Bosh vazir matbuot sohasida videoselektor o‘tkazdi

Jamiyat

image

Bugun, 30 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida Vazirlar Mahkamasida davlat organlari matbuot xizmatlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan selektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Prezidentning 27 iyun kuni qabul qilingan matbuot xizmatlarini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorining ahamiyati, ayniqsa, jahonda kechayotgan axborot qarama-qarshiligi sharoitida ularning birinchi manba sifatidagi roli, davlat axborot siyosatini amalga oshirishdagi mavqeini yuksaltirish muhim ekani ta’kidlangan. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida xabar bermoqda.

"Prezidentning ushbu qarori davlat organlari tomonidan qay darajada ijro etilayotgani, ochiqlik va OAV bilan muloqot qilishning zarurligi joylarda naqadar chuqur anglanayotganiga alohida e’tibor qaratdik.

Yig‘ilishda davlat organlarining axborot faoliyatidagi kamchiliklari ko‘rsatib o‘tildi, matbuot xizmatlarining ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlardagi ishtiroki sustligi qayd etildi. Natijada davlat organlari katta ishlarni amalga oshirayotganiga qaramay, olib borilayotgan islohotlarning mohiyati hamda Prezident va hukumat qabul qilayotgan qarorlar ahamiyati to‘g‘risidagi axborotni, ular berayotgan bayonotlarning asosiy mazmuni ichki va xorijiy auditoriyaga to‘liq yetkazilishi ta’minlanmayapti", deb yozadi Mirziyoyeva.

Yig‘ilish yakunida Axborot sohasidagi yagona davlat siyosati konsepsiyasini tez fursatda qabul qilish, matbuot xizmatlarining media makonidagi ishtirokini kengaytirish, ular huzurida ekspertlar va jurnalistlar guruhlarini tashkil etish, rezonansli voqealar ro‘y berganda davlat organlari rahbarlarining tezkor chiqishlarini uyushtirish, shuningdek, aholini qisqa fursatlarda xabardor qilish masalasiga e’tiborsiz bo‘layotgan mansabdor shaxslarga nisbatan chora ko‘rish mexanizmini ishlab chiqish yuzasidan takliflar bildirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulla Aripov Saida Mirziyoeva

Baholaganlar

30

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing