Toshkentliklar qutuldimi, tutildimi?
Tahlil
−
24 mart 2023
234852018 yildan buyon Prezidentga bergan va’dasini bajarmay kelayotgan “O‘zavtosanoat” kompaniyasi rahbari Shavkat Umurzoqov 23 mart kuni Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlandi.
Shavkat Bo‘ronovich Umurzoqov 1979 yilda tug‘ilgan. 2013-2018 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish departamentini boshqargan.
U Prezidentning yuksak ishonchi bilan 2018 yilda “O‘zavtosanoat” kompaniyasi rahbari etib tayinlangan.
Hozirgacha Umurzoqov “Mehnat shuhrati” ordeni va “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan. “Sodiq xizmatlari uchun” mukofotlangan Umurzoqovni xalq “monopoliya qiroli” deb ataydi. U Prezident Shavkat Mirziyoyevdan bir emas, bir nechta topshiriq olib ko‘pini bajarmagan, hozirgacha avtomobil monopoliyasi saqlanib qolishiga miq etmayotgan “O‘zavtosanoat” kompaniyasi rahbari berilgan va’daga muvofiq turnaqator navbatlarni ham yo‘q qilolmadi.
Odamlar u Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlangani haqidagi xabarlarni eshitiboq o‘z fikrlarni izohlar orqali bildirdi.
Kimdir “mashinalar arzon bo‘ladi” desa, kimlardir “olg‘a korrupsiya”, deb yozdi. Ularning orasida “Toshkentni boy berdik”, deganlar ham topildi. Shuningdek, “hokim bilan uchrashish uchun 9 oy navbat kutish kerak bo‘ladi”, deb kesatganlar ham yo‘q emas.
Tarmoq foydalanuvchilaridan biri hammasi ssenariy ekanini aytib, shunday deydi:
“Ssenariyni tepadagilar yozadi. Bular esa kelib-ketuvchi. O‘z rollarini o‘ynashadi, xolos. Ko‘ruvchi esa xalq. Sahna ortidagi holat faqat qo‘g‘irchoqlarga va egalariga ayon. Qandaydir xatoliklar bo‘lsa, xalqqa shunchaki qo‘g‘irchoqlar eskirganini ko‘rsatadi, yosh bolani “bolam bundan zo‘rini olib beraman”, deb aldashadi-ku. Xullas, jurnalistlarga sabr va yana sabr! O‘zingizni asrang”.
Doimgidek keskin fikrlarni sobiq deputat tabiat resurslari vazirining maslahatchisi Rasul Kusherboyev bildirdi. U Umurzoqov Prezidentga bergan va’dasini bajarmaganini eslatib, o‘z firklarini boshlagan.
“Prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zavtosanoat” rahbari va boshqa mas’ullarga o‘tgan yilning 1 may sanasiga qadar avtomobil xarididagi navbatlarni tugatish topshirig‘ini bergandi. Davlat rahbarining ushbu topshirig‘ini mas’ullar shu kunga qadar bajarishmagan.
Qizig‘i shundaki, yozishlaricha, Prezident topshirig‘ini bajarmagan "O‘zavtosanoat" rahbari Shavkat Umurzoqovga Toshkent shahriga hokimlik qilish topshirilibdi”, degan sobiq deputat.
Inson huquqlari faoli “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov esa hukumat O‘zbekistonning eng og‘riqli nuqtalaridan bo‘lgan avtosanoatni boshqarolmayotgan odamni shahar hokimi lavozimiga tayinlash jamoatchilikka qarshi borish deb atadi.
“O‘zbekistonda rahbar salohiyati, uni jamoatchilik o‘rtasidagi obraz degan shkalalar yo‘q. Keyingi paytlarda jamoatchilik norozi bo‘lsa ham hukumatga yaqin odamlarni lavozimga tayinlash tendensiyasi shakllanmoqda. Shavkat Umurzoqov haqida ham xuddi shunday deyish mumkin. O‘zbekistonning eng og‘riqli nuqtalaridan bo‘lgan avtosanoatni boshqarolmayotgan, jamoatchilik keskin norozi bo‘lgan odamni Toshkent shahri hokimidek strategik lavozimga qo‘yish, jamoatchilikka qarshi borish, deb o‘ylayman. Hukumat nimani o‘ylagani menga qorong‘i. Menimcha, Umurzoqovni lavozimga tayinlashda “bizga sodiqligi, xiyonat qilmasligi kerak”, degan fikrlar bor. Bu odam huquqni muhofaza qiluvchi idoralardan chiqqan. Bilmadim, hozir juda tushunarsiz “xod” bo‘ldi”, deydi Abdurahmon Tashanov.
Kecha Umurzoqov lavozimga tayinlanishi haqidagi xabarlar tarqalganidan so‘ng Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi Mukarram Azimova bilan bog‘landik.
U tayinlov haqida hech bir ma’lumotga ega emasligini ma’lum qilib, yaqin orada hokimlikda majlis bo‘lib o‘tishi, ammo majlisda qanday masala ko‘rilishi haqida xabari yo‘qligini aytdi.
Majlisda ishtirok etgan Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi raisi Nigora Eshmetova Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov tanishtirilgani va uning rejalari haqida gapirdi.
“Kecha bo‘lib o‘tgan majlisda qatnashdim. E’tiborimni Shavkat Umurzoqovning yosh bo‘lishiga qaramay, katta lavozimlarda ishlagani tortdi. U haqda juda iliq fikrlar bildirildi. Birinchi tanishuvdagi fikrlarim ham juda ijobiy. Aniq fikri bor yigit. Birinchi ishni inson qadri uchun xizmat qilish va mahallalarni aylanib, odamlar muammolarini o‘rganishdan boshlashini ma’lum qildi. O‘zgarishlar masalasida faqat hokim emas, biz deputatlarga ham katta mas’uliyat tushadi. Hammamiz bir bo‘lib harakat qilishimiz kerak”, deydi Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati Nigora Eshmetova.
“QALAMPIR.UZ” bilan suhbatda bo‘lgan, ism-sharifi oshkor qilinmasligi sharti bilan o‘z fikrlarini bildirgan Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Poytaxtga hokim tayinlanganini aynan QALAMPIR.UZ’dan o‘qiganini ma’lum qildi.
“To‘g‘risini aytsam “O‘zavtosanoat” rahbari Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi lavozimga tayinlangani haqida QALAMPIR.UZ orqali xabar topdim.
Shaxsiy fikrimni aytadigan bo‘lsam, Umurzoqovning yoshligi meni quvontirdi. Qolaversa, u huquqni muhofaza qiluvchi organlarda jiddiy lavozimda faoliyat olib borgan. Men buni ham “plyus” deb qabul qilaman. Umurzoqov lavozimga tayinlanganiga ko‘pchilik “GM'ni boshqarib ham hech narsani o‘zgartirmadi” dedi. Men shu tizimdan chiqqan odam hokim bo‘lmaganiga quvondim. Sababi shu odam rahbar bo‘lsa, eski xatolarni takrorlaydi. Boshqa tizim odami esa tashqaridan muammolarni o‘rganadi. Balki o‘zgartirish kiritar”, deydi deputat.
Toshkent shahar Kengashining boshqa bir deputati ham ism-sharifi elon qilinishini istamadi. U ham majlisda qatnashgani va Shavkat Umurzoqov tanishtirilganini ma’lum qildi.
“Yopiq majlisda hokim tanishtirildi. U odamni eskidan taniyman. O‘zgacha nazar bilan ishlay oladi deb o‘ylayman”, deydi deputat.
Toshkentning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Prezident tomonidan “oyog‘i yerdan uzilgan” degan tamg‘a bilan ishdan ketdi. U ketib shahar obod bo‘ldi, yomg‘ir tufayli Toshkentni suv bosmadi yoki “svet”, gaz masalasi hal bo‘ldi deb aytolmaymiz.
Jahongir Ortiqxo‘jayevni ham yaxshi, ham yomon xotira bilan eslaydiganlar talay, albatta. Hokimlarni xalq saylamagan taqdirda ham tayinlangan hokim biror o‘zgarish qilishidan umid uzmaydi odamlar. Muhimi o‘zgarishlar xalq foydasiga, xalq manfaatiga xizmat qilishida. Nima bo‘lganda ham “post”ga yangi hokim kelib bo‘ldi va unga eski hokimbuvadan shaharning yo‘l, gaz, “svet”, drenaj, xullas, ko‘plab muammolari meros bo‘lib qoldi. Asosiy muammolardan biri esa hokimlikning jurnalistlarga nisbatan yopiqligi.
Shavkat Umurzoqov Prezidentga bergan va’dasini bajarmadi, biroq Toshkent shahar hokimi vazifasini qanchalik uddalaydi buni birgalikda kuzatamiz.
LiveBarchasi