Sarson ta’lim - hayron muallim!
Tahlil
−
11 yanvar 2023
43427Xabaringiz bor, Gidrometeorologiya xizmati markazining O‘zbekistonga 10-15 yanvar kunlari anomal sovuq havo kirib kelayotgani, ayrim hududlarda havo harorati -27 gacha pasayishi haqidagi ogohlantirishi ortidan yuqori idoralarda o‘tirgan mansabdorlar shoshib qolib, barcha maktab, akademik litsey, professional ta’lim muassasalari, universitet va institutlarda qishki ta’til 9 yanvardan 17 yanvargacha uzaytirildi. Maktablarda 2022/2023 o‘quv yilining III choragi birinchi o‘qish kuni 18 yanvar etib belgilandi. Ammo, bu – O‘zbekiston! Unda chiqarilgan qarorlar esa istalgan vaqtda, istalgan soatda o‘zgarishi mumkin. Bunga nafaqat ob-havo, balki kayfiyat ham ta’sir qiladi.
Gap shundaki, kecha, 10 yanvar kuni birdan ayrim viloyatlardagi maktablarda o‘qish boshlanishi haqida uzunquloq gaplar chiqa boshladi. Birinchilardan bo‘lib Shuhratbek Abdurahmonov boshqarib kelayotgan Andijon viloyatida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘iga zid ravishda uzaytirilgan qishki ta’til bekor qilinib, barcha maktablar 11 yanvardan ish boshlashi aytildi. Kun qoraymay ro‘yxat ancha kengaydi. Qatorga Surxondaryo, Xorazm Buxoro qo‘shildi.
Lekin “ta’til uzaytirilishi borasidagi xabar Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan qabul qilinib, uni bekor qilish haqidagi buyruqni ham vazir xonim Hilola Umarovaning o‘zi bersa kerak”, degan o‘y bor edi ko‘pchilikda. Afsuski, bunday bo‘lmadi. Hokimliklar o‘z xolicha qaror qabul qilishda davom etdi.
Kuni bilan miq etmagan Vazirlik qosh qorayganda, to‘g‘rirog‘i, soat 20:23 da butun mas’uliyatni bo‘ynidan soqit qilib, qishki ta’til davrini uzaytirish vakolati hududdagi ob-havo sharoitlarini inobatga olgan holda mahalliy hokimliklarga berilganini aytib chiqdi va bunga qonuniy asos keltirdi. (!)
“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli bayoniga asosan hududdagi ob-havo sharoitlarini inobatga olgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga maktabgacha, umumta’lim, o‘rta maxsus, professional hamda oliy ta’lim tashkilotlarida qishki ta’til davrini uzaytirish yoki uzaytirmaslik vakolati berilganligini ma’lum qilamiz.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunda Mahalliy davlat hokimiyati organlariga ta’lim sohasida ayrim vakolatlar berilgan”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Mashmasha ana shundan keyin boshlandi. Jamoatchilik Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va hokimliklarni o‘qituvchilar va o‘quvchilarni o‘yinchoq qilishda, kunning istalgan vaqtida qaror olish va uni bekor qilishda, tutruqsizlikda aybladi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda o‘qituvchilarning o‘quvchilarga ertadan darslar boshlanishi haqidagi e’lonni kech soatlarda qanday yetkazishi haqida e’tirozli postlar paydo bo‘la boshladi.
Respublika jamoatchiligining nigohi esa – poytaxt Toshkentda! Xo‘sh, bu vaziyatda poytaxt qanday yo‘l tutadi? Ish vaqti tugagunicha ma’lumot berilmaganiga qaraganda, poytaxt hokimligi viloyatlardan farqli o‘laroq 11 yanvardan maktablarda “darslarni boshlash chelenji”ga qo‘shilmasligiga umid qilindi. Yo‘q, chuchvarani xom sanabmiz. Poytaxt hokimligi ko‘pchilik uyquga ketganda, soat 22:47 da “dahshatli tush” yanglig‘ bayonot bilan chiqdi.
Unda aytilishicha “11 yanvardan boshlab Toshkent shahridagi umumta’lim maktablarida ularning sharoiti, ishlashga tayyorligiga qarab, bosqichma- bosqich o‘quv jarayonlari boshlanadi. Bu boradagi qaror maktablar rahbariyati tomonidan ota-onalar kengashi bilan kelishgan holda qabul qilinishi tavsiya etiladi”.
“What?” deging keladi ayni vaqtda bu bayonotni o‘qib. Oradan 3 daqiqa o‘tib, soat 22:50 da Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi xuddi Toshkent shahar hokimligi bayonotini kutib turgandek tumandagi maktablar 11 yanvardan ish boshlanishi aytib chiqdi. Qiziq, hokimlikdagilarning o‘ylash va mushohada qilish salohiyati shu qadar kuchlimi? Nega bu savolni ko‘taryapmiz: chunki Toshkent shahar hokimligi bayonotida bu boradagi qaror maktablar rahbariyati tomonidan ota-onalar kengashi bilan kelishgan holda qabul qilinishi tavsiya etilgan. Mirzo Ulug‘bek hokimiyatidagilar 3 daqiqa ichida kim bilan maslahatlashdi ekan?
Boshqa tumanlarda esa bundan ham achinarli ahvolni kuzatish mumkin. Masalan, ayrim tumanlarda maktablar hali Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi bayonoti berilmay turib maktab o‘quvchilarining ota-onalari Telegram guruhlariga ertaga, 11 yanvardan o‘qish boshlanishi haqida xabarlar yuborgan. Xo‘sh, buning nomi maslahatlashuvmi yoki yuqoridan olingan buyruqni maromiga yetkazib bajarishmi? Ikki o‘rtada o‘qituvchilar sarson. Avvaliga maktab direktori xodimlarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘quvchilarga xabar berishni, ertaga davomatni ta’minlashni talab qiladi. Birozdan keyin “shoshmay turinglar” degan signal keladi. O‘qituvchi bechora o‘quvchining uyiga bir necha marta qo‘ng‘iroq qilib, oxiri o‘zi dars berayottgan mushtdek o‘quvchidan “ustoz, nima deyapsiz, bir qarorga kelib olinglar, boraylikmi yo yo‘qmi”, degan ta’nali javob oladi. Va ertaga yana shu o‘qituvchi sinfga kirib, o‘quvchilarga dars o‘tadi. Darslarning bunday noqulay sharoitda boshlanganining sababini so‘rashganda esa o‘zi ham ishonmaydigan bahonalarga o‘quvchilarni ishontirishga harakat qiladi. Mana, bugungi ta’limdagi vaziyat, mana, o‘qituvchini sarson, subutsiz qilishning yaqqol namunasi.
Eng yomoni, chekka tumanlaridagi vaziyat bilan bog‘liq. Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim maktab direktorlari yuqoridan kelgan buyruqni bajarish uchun tunni maktabda o‘tkazib, kechasi bilan maktabni isitish uchun o‘tin yoqib chiqqan. O‘tin ham begona emas, o‘z uyidagi daraxtlar. Qayerdan olding bu gapni deyayotgandirsiz. Jurnalist va bloger Aziza Qurbonovaga shunday xabar yetib kelgan.
“Tarmoqda “tonggacha maktabni isit”, “ertadan maktab, tepadan davomat tekshiriladi” kabi sharmanda-yu sharmisor topshiriq-yozishmalar bolalay boshladi. Bir qaraganda ana xorij tajribasi: mamlakat ta’lim menejmentida markazlashtirishdan voz kechib, hududlar/ta’lim muassasalarining o‘zlari qachon ish boshlash-boshlamaslikni hal qilganlari yaxshidek tuyuladi. Lekin bizda doimgidek “eng yaxshisini kutamiz va… doimgidek bo‘ladi”. Tun yarmiga og‘ganda mahalliy hokimiyatlarga berilgan tanlov huquqi “bajaramiz”kampaniyavozligiga aylanib ketdi. “Maktabing tayyormi, o‘zing tanla” desa “yo‘q, 6 million bolani oldida sizlar uyalmasangiz, men maktabimdagi mingta bolaning oldida bu tuturuqsizlikdan uyalaman” deydigan mard topilarmidi? Yo‘q, albatta. Bajaramiz. Hammasi ta’limdan boshlanadi va… ta’limda tugaydi”, deya izoh qoldirgan u.
Sobiq deputat Rasul Kusherboyev qonunlarga amal qilish shartligini biladi. Shuning uchun farzandini bugun, 11 yanvar kuni maktabga jo‘natgan. Ammo...
“Bugun farzandim sinf bo‘yicha darsga borgan yolg‘iz o‘quvchi bo‘libdi. O‘qituvchisi va farzandimdan bo‘lak boshqa hech kim darsga kelmagan. Nega shunday bo‘lgan ekan-a? Toshkent, 84-maktab”, deya izoh qoldirgan u Telegram sahifasida.
Troll.uz kanali esa bir kunlik qor vazirlikni shoshirib qo‘yganini yozgan.
“Bir kun qor yog‘di bularni mazasi qochdi. 1 oy yog‘sa nima bo‘ladi? 18 gacha ta’til dedingmi, gapingda tur endi. Nima qilasan o‘yinchoq qilib?
Shuncha vazirliklar nima kerak edi? Baribir u yerda kallasi joyida bo‘lmaganlar ishlayotgan bo‘lsa.
So‘ksang xafa bo‘ladi yana”, degan u.
Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ham vazirlikning bu qilig‘ini qoralagan.
“O‘qituvchilarning yozishicha, bugun ayrim sinflarda atigi 2 nafar o‘quvchi o‘tiribdi, qolganlar darsga kelmagan. Biz nima qilaylik, deb o‘qituvchilar hayron. Qiziq, nega ko‘pchilik darsga kelishmadi, ekan-a? Axir hokimlar tungi soat 10-11 da uyma-uy yurib, hammani uyg‘otib, ertaga dars bo‘lishini aytib chiqishmadimi? Tavba, odamlarga ham hayronsan, mundoq bir internetga qarab turishsa bo‘lmasmidi, yarim kechasi aytiladigan xabarlarni ham o‘qishga majbur-ku”, deya kesatiqli post yozgan u.
Bloger Otabek Ortiqov esa maktablarga o‘qituvchi va o‘quvchilar pechka olib borayotgani aks etgan bir nechta suratlarni e’lon qildi.
Suratlar tagida esa quyidagicha izoh:
“Bu maktab ham ochilgan boshqa maktablar qatori. Lekin o‘quvchilar mana shunday pechkadan boshqa narsa bilan xona isitilmasligini his qilgani uchun birortasi darsga kelmagan. Chunki senlar eplay olmasligingni shu go‘daklar ham biladi, lekin senlar bilmaysan. Yoshing bobom tenggiyu aqling beshikdagi jiyanimdan kichkina”.
Sinfxonalarda atigi bir nechta o‘quvchi o‘tirgan yoki umuman hech kim yo‘qligini esa yurist bloger Bahodir Ahmedov quyidagicha talqin qilgan:
“Ertagalik sovuqda kim jigargo‘shasini sovuqqa chiqaradi? Menimcha, hech kim. Vaqtida to‘xtatish kerak bu masxarabozlikni!”
Yurist Saidali Muxtoraliyev esa Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ta’til qachon tugashini aytishga, o‘qishning qachon boshlanishini belgilashga hokimlarda vakolat borligi haqidagi bayonotiga keskin norozilik bildirib, buni qonunan tushuntirib berdi. Yuristning aytishicha, ta’tilning qachon tugab, qachon o‘qish boshlanishini belgilashga mahalliy hokimliklarning haqqi yo‘q!
“Qonunning 27-moddasiga ko‘ra mahalliy davlat hokimiyati organlari vakolatlari sifatida quyidagilar ko‘rsatilgan:
- ta’lim sohasidagi vakolati davlat boshqaruvi organlari bilan kelishilgan holda davlat ta’lim muassasalarini tashkil etadi, qayta tashkil etadi va tugatadi, bundan respublika tasarrufidagi ta’lim muassasalari mustasno;
- o‘z vakolatlari doirasida tegishli hududda davlat ta’lim muassasalari uchun moliyalashtirish hajmini belgilaydi;
- fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan ta’lim tashkilotlarini rivojlantirish masalalari yuzasidan hamkorlik qiladi;
- davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga biriktirilgan hududlarni (mikrouchastkalarni) belgilaydi;
- ta’lim sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshirishda ta’lim tashkilotlariga ko‘maklashadi;
- ta’lim oluvchilar uchun sifatli ta’limni, tarbiyani ta’minlash, ularning iste’dodini shakllantirish va namoyon etish maqsadida joylarda ularga zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqadi;
- o‘z vakolatlari doirasida ta’lim sohasidagi davlat-xususiy sheriklikni rivojlantiradi va nodavlat ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirishga ko‘maklashadi;
- umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari bitiruvchilari bandligini ta’minlashga ko‘maklashadi.
Ana endi savol, bu vakolatlar ichida ta’lim muassasalaridagi ta’tilni uzaytirish yoki uzaytirmaslik, umumiyroq qilib aytganda, ularning faoliyatini boshqarish yoki muvofiqlashtirish vakolati bormi? Yo‘q, albatta”, degan u.
Vakolatlar orasidagi ta’lim oluvchilar uchun sifatli ta’limni ta’minlash degan vakolat turibdi-ku, shu tushmaydimi” degan savolga esa huquqshunos “Yo‘q tushmaydi”, deya javob bergan.
“Chunki joylardagi ta’lim muassasalarida anomal sovuqdan asrash uchun TO‘LAQONLI sharoit yaratilmagan bir vaqtda ta’tillarni bekor qilish, yoki uzaytirishni sifatli ta’limni ta’minlash deb bo‘lmaydi, ya’ni bu butunlay boshqa narsa.
Hozirgi vaziyatda sifatli ta’lim deganda, masalan, anomal sovuq sharoitida o‘quvchilar ta’lim muassasasiga xavfsiz borib kelishlari uchun qatnov sharoitlarini yaratilishini ham tushunamiz, hatto. To‘g‘risi, vazirlikning bugungi bayonotini va undagi pozitsiyani umuman tushunmadim, bu mas’uliyatni va javobgarlikni o‘zidan soqit qilish bo‘lyaptimi?”, deya postini shubhali savol bilan tugatgan yurist.
Eslatib o‘tamiz, QALAMPIR.UZ qaysi viloyatda darslar qachon boshlanishi haqidagi xabarlarni doimiy tarzda berib kelmoqda.
LiveBarchasi