Moliya vazirligi Prezident qarorini bajarmaydimi yoki gap Madaniyat vazirligidami?
Tahlil
−
03 fevral 2023
16458Tez-tez Prezidentning yangi qarori, farmoni e’lon qilinadi va bu hujjatlar qaysidir tizimni rivojlantirish, aholi salomatligini ta’minlash, maosh oshirilishi-yu qo‘shimcha mablag‘lar jalb etilishi haqida bo‘ladi.
Yangilik bo‘lgani va sohalar rivojlangani yaxshi. Lekin bu qaror va qonunlarning ijrosi ta’minlanmasligi juda achinarli.
Gap shundaki, QALAMPIR.UZ’ga Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasi xodimlari Prezidentning 2020 yil 26 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” qarorining 11-bandi ijrosi ta’minlanmaganini aytib, murojaat qildi.
Qarorning 11-bandida Davlat xizmatchilari uchun mehnatga haq to‘lashning yagona tizimi joriy etilgunga qadar, Madaniyat vazirligi xodimlari uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan moddiy rag‘batlantirish belgilangan.
Qarorga ko‘ra, Madaniyat vazirligi markaziy apparati xodimlariga, shuningdek, hududiy madaniyat boshqarmalari, tuman va shahar madaniyat bo‘limlari xodimlariga ko‘p yillik mehnati uchun rag‘batlantirish kerakligi yozilgan.
Qaror bilan:
• 2022 yil 1 yanvardan boshlab Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan Madaniyat vazirligi markaziy apparati xodimlarining yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti – 1,4 baravarga;
• hududiy madaniyat boshqarmalarida – 1,2 baravarga oshirilgan miqdorda qo‘llanilishi belgilangan.
QALAMPIR.UZ’ga murojaat qilgan Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasi xodimlarining aytishicha, Prezident qarori e’lon qilinganidan so‘ng, Madaniyat vazirligi Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasida qancha xodim faoliyat olib borishi haqidagi ma’lumotlar bilan qiziqqan va hujjatlar so‘ralgan.
“Madaniyat xodimlarining maoshi juda kam edi. Buni hamma biladi. 2018-2019 yilda Madaniyat xodimlarining ish haqi ko‘tarilishi, Prezident bizni sohamizga e’tibor qaratishi aytilgandi. 2020 yil 26 mayda Prezidentning “Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Xodimlar bu haqda xabar topganidan keyin pul so‘rashni boshlashadi. Aslida bu mablag‘lar madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan to‘lanishi kerak edi. Ming afsuski qarorda yozilgan ish haqqiga tenglashtirilgan to‘lovlar xodimlarga berilmadi. Pul berilishi kerakligi haqida moliya boshqarmasiga murojaat qilganimizda ular pulni madaniyat vazirligi to‘lab berishini aytgandi. Qarorda pullarni Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan to‘lanishi belgilangan. Lekin pullar davlat byudjetidan ajratilishi kerak. Qaror bilan belgilangan mablag‘ to‘lanmaganidan so‘ng, xodimlar bilan sudga davo arizasi kiritdik”, deydi Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasi yuristi Ulug‘bek Jumayev.
Birgina Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasining o‘zidan 14 ta xodim fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudiga ariza bilan murojaat qilgan. 2022 yilning 12 avgust kuni hal qiluv qarori e’lon qilindi –Buxoro viloyat madaniyat boshqarmasiga nisbatan ustama undirish haqidagi da’vo talabi qisman qanoatlantirilgan holda.
Hal qiluv qarori bilan Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasidan da’vogarlar foydasiga quyidagi mablag‘lar undirilishi belgilangan:
- Shamshod O‘rinov – 26 558 920 so‘m;
- Xayriddin Samiyev – 19 971 002 so‘m;
- Farrux Sharapov – 31 319 637 so‘m;
- Feruza Qodirova – 20 999 630 so‘m;
- Ulug‘bek Jumayev – 39 158 723 so‘m;
- Sanjar Ergashev – 7 000 000 so‘m;
- Nargiza Nashvanova – 18 295 716 so‘m;
- Nasrillo Bozorov – 19 971 000 so‘m;
- Zahro Husanova – 17 458 073 so‘m;
- Dilnoza Rahmonova – 33 093 017 so‘m;
- Vazirbek Hayitov – 13 416 068 so‘m;
- Vohid Niyozov – 29 679 60 so‘m;
- Bobur Usmonov – 2 724 00 so‘m;
- A’zam Bobojonov – 19 033 990 so‘m.
“Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasini moliyalashtirish Buxoro viloyati Moliya boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi. Afsuski, qarorning 11-bandidagi ish haqiga qo‘shib to‘lanadigan mablag‘ xodimlarga na Moliya boshqarmasi na Madaniyat vazirligi tomonidan to‘lab berilmadi. Boshqarmadan pul so‘raganimizda mablag‘ni Madaniyat vazirligi to‘lab berishini aytdi.
Qonunda xodimlarga to‘lanadigan mablag‘lar Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilishi belgilangan. Lekin barcha pullar Respublika byudjetidan ajratilishi kerak edi. Bu pullar ajratilganmi yo‘qmi buni bilmayman”, deydi Buxoro viloyati Madaniyat boshqarmasi yuristi Ulug‘bek Jumayev.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudi sudyasi Shomurodov Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasi xodimlariga ustama undirish yuzasidan murojaat qiladi.
“Sud qarorni bizning foydamizga chiqarganidan so‘ng sudyaning o‘zi madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasiga holat yuzasidan so‘rov yuborgan. Jamg‘arma direktori esa bu qaror ijrosini ta’minlash uchun 13 mlrd so‘m so‘m mablag‘ ajratilgani, bu pullar madaniyat vazirligiga o‘tkazib berilganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Madaniyat boshqarmasining direktori Madaniyat vazirligiga murojaat qilgan va “yangi smeta tasdiqlansa, keyin mablag‘ ajratiladi” degan javobni olgan. Qaror bilan belgilangan eski smeta va ajratilgan pullar nima bo‘ladi degan savol bizni qiynamoqda”, deydi Madaniyat boshqarmasining sobiq xodimi Shamshod O‘rinov.
“Sudning xodimlar foydasiga chiqargan qarori ijrosini ta’minlash, pullarni undirish Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasiga qaratiladi. Yuqorida aytganimdek bizning barcha xarajatlarimiz yoki, vazirlik yoki moliya boshqarmasi bergan puldan qoplanadi. Moliya boshqarmasi bu pullarni berolmasligini aytdi. Madaniyat vazirligi esa bu mablag‘lar byudjetdan ajratilgan taqdirda to‘lab beramiz degan javobni berdi”, deydi Buxoro viloyati Madaniyat boshqarmasi yuristi Ulug‘bek Jumayev.
Sud moliya boshqarmasini javobgar sifatida jalb qilgani sababli Moliya boshqarmasi sudning qarori e’lon qilingach, Appelyatsiya sudiga murojaat qiladi. Appelyatsiya instansiyasi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudining 2022 yil 12 avgustdagi mazkur ishi bo‘yicha chiqargan hal qiluv qarorining xulosasi qismidagi “ko‘p yillik ish staji uchun” degan jumlasini chiqarish yo‘li bilan sudning dastlabki qarori o‘zgarishsiz, keltirilgan shikoyat esa qanoatlantirilmasdan qoldiriladi.
Ishingiz sudga borishi, hal qiluv qarori ham sizning foydangizga chiqarilishi mumkin. Ammo, lekin, biroq... uning ijrosi masalasi eng katta yechilishi qiyin bo‘lgan muammoligicha qoladi.
Murojaatchilarga ko‘ra, sud qarorining ijrosi ta’minlanmagach, ish yurituvi Majburiy ijro byurosiga o‘tkazilgan. MIB ham hozirgacha pulni undirganicha yo‘q. Ishlagan haqini ololmagan xodimlar hafsalasi pir bo‘lib, Bosh prokuratura va MIBga murojaat qilishadi va shunday javob olishadi:
“Sud qarori chiqarilgani bilan pullar to‘lab berilmadi. MIB ishni majburiy undiruvga qaratdi. Majburiy ijro byurosi undiruvni Madaniyat boshqarmasining moddiy texnik bazasiga qaratdi. Boshqarmaning Isuzu avtobusi, davlat raqamli Lacetti avtomobili bor edi. MIB bizga bergan javob xatida undiruv aynan shu avtomobilga qaratilganini yozgan. Mibning aytishicha, avtomobil qidiruvga berilgan. Bir savol borda. Qanday qilib davlatni mashinasini qidirish va topolmaslik mumkin. Agar u fuqaroni shaxsiy avtomobili bo‘lganida edi berkitib qo‘yish mumkin bo‘lardi. Davlatni mashinasini qidiruv organi topolmasligi mumkinmi? To‘g‘risi, bu holatni qanday izohlashga ham hayronman. Bizning manfaatlarimiz Madaniyat vazirligi tomonidan ta’minlanmayapti. Sud – oliy organ, lekin uning chiqargan qarori ijrosi ham ta’minlanmaydi. Qaysi organga murojaat qilmang, bir xil javob olasiz “ijroga qaratilgan”, deydi pulini ololmayotgan madaniyat xodimi.
Holatni o‘rganish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latovga murojaat qildik.
Toshpo‘latovning ma’lum qilishicha, olib borilgan majburiy ijro harakatlari davomida davlat ijrochisining 2022 yil 15 sentyabrdagi qarori bilan qarzdor Buxoro viloyat Madaniyat boshqarmasining bankdagi barcha hisob raqamlarining chiqim qismiga band solingan.
“Qarzdorning balansida bo‘lgan 2 ta avtotransport vositasi va 38 ta kadastr ob’ektlariga taqiq qo‘yilgan.
Davlat ijrochisining 2022 yil 22 dekabrdagi qarori bilan boshqarma boshlig‘i Ne’matovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 198-1-moddasi bilan 3 000 000 so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgan.Ijro harakatlari davomida qarzdorning balansida bo‘lgan 80 110 DAV davlat raqam belgili Lacetti rusumli avtotransport vositasiga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Joriy yilning 7 yanvar kuni qarzdorning balansida bo‘lgan 80 378 SBA davlat raqam belgili “SAZ NP 26” rusumli yo‘lovchi tashuvchi avtobus xatlanib, 2023 yilning 9 yanvar kuni baholashga taqdim etilgan.
Kelgusida avtotransport vositasi baholab berilganidan so‘ng, elektron onlayn auksion orqali savdoga chiqariladi va mablag‘lar Madaniyat boshqarmasi xodimlariga berish choralari ko‘riladi”, deyiladi MIBning QALAMPIR.UZ’ga bergan ma’lumotida.
Shuningdek, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi strategik rivojlanish va Kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Elmurod Najimov bilan ham bog‘landik. Uning ma’lum qilishicha, Moliya vazirligi jamg‘arma so‘ragan pullarni to‘liq bermagan.
“Har bir davlat tashkilotida smeta belgilanadi. 2021 yil ham Moliya vazirligi Madaniyat vazirligiga umumiy miqdorda 13 mlrd so‘m so‘m mablag‘ ajratib bergan. Bu pullarni tiyin-tiyinigacha vazirlikka o‘tkazib berganmiz. Bu mablag‘ning xodimlarga bo‘lib berilishi Madaniyat vazirligi zimmasida edi”, deydi jamg‘arma rasmiysi.
Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, nafaqat Madaniyat boshqarmasi, balki Madaniyat vazirligining xodimlariga to‘lanishi kerak bo‘lgan rag‘batlantirish mablag‘lari ham berilmagan. Buning asosiy sababi esa Moliya vazirligi yetarli mablag‘ ajratmagan.
“Asosiy masala fondda emas, ish Moliya vazirligiga borib taqaladi. Moliya vazirligi pul o‘tkazsa, u mablag‘lar, albatta, xodimlarga yetib boradi”, deydi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi strategik rivojlanish va kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Elmurod Najimov.
Prezident qabul qilgan hujjatda qaysidir sohaga pul ajratilishi kerak bo‘lsa, mas’ul vazirlik va tashkilotlar, albatta, moliya vazirligiga rasmiy xat va xodimlar ma’lumoti bilan chiqadi va kerakli mablag‘ni so‘raydi. Vazirlik hisob-kitob qilib, bu pullarni o‘tkazib beradi. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi rasmiysiga ko‘ra, ular Prezident qarori ijrosini ta’minlash uchun Moliya vazirligidan 60 mlrd so‘m mablag‘ so‘ragan.
Afsuski, Moliya vazirligi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hisob raqamiga 13 mlrd so‘m pul o‘tkazgan. Yuqorida aytganimizdek, hozirgacha nafaqat Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasi xodimlari balki madaniyat vazirligining 40 dan ortiq xodimi ham Prezident aytgan rag‘batlantirish mablag‘larini olmagan.
Moliya vazirligi 60 mlrd so‘m so‘ralganda, nima uchun bor yo‘g‘i 13 mlrd so‘m berganidan xabarimiz yo‘q. Lekin Prezident qarorining ijrosi oradan ikki yildan oshiq vaqt o‘tsa ham bajarilmayapti.