Erdo‘g‘an Mirziyoyevga Togg elektrokarini sovg‘a qilib yuboryapti

Olam

image

Turkiyada ishlab chiqarilayotgan ilk milliy avtomobil –  Togg elektrokari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ham sovg‘a qilinadi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bugun, 3 aprel kuni Anqarada o‘ziga atalgan avtomobilni qabul qilib olish jarayonida jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi. 

Avval xabar berganimizdek, Erdo‘g‘an mamlakatda ishlab chiqarilayotgan elektromobilning ilk sohibi bo‘ldi va bugun Anqaradagi Prezident qarorgohida birinchi xonim Emina Erdo‘g‘an  Togg T10X avtomobilini sinab ko‘rdi. Sinovdan keyin jurnalistlar bilan muloqot qilgan Turkiya rahbari avtomobil Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga yuborilgani, tez orada O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ham topshirilishini ma’lum qildi.

 

Erdo‘g‘an, jurnalistlarning "Ozarbayjon Prezidentiga avtomobil yuborildimi?" degan savoliga quyidagicha javob berdi: 

"Allaqachon yetkazildi. Bugun topshirishadi. Uning rangi qizil edi. Chunki Ilhom Aliyev shunisidan xohladi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ham yuboriladi".

Ma’lumot uchun, elektromobil narxi 1 million 55 ming lira (taxminan 55 ming 600 dollar), uzoq masofali modeli esa 1 million 215 ming lira (taxminan 64 ming dollar)ni tashkil qiladi.

Elektromobil 218 ot kuchiga ega bo‘lib, ikki xil batareya varianti bilan 314 va 523 kilometr masofani bosib o‘tishi mumkin. Batareyalar 28 daqiqadan kamroq vaqt ichida 20 dan 80 foizgacha quvvatlanishi mumkin. Shuningdek, elektromobilning ikkinchi versiyasi joriy yilning oktyabr oyida taqdim etilishi aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ham Xitoyning BYD elektromobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Togg

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing