Alvido, Sherali Jo‘rayev!
Jamiyat
−
05 Sentabr 2023
18992Kecha, 4 sentyabr kuni kechki payt O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev 77 yoshida vafot etgani e’lon qilindi.
Hofizning janozasi qanday o‘tdi?
Sherali hofiz o‘zbek qo‘shiqchilik san’atida allaqachon fenomen shaxs bo‘lib ulgurgan ediki, uning vafoti butun xalqning ko‘ziga yosh qalqitgan bo‘lsa ajab emas. Hatto, Jo‘rayevning o‘limi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Senat raisi Tanzila Norboyeva, Spiker Nuriddinjon Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov, Prezident maslahatchisi Xayriddin Sultonov, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamdardlik bildirib chiqdi.
Ta’ziya izhorini Toshkentning Ko‘kcha masjidida bo‘lib o‘tgan marhumning janozasi paytida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov o‘qib eshittirdi. Voqea joyidan muxbirimiz Muhsin Umrzoqov reportaj tayyorladi.
“Sherali Jo‘rayev ko‘p yillik samarali ijodi bilan zamonaviy milliy san’atimiz va madaniyatimizni rivojlantirish, uning shuhratini chet ellarda keng targ‘ib etish borasida ham fidoyilik ko‘rsatdi.
Mohir san’atkor o‘zbek milliy qo‘shiqchiligida o‘z ijodiy maktabini yaratib, ko‘plab yosh iste’dod egalarini tarbiyaladi.
Betakror san’atkor, samimiy va kamtarin inson, yoshlarning mehribon va talabchan ustozi Sherali Jo‘rayevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi”, deya rahbarlarning ta’ziya izhorini yetkazdi muftiy.
O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov esa marhumning yaqinlari va oila a’zolariga hamdardlik bildirar ekan, Sherali Jo‘rayev nafaqat O‘zbekistonda, balki mintaqadagi eng zabardast san’atkor sifatida e’tirof etilganini aytdi.
“O‘zbek milliy qo‘shiqchilik san’atiga hayotini baxshida etgan hofizning favqulodda noyob ovozi, ijro etgan qo‘shiqlari har bir xonadonga, har bir yurakka kirib borgan, qalblarni zabt etgan. Hofizimizning o‘zbek tili va adabiyotiga, san’atiga bo‘lgan mehri, sadoqati har bir ijrosida zohir edi. Afsus, bu zot, ustoz-san’atkor bugun oramizda yo‘q. Lekin haqiqiy san’at fidoyisining porloq xotirasi qalblarda mangu yashaydi”, dedi u.
Xo‘sh, Sherali Jo‘rayev aslida kim edi? U qanday qilib bu darajada qadrli va ahamiyatli shaxsga aylandi?
Qachon tug‘ilganini o‘zi “hal qilgan” odam
Sherali Jo‘rayev 1947 yil 12 aprelda Andijon viloyatining Asaka shahrida tug‘ildi.1971 yilda Toshkent teatr va rassomchilik san’ati instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ni tamomlab, mehnat faoliyatini “Shodlik” ashula va raqs ansamblining xonandasi sifatida boshladi. Ko‘p yillar Andijon viloyati filarmoniyasi, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi kabi ijodiy tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatgan.
Xonanda haqidagi yana bir qiziqarli ma’lumot shuki, uning qaysi kunda tug‘ilgani noma’lum. Qo‘shiqchi 12 aprelni ramziy ravishda o‘z tug‘ilgan kuni sifatida nishonlaydi. Gap shundaki, 12 aprelda rus kosmonavti Yuriy Gagarin fazoga uchgan. Shuningdek, qo‘shiqchiga ko‘ra, uning bu sanani tanlashiga yana bir sabab – u o‘quvchilik davrida shu kuni bo‘lib o‘tgan velopoygada g‘olib bo‘lgan va aynan shu sanada Haj ziyoratini ado etgan.
Sherali Jo‘rayev ijodi ko‘p qirraliligi bilan ham ajralib turadi. U o‘z vaqtida qo‘shiqchilikdan tashqari, aktyorlik bilan ham shug‘ullangan. Xususan, o‘zi yozgan va 1989 yilda sahnalashtirilgan “Sherali va Oybarchin” filmida bosh rolni ijro etgan. Qolaversa serqirra ijodkor 1998 yilda nashr etilgan “Bola – yerning sultoni” kitobining ham muallifi hisoblanadi.
Ammo Sherali Jo‘rayev eng taniqli o‘zbek qo‘shiqchilaridan biri bo‘lishiga qaramay, hukumat tomonidan 2002-2016 yillarda uning qo‘shiqlarini barcha o‘zbek telekanallarida namoyish qilish man etilgan. Sababi esa noma’lum.
Sevimli xonanda nega “zapretga” tushdi?
“Sherali Jo‘rayev 90-yillarning o‘rtalarida “zapret”ga tushgandi. Agar e’tibor bersangiz, u eng sermahsul davrida katta konsertlar bermadi, u uchun “Xalqlar do‘stligi”, “Turkiston” yoki boshqa san’at saroylarining eshiklari doim yopiq edi.
Karimovning xarakteri juda og‘ir edi. U kimnidir yomon ko‘rib qolsa, boshqa kechirmasdi, kek saqlab yuraverardi. Lekin, eshitishimcha, Karimov ham Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlarini yaxshi ko‘rgan. Shunday bo‘lsada, uni to‘liq kechirmagan va sahnaga qaytarmagan”, deya qo‘shiqchining taqiqqa uchragani haqida gapirgan siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.
Shoir Faxriddin Nizomovning aytishicha, o‘sha yillari qo‘shiqchining ovozi radiodan yangrashi uchun bir amallab ruxsat olingan.
“Ustoz Murod Muhammad Do‘st – Islom Karimovdan Sher aka taqiqda bo‘lgan paytlari, hech bo‘lmasa, ashulalari radioda ketsin deb ruxsat olib berishga jazm qila olgan inson. Bu bizga bayram bo‘lgan va Respublika radiosida hofizning qo‘shiqlarini efirga qo‘yishdan rosa xursand bo‘lgan edik.
Sher akaning qo‘shiqlarini efirga qo‘yib turishni O‘zbekistonning hozirgi rahbari ham Jizzax viloyati hokimi bo‘lib yurgan kezlari iltimos qilgan.
Sher aka o‘zbek qo‘shiqchilik san’atining butun boshli davrini o‘zi bilan birga olib ketdi. Endi bu davr qaytmaydi. Faqat o‘sha davrdan qolgan ashulalar bizga taskin beradi. Ular biz bilan qoladi va ularni tinglab, o‘zimizga taskin beramiz”, degan shoir.
O‘zbeklarga o‘zbekligini eslatgan hofiz
Faxriddin Nizomovning aytishicha, Sherali Jo‘rayev butun boshli O‘zbekiston hukumati qila olmagan ishni uddalagan shaxs. U o‘zbeklarga o‘zbekligini eslatgan, ularga millatparvarlik tuyg‘ularini singdirgan tengsiz hofizdir.
“Bugun – millat yig‘laydigan motam kuni. Hech kim o‘zbekka o‘zligini Sher akachalik tanita olgan emas. Milliy g‘oya degan ahmoqona dasturga milliardlab dollar pul sarflangan, lekin natijasi bo‘lmagan. Hozir ham o‘zbeklarning yarmidan ko‘pi — Putinparast, ammo Sher aka bittagina “O‘zbegim” ashulasi bilan odamlarning o‘zbek ekanini o‘ziga tushuntirib bergan hofiz edi.
Xullas, Sher aka, butun boshli millatning boshini qovushtirib turgan inson edi. Hukumat qila olmagan ishni bir o‘zi bajarib qo‘ygan edi”, degan u.
Jo‘rayevning “O‘zbegim” qo‘shig‘i 2005 yilda World Music Network tomonidan chiqarilgan Rough Guide to the Music of Central Asia albomidan o‘rin olgan. Qirolicha Yelizaveta II tavalludining 78 yilligi sharafiga Buyuk Britaniya elchisi Kreyg Myurrey 2004 yil 23 aprel kuni Toshkentdagi qarorgohida mingdan ortiq mehmonlarni kutib olganida bayram tantanalarida Jo‘rayev, Sevara Nazarxon va Vladimir Neymer boshchiligidagi kamera orkestri ishtirok etgandi. Shu bilan birga, Buyuk Britaniya elchixonasi Shotlandiyaning Battlefield Band guruhining O‘zbekiston bo‘ylab gastrol safarini uyushtirganda guruh Jo‘rayev bilan chiqish qilgan.
Keyinchalik u “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvonlari, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti, “Fidokorona xizmatlari uchun” va “El-yurt hurmati” ordenlari bilan mukofotlangan edi. Qolaversa u Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist ham hisoblanadi.
Hali bu hammasi emas, Sherali Jo‘rayevning qo‘shig‘i kosmosdan ham yangraganiga nima deysiz?
2004 yil Solijon Sharipov markaziy osiyolik birinchi kosmonavt sifatida NASA astronavti Leroy Chiao bilan Bayqo‘ng‘ir kosmodromidan “Soyuz TMA-5" kosmik kemasida fazoga ko‘tariladi. U o‘zining 201 kunlik fazoviy missiyasida eshitish uchun Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlarini ham o‘zi bilan olib olgandi. 2004 yil u maxsus bog‘lanish qurilmasi yordamida Sherali Jo‘rayevga qo‘ng‘iroq qiladi va uning “Oltin qanot” qo‘shig‘i kosmosda yangrayotganini aytadi. Keyinchalik kosmonavtning ta’kidlashicha, u missiyasi davomida ko‘plab Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlarini eshitgan. Natijada Sherali Jo‘rayev birinchi kosmosda qo‘shiqlari yangragan o‘zbek san’atkoriga aylangan.
“Sizning 1000 dan oshiq qo‘shiqlaringiz missiya davomida butun koinotda aylandi. Buni men so‘z bilan ta’riflab berolmayman. Yuzlab san’atkorlar ichida faqat sizning qo‘shig‘ingiz planetalar uzra jaranglagandi”, degan Solijon Sharipov 2016 yilgi Sherali Jo‘rayevning ijodiy kechasida.
Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlari nega ma’noli?
Bir qarashda zamonaviy va milliy musiqa bir-biriga qarama-qarshidek tuyiladi. Sokin va xotirjam kuylanadigan milliy musiqa muxlislari dastlab, biroz shovqinli va notanish bo‘lgan, ko‘proq musiqa asboblari ishlatiladigan zamonaviy musiqani xushlashmagan. Sherali Jo‘rayev esa ushbu ikki bir-biriga teskari “qutb”ni birlashtira olgan birinchi san’atkor edi.
Darhaqiqat, uning muxlislarini zamonaviy va milliy musiqa ixlosmandlari tashkil qiladi. Bundan tashqari uning qo‘shiqlari ikki xil musiqa ixlosmandlarini birlashtirgani bilan birga chuqur ma’noga ega. Uning ijodida o‘zbek xalqining o‘ziga xos etnopsixologik xarakteri tasvirini ham ko‘rish mumkin. “Do‘st bo‘lsang, yonimda tur” qo‘shig‘i o‘zbek xalqining do‘stlikdagi sadoqati haqida bo‘lsa, To‘ra Sulaymon so‘zi bilan yozilgan “Ketma bahor” qo‘shig‘i o‘zbeklaring SSSR repressiyalari paytidagi kayfiyati aksi hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlarida o‘ziga xos falsafiy ma’no bor.
Jo‘rayev tabiatan shirali ovozga ega bo‘lgan. Ijro uslubi monologik, dramatik iztiroblarga asoslangan. Uning ijrosidagi qo‘shiqlar xalqchilligi, mushohadali, falsafiy mazmunga boyligi, benazir jozibasi va teran insoniy dardliligi bilan ajralib turadi. Jo‘rayev repertuari ko‘p qirrali va rang-barang bo‘lib, qo‘shiqlari asosini Sharq mumtoz (Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Sa’diy Sheroziy, Hofiz, Mashrab, Ogahiy, Jaloliddin Rumiy, Jomiy va boshqalar) va zamonaviy (Erkin Vohidov, Abdulla Oripov va boshqalar) shoirlarning she’rlari tashkil etadi. 2008 yil Jo‘rayev uyida Rumiyxonlik kechalarini uyushtirgan.
Mana uning qo‘shiqlari nima uchun bunchalik ma’noli, bu darajada dardli. Chunki u adabiyotning, asl she’riyatning qadriga yetadigan, kitob varaqlab o‘ziga qo‘shiq topadigan kam sonli san’atkorlardan biri edi.
Konsertlarida qo‘shiqlarning yarmini Sherali hofiz aytsa, yarmini tomoshabinlar yoddan aytgan.
Uning o‘limi munosabati bilan ko‘plab san’at vakillari, siyosatshunoslar, jamoat arboblari, shoir va yozuvchilar qisqa qilib aytganda qo‘shiqchining ko‘plab muxlislari ta’ziya bildirdi, u yaxshi gaplar bilan eslandi. Biz ularni barchasini sizga yetkazishni lozim topmadik. Zero, har bir o‘zbekning o‘z Sheralisi, Sherali Jo‘rayev haqida betakror fikri bor, bizningcha.
QALAMPIR.UZ tahririyati Sherali Jo‘rayevning o‘limi munosabati bilan marhumning yaqinlari, oila a’zolari, barcha muxlislari va butun O‘zbekiston xalqiga hamdardlik bildiradi.
Avaz Mo‘ydinov
LiveBarchasi