Endi uylar davlat tomonidan emas, to‘liq xususiy sektor tomonidan quriladi

Jamiyat

image

Keyingi yildan boshlab, aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida yangi tizim joriy etiladi. Endi uylar davlat tomonidan emas, to‘liq xususiy sektor tomonidan quriladi. Bu haqda bugun, 22 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan qishloqlar va shaharlarda aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘z borgan. 

Davlat aholiga ipoteka kreditlarini maqbul sharoitlarda berish orqali uy-joyga talabni qo‘llab-quvvatlaydi. Ipoteka kreditlari berish uchun resurslar miqdori banklar va hududlar bo‘yicha cheklanmaydi.

Bu tizim taklif sifatida joylarda muhokama qilinganda, barcha quruvchi-tadbirkorlar uni ijobiy qabul qilgan. Aholining kredit olish imkoniyati kengaytirilsa, narxi hozirgilaridan baland bo‘lmagan, lekin sifati yaxshi uylar qura olishini bildirgan. 

Aholini munosib turar joy bilan ta’minlash maqsadida oxirgi uch yilda 104 mingta, jumladan, qishloqlarda 63 mingta va shaharlarda 41 mingta xonadonga mo‘ljallangan arzon uy-joylar foydalanishga topshirildi.

Shunga qaramay, bu o‘sib borayotgan aholining talabini to‘liq qondirish uchun yetmayapti. Buni joriy yilning 9 oyida Xalq qabulxonalariga uy-joy masalalari bilan bog‘liq 36 mingdan ziyod murojaat bo‘lganidan anglash mumkin.

Ko‘pchilik uyining sifati talabga javob bermasligidan norozi. Qishloqlarda qurilgan ayrim mavzelar muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanmagan. Ba’zi uylar sotilmay qolgan, ba’zilarining esa krediti to‘lanishi muammoli. 

Bu kabi kamchiliklarning sababi shundaki, arzon uylarning barqaror moliyaviy manbasi mavjud emas va asosan byudjet mablag‘lariga bog‘lanib qolgan. Tizimda raqobat to‘la shakllanmagan va xususiy sektor ishtiroki yetarli emas.

Xalqaro tashkilotlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi ehtiyojini to‘la qondirish uchun har yili 145 ming xonadondan iborat uylar qurish kerak. Buning uchun yiliga qariyb 30 trillion so‘m mablag‘ zarur bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Uy-joy

Baholaganlar

50

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing