Andijon turkiy dunyoning madaniyat poytaxti bo‘ldi

Jamiyat

image

Qozog‘istonning Aqtau shahrida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY Doimiy kengashining 42-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Qozog‘iston Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva, Turkmaniston Madaniyat vaziri Atageldi Shamiradov, Ozarbayjon Madaniyat vaziri o‘rinbosari Murad Guseynov, Qirg‘iz Respublikasi Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vazirining birinchi o‘rinbosari Askarali Madaminov, Turkiya Madaniyat va turizm vazirining o‘rinbosari Serdar Cham, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev ishtirok etdi.

Tadbirda TURKSOY tomonidan joriy yilda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, 2026 yilda o‘tkaziladigan tadbirlar rejasi, qo‘shma loyihalar va turkiy dunyoning madaniy sohadagi hamkorligini yanada mustahkamlashga oid masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, ushbu yig‘ilishida Andijon shahri  2026 yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deb e’lon qilindi. Bu xushxabar yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan olqishlar bilan kutib olindi.

Kunning ikkinchi yarmida, 2025 yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti bo‘lgan Aqtauda  tadbirlarning tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Andijon shahri hokimligiga maxsus sertifikat topshiriladi.

Ma’lumot o‘rnida, TURKSOY Doimiy kengashi qarori bilan har yili turkiy tilli davlatlardagi shaharlardan biri “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” sifatida e’lon qilinadi.

2025 yilda Qozog‘istonning Aqtau shahri Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti bo‘lgandi. 2020 yilda Xiva shahri xuddi shunday maqomga ega bo‘lgandi.

Bunday maqomga ega bo‘lgan shaharda va hamkor davlatlarda qator madaniy tadbirlar, festivallar, ilmiy anjumanlar, uchrashuvlar tashkil etiladi. Bu orqali milliy madaniyat xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilinadi. Qolaversa, bunday tadbirlar sayyohlar oqimini oshirishga ham xizmat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Andijon Ozodbek Nazarbekov TURKSOY Aqtau

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing