O‘zbekiston mamlakatda Eron dronlari yig‘ilayotgani haqidagi iddaolarga munosabat bildirdi
Jamiyat
−
27 Oktabr 2022
11435Avvalroq ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordon va va Isroilda yashovchi sobiq rossiyalik milliarder Leonid Nevzlin Eronning Rossiyaga berayotgan dronlari O‘zbekistonda ham yig‘ilayotgani haqidagi iddao bilan chiqqani xabar qilingandi.
O‘zbekiston Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi Matbuot xizmati mazkur iddaoga munosabat bildirdi.
Qo‘mita ba’zi bir ommaviy-axborot vositalarida tarqatilayotgan, go‘yoki O‘zbekiston Ukrainadagi harbiy xarakatlarda qo‘llanilayotgan Eron jangovar uchuvchisiz uchish apparatlarining (jangovar dronlar) ishlab chiqarish (yig‘ish) maydoni ekanligi to‘g‘risidagi xabarlarni qat’iy inkor etdi.
Shu bilan birga, ta’kidlanishicha O‘zbekiston hozirgi kunga qadar hech qachon Eron tomoni bilan hamkorlikda qurol-yarog‘ va harbiy texnika ishlab chiqarmagan va hozirgi kunda ham ishlab chiqarmayapti.
“Shu munosabat bilan, Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi OAV orqali tekshirilmasdan turib tarqatilayotgan bu kabi xabarlar jamoatchilik e’tiborini yolg‘on ma’lumotlar bilan chalg‘itishi hamda O‘zbekistonning xorijiy davlatlar bilan do‘stona munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga sabab bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi”, deyiladi munosabatda.
Jurnalist va milliarderning iddaosidan keyin Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputat Alisher Qodirov mazkur xabarga Mudofaa va Tashqi ishlar vazirliklari rasmiy munosabat bildirib, Gordonni kechirim so‘rashga majburlashi kerakligini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyi oxirida “The Washington Post” gazetasi Eron Ukrainadagi urush uchun dronlarning birinchi partiyasini Rossiyaga topshirgani haqida xabar bergan edi. Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya tomonidan Ukraina shaharlariga hujum qilish uchun Eron “Shahed” kamikadze-dronlaridan foydalangani haqida bir necha bor xabar bergan.
17 oktyabr kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi kamikadze-dron hujumlari tufayli Eronni “Rossiyaning Ukrainaga qarshi jinoyatlarida sherik” deb atadi.
Prezident Vladimir Zelenskiy G7 davlatlarining favqulodda yig‘ilishida so‘zlagan nutqida Rossiya Tehrondan yana 4000 ta dron buyurtma qilganini aytdi. Shuning uchun u Kiyevga havo va raketa hujumiga qarshi mudofaa sohasida yordam so‘rab murojaat qildi.
Ukraina Mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov “Obozrevatel” nashriga bergan intervyusida Rossiya Erondan 1750 dona hajmdagi dronlarning birinchi partiyasini buyurtma qilgani, keyin ishlab chiqarish va Rossiyaga yetkazib berish uchun vaqt talab qiladigan yangi buyurtmalar boshlangani haqida ma’lum qilgandi.
“Ular asta-sekin ularni tugatmoqda, eronliklar yangilarini yasamoqda, ammo masalaning boshqa tomoni ham bor: biz barcha dronlarning taxminan 70 foizini doimiy ravishda urib tushiramiz”, deydi Budanov.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 18 oktyabr kuni Ukrainada Rossiya qo‘shinlari Eron dronlaridan foydalangani haqida hech qanday ma’lumotga ega emasligini aytdi.
LiveBarchasi