AQSH maktabidagi otishmada ikki o‘quvchi yaralandi
Olam
−
05 dekabr
1331AQSHning Kaliforniya shtatidagi Palermo shahri yaqinidagi maktabga qurollangan shaxs kirib, maktabning ikki o‘quvchisiga qarata o‘t ochdi. Bu haqda NBC News xabar berdi.
Hodisa mahalliy vaqt bilan kecha, 4 dekabr kuni soat 13:00 atrofida sodir bo‘lgan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilar otishma sodir etganlikda gumon qilingan shaxs o‘z joniga qasd qilganini aniqlagan. Yaralangan bolalar, 5 va 6 yoshli o‘g‘il bolalar maktabda bog‘cha tarbiyalanuvchilari bo‘lib, Sakramento hududidagi shifoxonada davolanmoqda. Otishma sodir bo‘lgan xususiy xristian maktabida 5500 ga yaqin o‘quvchi tahsil oladi.
Politsiya tergovni davom ettirmoqda. Jinoyatchining shaxsi, shuningdek, uning sabablari haqida ma’lumot berilmagan.
Ma’lumot uchun, bundan 3 yil avval, Jorjiya shtatidagi otishmadan so‘ng Prezident Bayden mamlakatda o‘qotar qurollar aylanishini cheklash kerak bo‘lgan yangi choralarni e’lon qilgandi. Bu esa 1934 yildan beri qurol-yarog‘ga egalik qilish erkinligiga qarshi 10-urinish bo‘lgan. Ammo Baydenning rejasi ham ish bermadi.
AQSHdagi qurolli zo‘ravonlik arxiviga ko‘ra, otishma sodir etish holatlari pandemiya va undan keyin ko‘paygan. Masalan, 2021 yildan beri 150 dan ortiq ommaviy otishmalar sodir bo‘lgan. Ularning har birida esa o‘rtacha 4 kishi halok bo‘lgan.
Agarda AQSHdagi vaziyatni dunyoning boshqa rivojlangan davlatlari bilan solishtirsak, aholi jon boshiga quroldan o‘ldirish 25 baravarga ko‘p.
2018 yil hisob-kitobiga ko‘ra, aholining qo‘lida qariyb 400 million dona o‘qotar xavfli qurollar bor. Ammo amerikaliklarning uylarida bugun nechta qurol borligini hech kim aniq bilmaydi. Pandemiyadan keyingi 1 yilning o‘zida amerikaliklar 5 million dona to‘pponcha xarid qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Alabama shtatidagi Taskigi universiteti kampusida otishma sodir bo‘lgandi. Oqibatda bir kishi halok bo‘lgandi, yana 16 kishi yaralangandi.
LiveBarchasi