Erdo‘g‘anning taqdirini hal qiluvchi saylov boshlandi

Jamiyat

14 may arafasida butun dunyo Turkiyadagi prezidentlik saylovini muhokama qildi. Saylovning birinchi turida 20 yildan buyon hukumat tepasida o‘tirgan Rajab Toyib Erdo‘g‘an 50% ovoz yig‘a olmadi. Bu esa muxolif partiya vakili unga haqiqatdan ham munosib raqib bo‘la olganini ko‘rsatdi.

28 may kuni Turkiyada prezidentlik saylovining 2-turi bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan 20-21 may kunlari Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasida muddatidan avval ovoz berish jarayoni boshlandi. 

Elchixona bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 5, 6, 7 may kunlari Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va Samarqanddagi konsullik binosida bo‘lib o‘tgan saylov jarayonida O‘zbekistonda bo‘lib turgan turk fuqarolarining 50 foizi ishtirok etgan. 

Saylov komissiyasi raisi Davlat rahbari Alican Aksoyning aytishicha, fuqarolar saylov jarayonida mobil qurilmalari bilan ishtirok etishlari mumkin emas. Shu sababli har bir saylovchi komissiya a’zolari oldilariga kirarkan pasportlari bilan telefonlarini berib, undan so‘ng o‘z nomzodiga ovoz berish imkoniga ega bo‘ladi.

Jarayonlarni kuzatar ekansiz, fuqaro kimga ovoz berganini oshkor qilish mumkin emasligi, saylov byulletenlarini suratga olish man etilgani sababli, pasport va telefonlarini saylov komissiyasi a’zolariga topshirganiga guvoh bo‘lasiz.

“Ovoz berish jarayonida telefon bilan qatnashish mumkin emas. Bu bizning prinsipimizga to‘g‘ri kelmaydi. Ovoz berish jarayonlari yashirin o‘tkaziladi. Bu qoidaga hamma amal qilishi kerak”, deydi Saylov komissiyasi raisi Alican Aksoy. 

Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar ham ommaviy axborot vositalari qarshisida Turkiya Prezidentini saylash uchun ovoz berdi va saylov jarayonlari haqida gapirar ekan 1-tur demokratik ruhda o‘tganini qo‘shimcha qildi.

“Bugun Turkiya Prezidenti saylovining 2-turi uchun elchixonada saylov qutilari qayta ochildi. Ikki hafta avval bo‘lganidek bugun ham vatandoshlarimizni ovoz berishlarini kutyapmiz. 

Birinchi turdagi saylov jarayonida saylovchilarning 89 foizi ommaviy ishtirok etgani demokratiyamiz kelajagiga umid baxsh etadi. Bu jahon miqyosida katta muvaffaqiyat. Saylovlar qanchalik demokratik va ochiq o‘tganini ko‘rsatuvchi eng muhim dalildir. Jahon hamjamiyati ommaviy ishtirokdan mamnun ekanliklarini bildirmoqda. Biz ham 20-21 may kunlari tongi 8:00 dan 22:00 ga qadar vatandoshlarimizni Prezident saylovida ishtirok etishlari uchun elchixonada kutib qolamiz”, deydi Olgan Bekar.

Eslatib o‘tamiz, 14 may kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda respublika prezidentligiga uch nomzodning birortasi ham 50 foizdan ko‘proq ovoz ololmagandi. Birinchi turda Turkiyaning amaldagi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an 49,51%, muxolifat yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘li 44,88%, “Ajdodlar” siyosiy bloki vakili Sinan Og‘an esa 5,17% ovoz oldi. AQSH, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn qirolligi, Xitoy Xalq Respublikasi, Estoniya, Italiya, Yaponiya, Ummon sultonligi, Ispaniya, Singapur, Irlandiya, Isroil, Yangi Zelandiya, Shvetsiya, Shveysariyada yashayotgan turkiyaliklarning ko‘p qismi Qilichdoro‘g‘lini qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjonda Erdo‘g‘anning qo‘li baland keldi. Biroq umumiy hisobda hech bir nomzod 50 foizdan ko‘p ovoz to‘plolmagach, Turkiya Markaziy saylov komissiyasi raisi Ahmad Yener mamlakatda prezidentlik saylovining 2-turi 28 may kuni o‘tkazilishini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Kamol Qilichdoro'g'li Turkiyadagi saylov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing