Ham sayohat, ham siyosat. 2023 yilda Mirziyoyevning samolyoti qayerlarga uchdi?

Tahlil

Sayohat qilishni yaxshi ko‘rmagan odam bo‘lmasa kerak. Qani endi, chiptani shartta olsam-u, dunyo kezsam deb qo‘yaman o‘zimga o‘zim. Sayohat qilish yaxshida. Dunyo ko‘rasan, odamlar bilan tanishasan. Shunchaki maza qilib aylanasan. Lekin yil bo‘yi u davlatdan bu davlatga boradiganlarni hammasi ham sayohat qilmaydi. Ular davlat tashrifi bilan safarga chiqishadi. Masalan prezidentlar. 

O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2023 yili xorijiy safarlarga boy bo‘ldi. Lekin bu istalganidek sayohat qilish imkoni paydo bo‘ldi, degani emas. Safarda aniq maqsad va belgilangan kun tartibiga amal qilinadi. Tashriflar davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi muhim masalalar ko‘rib chiqiladi. Yaxshisi keling, tugab borayotgan 2023 yilda Shavkat Mirziyoyev qancha yo‘l yurganini hisoblab chiqamiz.

2023 yil – yanvar

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2023 yildagi ilk davlat tashrifi 17-18 yanvar kunlari Singapurga bo‘lgan edi. U yerda oliy darajadagi tadbirlar – mamlakat Prezidenti Halima Yaqub va Bosh vaziri Li Syan Lun bilan muzokaralar o‘tkazilgan. Shunday qilib, davlat rahbari yangi yildagi ilk tashrifi doirasida Toshkentdan Singapurga borib 5629 km yo‘l yurgan.

Keyingi safar Bishkekka. 26-27 yanvar kunlari Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahriga rafiqasi, O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva bilan borgan O‘zbekiston rahbari Toshkentdan Bishkekka borib, 477 km yo‘l yurgan.

2023 yil – fevral

Shavkat Mirziyoyevning fevral oyidagi ilk rasmiy tashrifi 20-21 fevral kunlariga to‘g‘ri keladi. U aynan shu sanalarda Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh As-Sisining taklifiga binoan Qohiraga borgan. Tashrif davomida O‘zbekiston-Misr munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqilgan. Toshkent-Qohira yo‘nalishi bo‘ylab uchgan Shavkat Mirziyoyev 3620 km yo‘l bosgan.

2023 yil – mart

Mart oyidagi ilk safar Ozarbayjonga bo‘lgan. Prezident Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 1 mart kuni poytaxt Bakuga borgan Mirziyoyev 1626 km yo‘l yurgan.

Ozarbayjondan kelib, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning taklifiga binoan Chimkent shahriga borgan O‘zbekiston rahbari Toshkent-Chimkent yo‘nalishida parvoz qilib 119 km yo‘l yurgan.

Mart oyining so‘nggi tashrifi 15 mart kuni Turkiyaning Anqara shahriga bo‘lgan. Anqarada Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashuv o‘tkazgan Shavkat Mirziyoyev Toshkent-Anqara yo‘nalishida parvoz qilib 3051 km yo‘l yurgan.

2023 yil – may

May oyidagi ilk safar 2-4 may kunlari Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning taklifiga binoan poytaxt Berlinga bo‘ldi. Bu safarga O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva bilan birga borgan Mirziyoyev 4303 km yo‘l yurgan.

O‘zbekiston rahbarining may oyidagi safarlari shu bilan tugamadi. U amaliy tashrif bilan 8-9 may kunlari Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 78 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etish uchun Rossiya Federatsiyasiga bordi. Toshkent Rossiya orasidagi masofa esa 2958 kmni tashkil etadi.

O‘zbekiston Prezidentining may oyidagi so‘nggi tashrifi 18-19 may kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga bo‘ldi. Xitoyga davlat tashrifi bilan borgan Mirziyoyevga rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva hamrohlik qildi. U yerda Prezident “Markaziy Osiyo — Xitoy” formatidagi sammitda ishtirok etgan va 3182 km yo‘l bosgan.

2023 yil – iyun

O‘zbekiston rahbarining iyun oyidagi ilk safari Qirg‘izistonning turistik shaharlaridan biri bo‘lgan Cho‘lponotaga bo‘ldi. 2 iyun kuni “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” ikkinchi sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Cho‘lponota shahriga borgan davlat rahbari 780 km yo‘l yurgan.

Turkiya Prezidentining inauguratsiya marosimida ishtirok etish uchun 3 iyun kuni Turkiyaning Anqara shahriga borgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3051 kmni bosib o‘tgan.

Iyun oyidagi keyingi tashrif 7 iyun kuni Italiyaga bo‘lgan. Rasmiy tashrif bilan Italiyaga borgan Shavkat Mirziyoyev Respublikaning Rim va Milan shaharlarida bo‘lgan. Toshkent-Rim oralig‘i 4630 kmni tashkil etadi. Rim-Milan orasidagi masofa esa 447 km.

Iyun oyining so‘nggi safari Tehronga bo‘lgan. Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan 18 iyun kuni Tehronga borgan Shavkat Mirziyoyev, mamlakatda Prezident Ibrohim Raisiy va Oliy diniy rahbar Oyatulloh Sayid Ali Homanaiy bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. Toshkent-Tehron oralig‘idagi masofa esa 1664 kmni tashkil etadi.

2023 yil – iyul

Shavkat Mirziyoyevning yoz faslining ikkinchi oyidagi ilk safari 18 iyuldan boshlandi. Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan ushbu mamlakatga borgan O‘zbekiston rahbari, tashrif dasturiga muvofiq, Jidda shahrida “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” formatidagi birinchi sammitda ishtirok etib nutq so‘zlagan.

Saudiya Arabistonida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 iyul kuni muqaddas Makka shahriga borib, Umra amallarini ham bajargan. Toshkent-Jidda 3564 km. Jidda-Makka esa 66 kmni tashkil etadi.

2023 yil – avgust

2023 yil avgust oyining ilk amaliy tashrifi 4 avgust kuni Turkmanistonning Ashxobod shahriga bo‘ldi. Mirziyoyev O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston davlat rahbarlarining uch tomonlama uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatga borgan. O‘zbekiston rahbari Toshkent-Ashxobod yo‘nalishida parvoz qilib 997 km yo‘l bosgan. 

Avgust oyining 19-20 sanalarida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva hamrohligida borgan Shavkat Mirziyoyev Budapesht shahrida Vengriya Bosh vaziri bilan muzokara o‘tkazdi, Vengriyaning davlat bayrami – avliyo Ishtvan kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etib, qaytdi. Toshkent-Budapesht orasidagi masofa esa 3976 kmni tashkil qiladi. 

Avgust oyining eng so‘nggi manzili Ozarbayjonning Baku shahri. 22-23 avgust kunlari Prezident Ilhom Aliyevning taklifiga binoan mamlakatga rafiqasi bilan borgan Shavkat Mirziyoyev nafaqat Baku balki, Fuzuliy va Shusha shaharlarini ham ziyorat qilgan. Toshkent-Baku orasidagi masofa 1625, Baku-Fuzuliy 235, Fuzuliy-Shusha 54 kmni tashkil etadi. 

2023 yil – sentyabr

Prezident Shavkat Mirziyoyevning sentyabr oyidagi ilk safari Tojikistonning Dushanbe shahriga bo‘ldi. 14 sentyabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashgan Mirziyoyev O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qilgan. Toshkent-Dushanbe orasidagi masofa esa 305 kmni tashkil etadi. 

Keyingi safar Nyu-Yorkka. Mirziyoyev 17-20 sentyabr kunlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun Nyu-York shahriga borgan.

Yilning bosh xalqaro siyosiy tadbiri doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchilari sammiti, xorijiy davlatlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va AQSHning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazgan, BMTda nutq so‘zlagan O‘zbekiston yetakchisi bu tadbirlar uchun 10 170 km yo‘l bosgan.

28-30 sentyabr kunlari amaliy tashrif bilan Germaniya Federal Kansleri Olaf Sholsning taklifiga binoan Berlin shahriga borgan Shavkat Mirziyoyev Federal Kansler Olaf Shols va Federal Prezident Frank-Valter Shtaynmayer bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazdi. Shuningdek, Markaziy Osiyo va Germaniya davlat rahbarlarining uchrashuvlarida ham qatnashgan. Sentyabr oyidagi safar shu bilan o‘z yakuniga yetgan. Toshkent-Berlin o‘rtasidagi masofa 4303 kmni tashkil etadi.

2023 yil – oktyabr

Mirziyoyevning oktyabrdagi ilk safari 1-2 oktyabr kunlari Qatarga bo‘ldi. Mamlakatda muzokaralar o‘tkazgan yetakchilar O‘zbekiston-Qatar hamkorligining holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilgan. Toshkent-Qatar orasidagi masofa 2410 km.

Shavkat Mirziyoyev yil hisobidan ikkinchi marotaba Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 5-7 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Moskva shahriga borgan. Tashrif davomida eng avvalo, savdo va iqtisodiyot, investitsiya, migratsiya va gumanitar sohalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan va bu safar uchun O‘zbekiston rahbari 2792 km yo‘l yurgan.

Oktyabr oyining galdagi safari Qirg‘izistonning Bishkek shahriga bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining majlisida ishtirok etish uchun 13 oktyabr kuni amaliy tashrif bilan Bishkekka borgan va 477 km yo‘l yurgan. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevga do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun tashkilotning oliy mukofoti – MDH Faxriy nishoni topshirilgan.

Oktyabr oyidagi tashriflar shu bilan tugamadi. Prezident Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 17-18 oktyabr kunlari “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumi tadbirlarida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Pekin shahriga borgan.

U yerda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, transport-kommunikatsiyaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, “yashil” taraqqiyot, raqamlashtirish dasturlarini ilgari surish va boshqa masalalar ko‘rib chiqilgan. O‘zbekiston rahbari Toshkentdan Pekin shahriga borish uchun 3939 km yo‘l yurgan.

2023 yil – noyabr

Noyabr oyining ilk safari Turkiy Davlatlar Tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining yig‘ilishida ishtirok etish uchun Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahriga bo‘lgan. 2-3 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan sammitda tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-kommunikatsiya, ekologiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Shavkat Mirziyoyev Toshkentdan Ostonaga borish uchun 1115 km yo‘l yurgan.

23-24 noyabr kunlaridagi amaliy tashrif Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan Baku shahriga bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyotlari uchun maxsus dasturi (SPEKA) birinchi sammitida ishtirok etish uchun 1625 km yo‘l bosgan.

2023 yil – dekabr

2023 yilning so‘nggi oyidagi ilk safar Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan 1 dekabr kuni Dubay shahri bo‘ldi. BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasining (COP28) asosiy yalpi sessiyasi ishida ishtirok etish uchun mamlakatga borgan Mirziyoyev 2219 km yo‘l bosgan.

Davlat rahbarining 2023 yildagi eng so‘ngi safari 25 dekabr kuni Sankt-Peterburg shahriga bo‘ldi. 3363 km yo‘l bosib Amaliy tashrif bilan mamlakatga borgan Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlarining norasmiy sammitida ishtirok etish uchun borgan.  

Tadbir doirasida Hamdo‘stlik mamlakatlari yetakchilari yilning asosiy yakunlarini sarhisob qildi hamda MDH makonida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqishdi.

Yo‘l yurdi, yo‘l yursa ham mo‘l yurdi, deganlaridek, O‘zbekiston rahbari 2023 yilda jami 28 ta tashrifni amalga oshirib, 78 772 km yo‘l yurgan. Bordi-keldini hisoblaganda bu raqamlar 157 ming kmdan ortadi. 

Xo‘sh, siz-chi? Siz bu yilda qayerlarga bordingiz, nimalarni ko‘rdingiz va necha kilometr yo‘l bosdingiz? Agar 2023 yilda umuman safarga chiqmaganlar bo‘lsa, siz ham xafa bo‘lmang. Ishoning, 2024 yil siz uchun sayohat yili bo‘ladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Ziroat Mirziyoeva Mirziyoev sayohat safar 2023 yil O'zbekiston Birinchi xonimi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing