Rastamojka arzon bo‘lyapti. Kimga aza, kimga maza
Jamiyat
−
12 noyabr 2022
60524Avtomobilga pul to‘lab, uyingizga olib kelishni yillab kutganmisiz? demak siz, 1992 yildan buyon faoliyat olib boradigan, manaman degan tanqidlar, ta’na toshlariga chidagan UZAUTO MOTORS mijozisiz. Har ikki kunning birida monopolligi, narxi oshib, sifati oshmasligi aytilib, tanqid qilinadigan bu korxona qariyb 30 yildan buyon tinmay ishlayapti. Kompaniya saytida aytilishicha bugungacha UZAUTO MOTORS tomonidan “Chevrolet” brendi ostida – Spark, Nexia, Cobalt, Lacetti (Gentra), Damas, Labo, Malibu, Tracker, Equinox, Trailblazer, Traverse va Tahoe kabi avtomobil modellari xaridorlarga yetkazib berilmoqda. E’tibor bering faqatgina yetkazib berilmoqda.
UZAUTO MOTORS sotadigan avtomobillarning ko‘pi boshqa davlatlardan import orqali keladi. Berilgan imtiyozlar ortidan esa kompaniya ancha boyiydi. Xalq esa istaydimi yo‘qmi, birga o‘n qo‘yilgan narxda avtomobillarni sotib oladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda UZAUTO MOTORS’ning monopolligi, oddiy xalq uchun rastamojka narxi balandligi muhokama bo‘lishi ortidan rastamojka narxlarida pasayish bo‘ldi.
2022 yil 21 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan “avtotransport vositalarining ichki bozorini rivojlantirishni rag‘batlantirish”ga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaroriga ko‘ra bojxona boji yoki avtomobil dvigatelining har bir kub sm uchun belgilangan qo‘shimcha koeffitsiyentlar uchun bojxona to‘lovlari 2023 yil 1 yanvarandan arzonlaydigan bo‘ldi.
Qarorga ko‘ra, avtomobilsozlik sanoatida raqobat sharoitlarini yaratish va qulay investitsiya muhitini shakllantirish yo‘nalishida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilgan.
Ishlab chiqarilganiga 1 yil to‘lmagan avtomobillar importi.
Endi O‘zbekiston bojxona chegarasini kesib o‘tishda ishlab chiqarilgan sanasi bir yildan oshmaydigan, dvigatel silindrining sig‘imi 1000 sm³ metrdan 3000 sm³ metrgacha bo‘lgan yengil turdagi avtotransport vositalari uchun to‘lov, o‘rtacha ikki barobarga, bojxona boji to‘lovlari esa 30 foizdan 15 foizga arzonladi.
Dvigetel sig‘mi 3000 sm³ dan ortiq bo‘lgan Chevrolet Tahoe, Mercedes-Benz, Toyota Land Cruiser, Porsche, Lamborghini kabi avtomobillar ishlab chiqarilganiga bir yil to‘lmagan holda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tsa 30 foiz emas 15 foiz boj to‘lanadi. Dvigitel sig‘imining har bir kub sm uchun esa 1,5 dollar to‘laysiz.
Ishlab chiqarilganiga 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan avtomobillar importi.
Siz yoqtirgan dvigetel sig‘mi 3000 sm³ dan ortiq bo‘lgan inomarkalar ishlab chiqarilganiga 1 yildan oshib uch yilga yetmagan bo‘lsa, avtotransport vositalarining bojxona to‘lovi 30 foiz, dvigetel sig‘mi uchun to‘lov esa 3 dollarligicha qoladi.
1000 sm³ dan 3000 sm³ gacha bo‘lgan, ishlab chiqarilgan sanasi 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan avtomobillar importi uchun avvalgidek 30 foizli bojxona boji va dvigatelining har bir kub sm uchun belgilangan miqdordagi to‘lovlar o‘zgarishsiz qoladi.
Ishlab chiqarilganiga 3 yildan oshgan avtomobillar importi.
Agar, siz tanlagan avtomobil ishlab chiqarilganiga 3 yildan ko‘p bo‘lgan bo‘lsa, afsuski u avtomobilni O‘zbekiston bojxonasidan olib o‘tish cho‘ntagingizga to‘g‘ri kelmasligi mumkin.
Dvigetel hajmi 1000 sm³ dan 3000 sm³ gacha yoki undan ortiq bo‘lsa, ishlab chiqarilganiga uch yildan ko‘p bo‘lgan avtomobillarni eski narxda ya’ni 40 фоиз bojxona boji va dvigatelining har kub sm 3,0 dollar to‘lab rasmiylashtirish mumkin.
Eski qarordagi dvigetel hajmi uchun yoki bojxona to‘lovlari foizi kamaygani chet eldan olib kiriladigan avtomobil narxining oshib ketamasligiga sabab bo‘ladi. Ammo, bu qulaylik faqatgina yangi, ya’ni ishlab chiqarilgan sanasidan O‘zbekiston bojxona chegarasidan o‘tgunga qadar, 1 yoshga to‘lmagan avtotransport vositalarigagina taalluqli bo‘ladi.
Aksincha, ishlab chiqarilganiga bir yildan oshib, uch yilga yetmagan, yoki 3 yildan eski avtomobillar bo‘lsa, eski hammom eski toz, avtomobilni o‘zgarishsiz narxda O‘zbekiston bojxonasidan olib o‘tishingiz mumkin.
Avtomobil ishqibozlari bojxona to‘lovlari pasayishini eshitiboq mashina tanlashni boshlagan bo‘lishsa hech gap emas.
Masalan siz, 2022 yilning 6-oyida ishlab chiqarilib yoshga to‘lmagan, 2400 sm³ dvigatelli Chevrolet Captiva avtomobilini sotib oldingiz, uni shu yilning ya’ni 2022 yilning dekabr oyidan O‘zbekiston bojxonasidan rasmiylashtirsangiz avtomobil tan narxiga 15 foiz bojxona boji, dvigatelining har bir kub sm uchun 1,25 dollar va QQS hisoblaysiz.
Shu avtomobilini 2023 yilning 1 yoki 2 oylarida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazsangiz, avtomobil tan narxi, 15 foiz bojxona boji, dvigatelining har bir kub sm uchun 1 dollar va QQS hisoblanadi.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bojxona bojlari qimmat bo‘lishiga qaramay 2022 yilning yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekiston xorijiy davlatlardan qiymati 564,1 mln. AQSH dollariga teng bo‘lgan 22 447 ta yengil avtomobil import qilgan.
Xullas rastamojka haqida hozircha shular. Nima bo‘lsa ham ishlab chiqarilib O‘zbekiston bojxonasida rasmiylashtirilgunga qadar bir yoshga to‘lib qolmaydigan avtomobil harakatini qilavering. Tanlagan mashinangiz ishlab chiqarilganiga bir yil-u bir oy bo‘lgan bo‘lsa ham arzonlashgan bojxona bojidan umid qilmaganingiz ma’qul.
LiveBarchasi