Shaharlarda uy-joy qurilishi bo‘yicha yangi tartib belgilandi

Jamiyat

image

Avvalroq, keyingi yildan boshlab, aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida yangi tizim joriy etilishi, endi uylar davlat tomonidan emas, to‘liq xususiy sektor tomonidan qurilishi haqida xabar bergan edik. Prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda, endilikda shaharlarda uy-joy qurilishi quyidagi tartibda amalga oshirilishi belgilangan: 

Birinchidan, tadbirkorlik sub’ektlari o‘z mablag‘i va jalb qilingan mablag‘lar hisobidan poytaxt va shaharlarda yangi tartib asosida 13 ming 750 ta kvartirali turar joylar qurilishini amalga oshiradi. Bunday imorat va majmualar loyihasi ham tadbirkorlar tomonidan mustaqil tayyorlanadi.

Ikkinchidan, uy-joy qurish uchun yer maydonlari auksion orqali ajratiladi. Ularni suv va kanalizatsiya tarmoqlariga ulash, avtomobil yo‘llari qurish tadbirkorlik sub’ektlari hamda respublika va mahalliy byudjet mablag‘laridan moliyalashtiriladi.

Uchinchidan, banklar o‘rtasida sog‘lom raqobat bo‘lishi uchun Moliya vazirligi endilikda uylarni xarid qilishga ipoteka krediti bo‘yicha qariyb 3 trillion so‘mga yaqin davlat resurslarini auksion asosida banklarga ajratadi.

Bundan tashqari, ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tashkil etilib, unga Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari jalb qilinadi, ushbu mablag‘lar ham yangi qurilgan uy-joylarni sotib olishga ipoteka krediti ajratish uchun banklarga qo‘shimcha resurs sifatida joylashtiriladi.

To‘rtinchidan, aholining kam ta’minlangan qatlamini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi, eng muhimi, aniq manzilli tizim joriy etiladi. Buning uchun shaharlarda 10 ming 800 ta ehtiyojmand oilaga uyning boshlang‘ich badali va kredit foiz xarajatlarini to‘lashi uchun byudjetdan subsidiya ajratiladi. Ushbu subsidiyalar orqali Toshkent shahrida 12 foiz, boshqa hududlarda 10 foizdan yuqori kredit foizlari hamda boshlang‘ich badali qoplab beriladi.

Yig‘ilishda mutasaddi vazirlik va tashkilotlar rahbarlariga yangi tartibda quriladigan uy-joylar uchun yer maydonlarini tanlab, auksionga chiqarish, kreditning yuqori chegarasini hisoblash uchun uylarning bozor qiymati asosidagi o‘rtacha narxini belgilash bo‘yicha topshiriqlar berildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Uy-joy

Baholaganlar

78

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing