Diqqat! Toshkentda nafas olsang o‘lasan

Jamiyat

Havo sifati indeksi (AQI) reytingiga ko‘ra, 17 oktyabr soat 16:48 holatiga Toshkent havosining iflosligi bo‘yicha Dehlini ham ortda qoldirib, dunyoda 1-o‘rinni egalladi. Ushbu reytingda 2-o‘rinini Italiyaning Milan shahri, 3-o‘rinni Pokistonning Laxor shahri, 4- o‘rinni Hindistonning Dehli, 5-, 8-, 10-o‘rinlarni Xitoyning Chunsin, Uxan, Chendu shaharlari egallagan. Shuningdek, ro‘yxatning 6-o‘rinidan Kanadaning Vankuver, 7-pog‘onasidan Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahri, 9-o‘rindan Bangladesh poytaxti Dakka o‘rin olgan. 

Havo sifatining zararlilik darajasi uning o‘sish birligiga qarab belgilanadi va ranglarga bo‘linadi. Masalan: 

  • Havo sifati 0-50 birlikgacha “yashil” daraja bilan yaxshi; 
  • 51-100 birlikgacha “sariq” daraja bilan o‘rtacha xavfli;
  • 101-150 birlik holatida “olovrang” daraja bila zaif guruhlar uchun zararli;
  • 151-200 birlikda “qizil” daraja bilan zararli; 
  • 201-300 birlikda “binafsharang” daraja bilan juda zararli;
  • 301+ birlikda esa “bordo” rangi bilan xavfli deb baholanadi.

Soat 16:48 da 164 birlikda “qizil” daraja bilan zararli deb qayd etilgan Toshkent havosining iflosligi o‘zgarishsiz qolgani yo‘q.

Shahar havosi tarkibida PM-2.5 mayda dispers zarracha ko‘rsatkichlardan 1,5 barobar ortgani oqibatida, soat 17:57 da havo iflosligi darajasi 166 birlik “qizil” xavfga” o‘zgardi. 

Havo tarkibidagi PM-2,5 mayda dispers zarracha jahon standartlari bo‘yicha ruxsat etilgan me’yordan 3,5 barobarga ortishi oqibatida, soat 19:00 da havoning sifat darajasi 166 birlikdan 222 birlikka ko‘tarilib, juda zararli hisoblangan “binafsharang” xavfga o‘zgargan.  

Soat 20:00 da havoda gorizontal ko‘rinish masofasi chang hisobiga, 3 km gacha cheklanib, Toshkent shahri havosida mayda dispers zarrachalar hisobiga ifloslanish 262 birlik ''binafsharang'' xavfda qayd etilgan. 

Soat 22:00 da bu ko‘rsatgich 288 birlik bilan juda zararli bo‘lgan ''binafsharang'' darajaga yetgan. 23:30 poytaxtdagi ifloslanish darajasi ''qizil'' xavfga o‘zgargan. 

Shamol esib, yomg‘ir yog‘ishi oqibatida havo iflos va chang zarrachalardan tozalanib, 00:00 holatiga havoning ifloslanish darajasi 89 birlikka o‘zgarib, “sariq” xavf darajasiga tushgan.

Toshkentda havo iflosligi yuqoriligi sababli O‘zgidromet poytaxt aholisi va mehmonlariga imkoni boricha, uydan chiqmaslik, ko‘chada bo‘lganda, albatta tibbiy niqobdan foydalanish va uni har bir soatda almashtirish, nafas qaytishi, burun bitishi, aksirish, tumov, ko‘zlar qizarishi, tomoqda qattiq qichishish, yo‘tal paydo bo‘lganda zudlik bilan allergolog shifokorga murojaat qilish, shuningdek, tuzli eritmada burun va tomoqni chayish, oynalarni yopiq holatda saqlash, oynalarning oldida ho‘l sochiqlarni yoyib qo‘yishni tavsiya qildi. 

Yodingizda bo‘lsa, 13 oktyabr kuni Gidrometeorologiya xizmati markazi mutaxassisi Erkin Abdulahatov O‘zbekiston poytaxti dunyo havosi eng nosog‘lom shaharlar reytingida 8-o‘rinda turganini ma’lum qilgandi. Toshkent shahri havo iflosligi bo‘yicha 5 kunda bir nechta shaharlarni orta qoldirib xalqaro reytingda birinchi o‘ringa ko‘tarilishi jamoatchilik vakillari o‘rtasida katta muhokamaga sabab bo‘ldi.

“Toshkent havosining iflosligi bo‘yicha dunyoda 1-o‘ringa chiqdi. Bu – son-sanoqsiz daraxtkesarliklar, pala-partish qurilishlar va sifatli jamoat transporti yo‘qligi sabab shaharda avtomobillar ko‘payib borayotgani fonida yuz bermoqda.

Ortiqxo‘jayevga samimiy tabriklarim. Uning Dubayga yetish orzusi ortig‘i bilan amalga oshmoqda”, deb yozadi jurnalist Ilyos Safarov.

“Ezgulik” jamiyati raisi, inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov esa Toshkent bu reytingda hali uzoq qolishini yozgan:

“Endi qalaysizlar, g‘alamislar? Doim hayotga qora ko‘zoynakdan boqasizlar. Biror sohada ilg‘or emasmiz, deb noliysizlar. Bunaqa emas-da, bas qiling endi. Mana birinchi o‘rindamiz. Xudo xohlasa, bu o‘rin biz bilan mangu qolajak!”, deydi Abdurahmon Tashanov. 

 

“Toshkent eng iflos havo nominatsiyasida nihoyat yana birinchi o‘ringa chiqib olibdi. Hukumatimizga va hokimiyatga sharaflar!”, deydi Iqtisodchi bloger Otabek Bakiro. 

Samarqandlik deputat Shohruhbek Alibekov o‘zining Twitter’dagi sahifasida

"Toshkentda qurilishga morotoriy e’lon qilish kerak!" deb yozgan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari ham Toshkent shahridagi havo iflosligi bu darajaga kelishiga daraxtlar kesilishi, qurilishlarning ko‘pligini sabab qilib ko‘rsatgan. 

Tarmoq foydalanuvchilaridan biri “Ishlab chiqarish bo‘yicha lider Xitoyni nihoyati ortda qoldirdik” deb yozsa, boshqa bir foydalanuvchi “Toshkent shahri havosi ifloslangan shaharlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egallabdi. Dehlini ham ortda qoldirdik. Ammo daraxtlarni kesib, uy qurib, soqqa qilayotganlarga buning umuman farqi yo‘q!” deb yozgan. 

Havo sifati indeksi reytingiga ko‘ra, bugun, 18 oktyabr soat 12:00 holatiga ko‘ra Pokiston havosining iflosligi bo‘yicha dunyo reytingida 1-o‘ringa ko‘tarildi. 2- o‘rinni Hindiston 3-o‘rinni Poytaxt Toshkent egallab turgandi.

Shamol esib, yomg‘ir yo‘g‘ishi oqibatida soat 14:15 holatiga poytaxt havosining ifloslanishi 80 birlikka tushib “sariq” xavf darajasiga o‘zgargan. Buning oqibatida O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahri reytingning 28 o‘ringa tushdi. 

Soat 16:00 da poytaxt havosining ifloslanishi 87 birlikka ko‘tarilib, reytingning 22 o‘ringa chiqdi.

19:00 da esa Toshkent havosining ifloslanish darajasi 72 birlikka o‘zgarib, reytingning 35 o‘ringa pasaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

200

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing