Kun savoli: Tatyana Karimova kimga nimani isbotlamoqchi?

Tahlil

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimova 9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Mirziyoyevga ovoz berganini isbotlashga urinmoqda. U bu haqda o‘zining Instagram’dagi sahifasiga post qoldirdi. 

Gap shundaki, u 10 iyul kuni saylov uchastkasida ovoz berayotgani tasvirlangan suratni bir necha bor ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylashtirib, o‘chirib yubordi. Avvaliga Karimova xonim joylagan aynan shu ko‘rinishdagi surat ijtimoiy tarmoqdagi ayrim sahifalarda tarqaldi va byulletenda qaysi nomzod belgilangani ko‘rinmagani bois "Tatyana Karimova saylovda hech kimga ovoz bermadi" nomli xabarlar paydo bo‘lishiga olib keldi.

So‘nggi joylagan suratida Karimova xonim saylov byulletenida Shavkat Mirziyoyev nomzodini belgilaganini ko‘rsatishga uringan va quyidagicha izoh qoldirgan. 

“Qadrli do‘stlar, afsuski, internetda bugun qo‘ygan suratim bilan bog‘liq ataylab buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar paydo bo‘ldi va aniqlik kiritishni lozim deb bilaman. 

 

Ijtimoiy tarmoqqa joylashda surat sifati yomonlashishi va suratdagi ayrim detallar aniq ko‘rinmasligini hamma yaxshi biladi. Mana, bugun e’lon qilingan asl fotosurat, bu mening tanlovimni aniq ko‘rsatib turibdi”.

Tatyana Karimovaning Mirziyoyev nomzodini qo‘llagani va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasi orqali buni isbotlashga urinayotgani haqidagi ma’lumotlar QALAMPIR.UZ’da e’lon qilingach, tahririyatga Islom Karimov ilmiy-ma’rifiy majmuasidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Aytilishicha, Karimova xonim o‘zi joylashtirgan post matnini o‘zgartirgan va tahrirlangan matnda shunday deyilgan. 

“Qadrli do‘stlarim, afsuski, internetda men ilgari e’lon qilgan surat bilan bog‘liq ataylab buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar paydo bo‘ldi – go‘yoki mening saylov byulletenimda bironta ham nomzod belgilanmagan. Shuning uchun men aniqlik kiritishni zarur deb bilaman. 

 

Mana, e’lon qilingan fotosuratning kattalashtirilgan asl nusxasi, bu mening tanlovimni aniq ko‘rsatadi. 

Keling, bir-birimizga mehribonroq va ehtiyotkor bo‘laylik”.

Albatta, saylovda kimga ovoz berish har bir kimning shaxsiy ishi va u daxlsiz. Biroq Tatyana Akbarovna buni isbotlashga uringach, tahririyatimiz xodimlari uning vakillari bilan muloqot qildi va Tatyana Karimovaning saylov uchastkasida tushirilgan suratining asl nusxasini olishga muvaffaq bo‘ldi. Mutaxassislarimiz suratning asl nusxasida hech qanday montaj alomatlarini payqamadi. 

Markaziy saylov komissiyasining  2021 yil 14 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risida”gi nizomida Saylovchi saylov byulletenini olgach, uni yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida to‘ldirishi, saylov byulletenini to‘ldirilgan holatda yoki uni to‘ldirish jarayonini suratga yoxud videoga olish, olingan tasvirlarni tarqatish, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish taqiqlanadi deb yoziladi.

Tatyana Karimova saylovda kimga ovozini berganini nima uchun bu darajada isbotlashga urinayotgani bizga qorong‘u. Ammo bu uning ochilganiga ko‘p bo‘lmagan Instagram sahifasidagi postlari o‘zgarishi yoki o‘chirib yuborilishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. 

75 yoshni qarshilash arafasidagi sobiq birinchi xonim joriy yilning 17 iyun kuni nabirasi Imonni 25 yoshni qarshilagani munosabati bilan tabriklash asnosida, qamoqda qolayottgan qizi Gulnora Karimovani ko‘rishga ruxsat berilmayotganidan noligan edi

“Nevaram Imonni 25 yoshni qarshi olgani bilan tabriklayman. Baxt, farog‘at, mehr-muhabbat tilayman.

Lekin afsuski, bugungi go‘zal kun quvonchi to‘kis emas. 21-jazoni ijro etish koloniyasidagi qizim Gulnorani ko‘rishga ruxsat berilmadi…”

Uning ushbu posti nafaqat mamlakat ichida, balki tashqarisida ham katta shov-shuvlarni keltirib chiqargach, ushbu post o‘chirib yuborilgan edi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, joriy yilning avgustida 75 yoshni qarshilaydigan Tatyana Karimova turmush o‘rtog‘i Islom Karimovning vafotidan keyin Toshkentda yolg‘iz istiqomat qilib kelmoqda. Uning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bir qator jinoyatlarda ayblanib, qamoqda saqlanmoqda. Gulnoraning o‘g‘li Islom bobosi vafotidan buyon Londondan kelgani yo‘q. Qizi Imon esa vaqti-vaqti bilan Toshkentga kelib turadi. 

Oilaning kenja qizi Lola Karimova-Tillyayeva esa turmush o‘rtog‘i bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. Uning qizi Maryam ko‘pincha vaqtini Toshkentda o‘tkazadi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Gulnora Karimova Saylov Tat'yana Karimova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing