O‘zbekistonda “boqimanda” sohalar ro‘yxati e’lon qilindi
Jamiyat
−
20 Sentabr 2023
16636O‘zbekistonda 2023 yilning o‘tgan 6 oyi davomida gaz va issiqlik ta’minotining arzon tariflarini qoplash uchun davlat byudjetidan 10 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining birinchi yarim yillikdagi byudjet ijrosi bo‘yicha hisobotida keltirilgan.
Hisobotda qayd etilishicha, 2023 yilning olti oyida davlat byudjeti daromadlari 102,3 trillion so‘mni (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11,1 foizga ko‘p) tashkil etgan, xarajatlari esa 129,1 trillion so‘mdan oshgan (+25,3 foiz). Ya’ni davlat xarajatlari daromadlarga qaraganda o‘sib bormoqda.
Birgina, yanvar-iyun oylari davomida ichki bozorda gazni ulgurji sotib olish va sotishga ixtisoslashgan UzGasTrade aksiyadorlik jamiyatining yo‘qotishlarini qoplash va joriy faoliyatini moliyalashtirish uchun 8,8 trillion so‘m yo‘naltirilgan. Aytish joiz, mazkur sxema tufayli O‘zbekiston Koreya Respublikasidan 1 milliard dollar qarzdor hisoblanadi.
Shuningdek, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish xarajatlari 492,9 milliard so‘mdan 1,04 trillion so‘mgacha oshgan. Xususan, issiqlik ta’minoti korxonalarining aholiga issiqlik ta’minoti uchun arzonlashtirilgan tariflar qo‘llanilishi oqibatida ko‘rgan zararlarini qoplashga 901,9 milliard so‘m yo‘naltirilgan. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga (306,8 mlrd) nisbatan qariyb uch barobar ko‘pdir. Ahamiyatlisi, ushbu summaning 92 foizi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi, bunda yo‘qotishlar 3,5 barobarga – 240,1 milliard so‘mdan 823,1 milliard so‘mgacha oshgan.
“Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatiga Toshkent shahrida yo‘lovchilarni imtiyozli tariflar bo‘yicha tashishda ko‘rilgan zararni qoplash uchun esa byudjetdan 220,9 milliard so‘m ajratilgan. Toshkent metropolitenining arzon tariflar tufayli ko‘rgan zarari 96,7 milliard so‘mni tashkil etmoqda.
Bundan tashqari, davlat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash uchun 294,6 milliard so‘m ajratilgan.
LiveBarchasi