Roddomdagi ishlar: “egizaklarimni o‘ldirib berishdi”

Intervyu

Yoshi ulug‘larimiz “farzand dog‘ini ko‘rsatmasin”, deb ko‘p aytishadi. Bu gap zamirida katta ma’no bor. Uzoq yillar bemor bo‘lib yotgan yaqinimiz vafot etsa ham yuragimiz bir silkinadi. Yoshlar to‘satdan vafot etganini eshitgan nuroniylarimiz “orqamda qolinglar” deb farzandlarini duo qiladi.

Bekorga farzand dog‘i haqida gap boshlamadik. Bugun 9 oy vujudida egiz bolalarini ko‘tarib, tekshiruvlari yaxshi chiqqan, ularni dunyoga keltiraman deb tug‘ruqxonaga borganda, yetarli e’tibor ololmay, ikki farzandini yo‘qotgan ona haqida hikoya qilmoqchimiz.

Yetti, besh va ikki yoshli bolalarning onasi Gulchiroy Hayitova 2022 yilning sentyabr oyida homiladorligini bilgan. Shifokorlar uning farzandi egiz ekanini aytishgan. Homila 9 oy bo‘lguniga qadar u shifokor nazoratida turgan va har ikki homilaning rivojlanishida muammo yo‘qligi aytilgan.

“10 may kuni (2023 yil) soat 09:00 lar atrofida 8-tug‘uruqxona Bosh shifokori  Kamoliddin Nizomiddinovga qo‘ng‘iroq qilib, og‘riqlar va suv ketish boshlanganini aytdim. “Keling” dedi. Soat 11:30 lar atrofida “roddom”ga bordim. Shu kuni 10 ga yaqin ayolni “kesarevo” qilishgan ekan. Shifokor bilan uchrashib, 8 may kuni UZI tekshiruvidan o‘tganim, homila 38 haftalik ekani va tug‘uruq vaqti kelganini aytdim. Kamoliddin Nizomiddinov tug‘uruqqa yana ikki kun vaqt borligi, vaqtidan oldin operatsiya qilinsa, “nedonoshenniye” (rivojlanmagan) bolalar tug‘ilishini aytdi. Shifokor qo‘limdagi UZI javoblarini ko‘rsatganimda, hatto, o‘qib ham ko‘rmasdan “apparat gapiraveradi”, deb javob qildi.  

To‘g‘risi hayron qoldim. Men yoki bolalarning yurak urishini eshitmasdan, tekshirmasdan ham “ketavering”, dedilar. Shu vaqtgacha ko‘riklariga necha marotaba borgan bo‘lsam biror marta na qon bosimim, na bolalarning yurak urishini eshitgan”, deydi Gulchiroy Hayitova.

Ayolning aytishicha, u og‘riq boshlangani va suv ketayotganini aytganidan so‘ng, tug‘uruqxonadagi Xolida ismli shifokor uni tekshirib, bolalarning yurak urishini ham tinglagan. Shifokor egizlarning holati yaxshi ekanini aytib, ayolga ikki kunga “soxraneniye” bo‘limiga yotishni tavsiya qilgan. Bosh shifokor Kamoliddin Nizomiddinov bolalarning o‘pkasini ochish maqsadida 2 kun 2 mahaldan “deksametazon” ukolini yozib bergan. 

“Shifokorning gapi bo‘yicha Deksametazon bolalarning o‘pkasini ochar ekan. Bolalar sog‘lom edi va bu ukolni nima uchun yozganini tushuna olmadim. Bir narsani aytish kerak – UZI tekshiruvi o‘tkazilmadi, tug‘ruqxonaga qabul qilishdan oldingi boshqa analizlar olinmadi. Lekin ukol yozildi. 

Xullas, shifoxonada qoldim. Muolaja xonasiga kirganimda hamshira menga 1 gramm Deksametazon yozilganini aytdi va ukol qildi. Men ko‘zim bilan nima ukol qilganini ko‘rmadim. Hamma ham shifokorlarga ishonadi. Soat 22:00 lar atrofida ikkinchi ukolni qilishdi. Shu kuni juda ham tiniqib uxladim. Lekin bolalar [homila]ni qimirlashi sezilarli darajada kamaygandi. Men bu haqda shifokorga aytganimda u bolalarni yurak urishini eshitdi va hammasi joyida ekanini aytdi.

Ertasi kuni soat 11:00 da UZI tekshiruvidan o‘tishimiz kerakligini aytishdi. Bu orada 3-marta Deksametazon ukolini oldim. Tushlikka yaqin bolalar [homila] deyarli qimirlamay qo‘ydi. Xullas, UZIga tushdim. Muhayyo degan shifokor tekshirdi. Xonada bizdan tashqari yana 2 nafar shifokor ham bor edi. Meni UZI qilib “uniye oba rebyonka ostit” dedi. Men “nima u ostit?” deb so‘rasam hech kim javob bermadi. U shifokorlarga qarab “mana ikkala bola ham ichida suv yig‘gan” deb aytdi. Yana shifokorlarga qarab, “pust eto ne u nas sluchitsya. Otpravte yeyo v sampi ili v ginekologiyu” dedilar. Men esa “nega unaqa deyapsiz?” deb so‘radim. “Rahmat ayt, seni Bektemirga yubormayapmiz” deb aytishdi”, deydi Gulchiroy Hayitova.

Gulchiroy Hayitovaning aytishicha, uni tug‘uruqxonaga qabul qilishda hech qanday analizlar olinmagan. Bundan tashqari, tug‘uruqxona shifokorining “homilada ostit kasalligi bor”, degan gapiga bosh shifokor Kamoliddin Nizomiddinov ishonchsizlik bilan qaragan.

“Tug‘uruqxonada ikki kun yotdim. Birorta tekshiruv bo‘lgani yo‘q. “Davleniyam” oshib ketganda o‘zim aytganim uchun dori berishdi. Birovni birov bilan ishi yo‘q. Qilgan ishlari ertalab va kechqurun ko‘r-ko‘rona yozilgan ukolni qilish. Na meni va na bolani qon bosimi yoki yurak urishini eshitishdi. Eng hayron qolarlisi, ayollar kerakli to‘lovlarni to‘lab shu davlatni roddomida yotadi. Afsuski, oddiy operatsiyaga ishlatiladigan perchatka, bint, spirt, perikslar ham yo‘q. Operatsiya uchun kerakli hamma narsani bemorning o‘zi olib borishi kerak. Chunki roddomda hech narsa yo‘q.

Xullas, 12 may, soat 8:00 da tezlik bilan meni operatsiya qilishlarini aytishdi. Operatsiya xonasiga kirganimda sharoitni ko‘rib, qo‘rqib ketdim. Operatsiya xonasiga kirganimizda shifokorlar bir-biri bilan gaplashmadi. Hamma jim. Ko‘z orqali gapashayotganlarini sezdim va bu juda g‘alati tuyuldi. Kerakli ukollar qilindi va operatsiya boshlandi. Birinchi bolani olishdi. Sog‘lom, hamma a’zolari rivojlangan bola edi. Ammo yig‘lamadi. Yuragini massaj qilishdi, shifokorlarning qo‘lida kislorod beradigan apparat ham bor edi. Oradan uch-to‘rt daqiqa o‘tib bola yig‘ladi, unga yordam kerak deb olib chiqib ketishdi. Shu orada ikkinchi bolani olishdi. Bolani “lotokka” qo‘yishdi. Undan keyin men “operatsiyadan keyin chandiqlarsiz tikadi”, deb borgan Kamoliddin Nizomiddinov xonadan chiqib ketdi.

Shu orada menda qon ketish boshlandi. “Lotokka” yotqizilgan bola shu holatda qoldi va men bilan ovora bo‘lishdi. Bu orada ikkinchi bolamga hech kim qaramadi ham. Qon ketganda to‘xtatadigan ampulasi 150 ming turadigan dori bor ekan. Anesteziolog hamshiralardan shu dorini so‘radi. Hamshira esa muddati o‘tgan dori borligini aytdi”, deydi Gulchiroy.

Ayolning aytishicha, shifokorlar qon to‘xtatadigan dorining muddati o‘tmaganini qayerdandir topib kelishgan. Qon to‘xtatish, onani operatsiya xonasidan alohida xonaga olib o‘tish davomida tug‘ilgan ikkinchi chaqaloqqa hech kim e’tibor ham bermagan.

“Eng achinarlisi, shifokorlar men yoki turmush o‘rtog‘imdan ruxsat so‘ramasdan, huquq-tartibot idoralariga xabar bermasdan bolalarimni “morg”ga olib ketmoqchi bo‘lishdi. Onam ularni to‘xtatib qoldilar. Eng dahshati tug‘uruqxonadagilarning o‘zlari bolalarga ism qo‘yib, FHDYOdan tug‘ilganlik guvohnomasini ham olishgan. Guvohnomada bolalarning ismi Hasan va Husan deb yozilgan va bu ismlarni biz qo‘ymaganmiz. Hamma hujjatlarni o‘zlari tayyorlab, turmush o‘rtog‘imni qo‘llariga berishgan”, deydi ayol.

Holat sodir bo‘lganiga bir necha oy bo‘ldi. Gulchiroy Xayitovaning aytishicha, shu vaqtgacha bolalar o‘limi bilan bog‘liq hech qanday surishtiruv bo‘lmagan. Huquq-tartibot idoralari tomonidan tergov harakatlari olib borilmagan. Ikki go‘dakning o‘limiga shunchaki ko‘z yumilgan. Shu o‘rinda savol paydo bo‘ladi: tug‘uruqxonada vafot etgan bolani oilasi va huquq tartibot organlari xodimlarining ruxsatisiz, jinoyat ishi qo‘zg‘atilmay turib ekspertizaga olib borish mumkinmi? Agar bolaning ota-onasi tegishli organlarga murojaat qilmasa tug‘uruqxona kattalari bu ishni qilishi kerakmi?

“Birinchi navbatda, bola vafot etgani haqida uning ota-onasiga aytiladi. Bu holatni hamma har xil qabul qilgani bois, yotig‘i bilan tushuntirishga harakat qilamiz. O‘lim sodir bo‘lganidan ikki soat o‘tib, bola “morg”ga o‘tkaziladi. Potologa anatomik tekshiruvlardan keyin bolani olib ketish mumkin. Bularni barchasi Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘i asosida qilinadi. Shifoxona o‘z-o‘zidan bolani tekshiruvga berib yubora olmaydi. Bundan tashqari, yuqoridagi barcha jarayonlarda holat sodir bo‘lgan tumanga biriktirilgan nozir ham qatnashadi. Birinchi navbatda, bola vafot etgani haqida mahalla noziriga xabar beriladi. Nima uchun vafot etgani haqida biz shifokorlar tushuntirish xati yozamiz. Hamma hujjatlar rasmiylashtiriladi. Vafot etgan bolaga ism qo‘yish va boshqa hujjatlashtirish ishlari ota-ona va inspektor ishtirokisiz o‘tmaydi”, deydi Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi 2-chaqaloqlar bo‘limi mudiri Feruza Nazarova.

Bir ayol farzand dunyoga keltirsa uning sog‘ligi haqidagi barcha ma’lumotlar u yashaydigan tumandagi oilaviy poliklinikaga taqdim etiladi. Gulchiroy Hayitovaning aytishicha, Bektemir tumanidagi 69-oilaviy poliklinika xodimlari undan xabar olish uchun ayolning uyiga borgan. Ajablanarlisi, tug‘uruqxona tomonidan poliklinikaga berilgan ma’lumotlarda Gulchiroy Hayitova tug‘uruqxonaga kuchli anemiya bilan borgani, tug‘uruqdan keyingi 40 kunlik chilla vaqti ham asoratsiz o‘tgani yozilgan. Hayitovaning aytishicha, chillaning dastlabki 15 kunida uning harorati tushmagan. Qolaversa, qon ketgani sabab yana 8-tug‘uruqxonaga borgan va shifokorlar 5 soat deganda qonni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgan. Afsuski, bu holatlar tug‘uruqxona tomonidan berilgan “vipiska”da ko‘rsatilmagan.

“Tug‘uruqonadan chiqqanimdan keyin tumanimizga qarashli oilaviy poliklinikadan kelishdi. Ularga taqdim etilgan hujjatlarga ko‘ra, men tug‘uruqxonaga kuchli anemiya bilan borganman. Bundan tashqari, “chilla vaqti asoratsiz o‘tgan” deb ham yozilgan. Bu yolg‘on. Men 40 kunda bir necha marotaba “roddom”ga bordim. Qon ketib, 5 soat qiynalgan vaqtimda ham 8-tug‘uruqxona Bosh shifokori Kamoliddin aka xabar olgani yo‘q”, deydi Hayitova.

Ayolga ushbu voqea sodir bo‘lganiga bir necha oy bo‘lgani, nima uchun bu haqda endi gapirayotgani, nima uchun huquq-tartibot organlariga shu vaqtga qadar murojaat qilmagani haqida so‘raganimizda, u shunday javob berdi:

“Farzand kutayotgan ayollar, bo‘lajak onalarga bir narsani aytmoqchiman: o‘zingiz va farzandingizga e’tiborli bo‘ling. Tug‘uruqxonada sizga qilinadigan har qanday muolajaga ahamiyat bering. Roddomda muddati o‘tgan dorilar borligi yolg‘on emas ekan.

To‘g‘ri, hozir gapirganim bilan bolalarim qaytmaydi. Lekin sog‘lom bolalar o‘lishini xohlamayman. Agar farzandlarim tirik bo‘lganida, boshqacha bo‘lar edi. Har bir ota-ona farzandini vatani koriga yaraydigan qilib tarbiya qilishni istaydi. Bolalarim o‘lmaganida balki katta odam bo‘lib yetishardi. Mening istagim bolalar o‘lmasin, onalar yig‘lamasin...

Hech kimni bolasi o‘lmasin. Bolalar sog‘lom tug‘ilsin. Shifokorlar ham insoniylikni yo‘qotmasin. Hammaning uyida farzandi, nabirasi bor. Kattaroq odamni kelini, qizi bo‘lish yoki tepadan qo‘ng‘iroq qilib tug‘uruqxonaga borish shartmi? Oddiy ayollarning bolalari o‘lib ketaveradimi?...”, deydi ikki bolasini yo‘qotgan ona. 

Gulchiroy Hayitova farzandlarining o‘limi yuzasidan 2023 yilning 18 iyun kuni Ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Toshkent shahar prokuraturasi matbuot kotibi Xurshida Rahmonovaning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, ish hujjatlari 4 iyul kuni Yakkasaroy tuman prokuraturasiga chaqirtirilgan.

Holatni o‘rganish, ikkinchi tomonni tinglash maqsadida 8-tug‘uruqxonaga borganimizda tug‘uruqxona Bosh shifokori Kamoliddin Nizomiddinov barcha hujjatlar tergov organi tomonidan olib ketilgani va hech qanday ma’lumot bera olmasligini ma’lum qildi.

Holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi va tegishli tashkilotlardan munosabat kutib qolamiz.


Maqola muallifi

Teglar

tug'ruqxona SSV farzand Egizaklar roddom

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing