulk garovga olingan.
Mazkur korxona mol-mulki bilan bog‘liq nizo 2019 yil 18 iyulda Farg‘ona shahar ma’muriy sudida va 2019 yil 29 avgustda viloyat ma’muriy sudida ko‘rib chiqilib, “Constant Trading” MCHJning mulk huquqiga doir hujjatlarni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi qarorlari qabul qilingan.
Ushbu xususiylashtirilgan ko‘chmas mulk bo‘yicha xususiylashtirish natijalarini bekor qilish bo‘yicha Oliy sudda ish ko‘rib chiqilayotgan vaqtda, ushbu masalada tushuntirish berishni so‘rab bank tomonidan joriy yilning 21 oktyabrida Adliya vazirligiga murojaat qilindi.
Adliya vazirligi ATB “Qishloq qurilish bank”ning murojaatini ko‘rib chiqib, joriy yilning 25 oktyabrida amaldagi qonunchilikka ko‘ra davlat mulkini xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilishi va bekor qilinishi mumkin emasligini haqida o‘z munosabatini bildirdi.
Oliy sudda ish 2019 yil 1 noyabrda ko‘rib chiqilib, “Constant Trading” MCHJ foydasiga hal etildi.
“Constant Trading” MCHJning mulki Farg‘ona shahar hokimining 2019 yil 19 sentyabrdagi 965-sonli qarori bilan mulk samarasiz foydalanilayotganligi va bo‘sh turganligi vaji bilan shahar hokimligi zaxirasiga olinganligi aniqlandi.
Mazkur holat bo‘yicha “Constant Trading” MCHJning xorijiy hamkori bo‘lgan “Alpha International Consultancy DMCC” tomonidan Adliya vazirligiga joriy yil 27 noyabr kuni murojaat qilinib, hokimning qarorini bekor qilishda amaliy yordam so‘ralgan.
Adliya vazirligi xususiy mulk huquqi buzilishiga sabab bo‘lgan Farg‘ona shahar hokimining ushbu qarorini bekor qilish bo‘yicha joriy yilning 30 noyabr kuni Farg‘ona shahar hokimiga taqdimnoma kiritdi.
Qayd etish kerakki, mazkur taqdimnoma yuzasidan Adliya vazirligining bayonoti ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi boshqa mansabdor shaxslar bu kabi holatlarga kelgusida yo‘l qo‘ymasligiga bo‘lgan chaqiriq hisoblanadi.
Bevosita Adliya vazirligining ko‘rsatgan yordami bilan anchadan buyon hal bo‘lmayotgan mazkur muammoli vaziyat o‘z yechimini topdi va “Constant Trading” MCHJning xususiy mulkka egalik huquqi tiklandi.
Bizga ma’lum bo‘lishicha, vazirlik tomonidan butun respublikada bu kabi holatlar tahlil qilinib, yuqori tashkilotlarga tegishli choralar ko‘rish to‘g‘risida takliflar kiritilgan. Qayd etish lozimki, Adliya vazirligi mazkur nizoli ish bo‘yicha sud ishlariga umuman jalb etilmagan va sud majlislarida ishtirok etmagan.
ATB “Qishloq qurilish bank” va “Constant Trading” MCHJ ushbu nizo yuzasidan xolisona o‘z munosabatini bildirgani, ko‘rsatgan amaliy yordami uchun Adliya vazirligiga, nizoning adolatli ko‘rib chiqilgani uchun Oliy sudning ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atiga va Quva tuman ma’muriy sudiga o‘z minnatdorchiligini bildiradi”.
Bu bayonot ATB “Qishloq qurilish bank”ning Telegram messenjerida e’lon qilinganda unda shunday jumlalar ham bo‘lgandi:
“Shu bilan birga, qalampir.uz veb-sayti tahririyatidan va boshqa ommaviy axborot vositalaridan mazkur masalaga daxldor tashkilotlar va shaxslarning roziligisiz turli xil noxolis axborotlar tarqatmasligini so‘rab qolamiz”.
Biroq, aynan shu qism mazkur voqeadan biroz o‘tgach, o‘chirilgan. Eng qizig‘i, jamiyat va bank o‘rtasida kelishilib imzolanilgan qo‘shma bayonotda ham bu qism bo‘lmagan.
Bundan tashqari, aynan Adliya vazirligiga qaratilgan savollar yana ochiq qolmoqda. Nega jamiyat ishonchli vakilining Adliya vazirligining 1008 ishonch raqamiga yo‘llagan murojaati yerda qolib ketdi? Nega Adliya vazirligi 30 noyabr sanasida kiritgan taqdimnomasini 4 dekabr sanasida e’lon qildi? Sud qarori 3 dekabr kunida tushlikdan so‘ng qabul qilingandi. Nega aynan ish sudda ko‘rib bo‘linguncha kutildi? Yoki sud qarori hokimlik foydasiga hal etilganda, bu bayonot e’lon qilinmasmidi?
Aynan shu kabi muammolarga vazirlik tomonidan tegishli tashkilotlarga kiritilgan taqdimnomalar soni qancha? Nega shu kabi kiritilgan taqdimnomalar o‘z vaqtida e’lon qilib borilmayapti? Ochiqlik va oshkoralik siyosatining asosiy lokomativi bo‘lgan Adliya vazirligi boshqalarga bu borada o‘rnak bo‘ladi, degan umiddamiz.
Adliya vazirligi nega jim? Xolbuki, QALAMPIR.UZ’ga nisbatan ijtimoiy tarmoqlarda ayrimlar tomonidan allaqachon “noxolislik” tamg‘asi yopishtirilyapti. Biz rasmiy bayonotni kutishda davom etamiz.
LiveBarchasi