Ortiqxo‘jayevning “changalidagi” Jamoatchilik kengashi xalqning koriga yaraydimi?

Tahlil

24 avgust kuni Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hokimlik qoshida “Jamoatchilik kengashi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorda O‘zbekiston Respublikasining “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 iyulidagi “Davlat idoralari qoshida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq davlat organlarida samarali boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish, aholiga sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish, fuqarolarni o‘z vaqtida haqqoniy axborot bilan ta’minlash, jamoatchilik bilan tizimli ishlash, rahbarlarning roli va mas’uliyatini oshirish, davlat va nodavlat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligini ta’minlash maqsadida kengash tuzilgani ko‘rsatilgan.

Poytaxt hokimi Ortiqxo‘jayev 24 avgust kuni Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 69-sessiyasida Jamoatchilik kengashi tashkil etilishi va uning faoliyati haqida ma’lum qildi. Kengashga raislik qilish uchun Ortiqxo‘jayev qo‘l ostida bir muddat Matbuot xizmati rahbari, hokim o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Furqat Mahmudxo‘jayev nomzodini taklif qildi.

Furqat Mahmudxo‘jayev va uning faoliyatiga keyinroq to‘xtalamiz hozir biroz ortga qaytsak.

2018 yilda ham shahar hokimi tashabbusi bilan Jamoatchilik kengashi tuzilgan. Unga rais etib tadbirkor Hikmat Abdurahmonov tayinlangan. Oradan bir yil o‘tgach, u rais sifatidagi faoliyatini yakunlab, jamoatchilik kengashi a’zosi sifatida qolishi, ushbu davr uning hayotidagi muhim jabha hisoblanib, vazifalarini imkoniyatlari darajasida halol va sidqidildan bajarishga harakat qilganini e’lon qilgan.

“Kengashimiz faoliyatiga befarq bo‘lmagan, fikr-mulohazalarini bildirgan, faol ishtirok etgan, xolisona tanqid qilgan yoki ishimizdan qoniqmagan barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, bularning hammasi shunday yoki aksincha bo‘lgan holatda ham o‘z ustimizda ishlashga hamda taslim bo‘lmaslikka yordam berdi. Fikrimcha, JK rahbari boshchiligidagi yangi tashkilotga yangi kuch oqimi, yangi fikrlar juda zarur”, degan Hikmat Abdurahmonov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida 2019 yil 28 iyul kuni yozib qoldirgan postida.

Ma’lumotlarga qaraganda Hikmat Abdurahmonovdan keyin Jamoatchilik kengashining yangi tarkibi yig‘ilgan. 2019 yilning 8 noyabr kuni O‘zbekiston Marketing uyushmasi boshqaruv raisi Diyor Mirzaahmedov Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi raisi sifatida faoliyatini boshlagan.

O‘zbekiston Marketing uyushmasi boshqaruv raisi (sobiq Jamoatchilik kengashi raisi) Diyor Mirzaahmedov:

— Jamoatchilik kengashi tuzilganida deputatlar bilan yaxshi munosabat shakllanmagan edi. Shu sababli ham Jamoatchilik kengashiga ko‘proq ishonilgan va hokimiyatning kengashga nisbatan munosabati juda ham iliq bo‘lgan. Deputatlar saylovi o‘tgandan keyin, ular bilan munosabat ham yaxshilandi. Ana undan so‘ng Jamoatchilik kengashiga qiziqish kamaydi. Jamoatchilik fikri esa deputatlardan eshitila boshlandi. Fikrimcha, deputatlar ham kengashni o‘zlariga raqobatchidek qabul qilishgan. Deputatlar o‘zlarini jamoat vakili sifatida qabul qilishadi va shu sababli ular bilan fikrimiz bir joydan chiqmadi. 

Bir narsani aytish kerak, biz ishlagan davrimizning bir qismi pandemiyaga to‘g‘ri kelgan. Bu esa hokimlik e’tiborini pandemiyaga qaratib qo‘ydi. E’tiborsizlik ortidan Jamoatchilik kengashining faoliyati susayib qoldi. Kengash a’zolari har qancha faol bo‘lmasin, hukumat tomonidan e’tibor bo‘lmas ekan, Kengash a’zolari o‘zini keraksizdek biladi va ishlash ishtiyoqi pasayadi.

Hozirgi rahbarlar blogerlar e’tiborini qozonishga harakat qilishadi. Chunki ularning fikri keng jamoatchilik markazida. Ko‘p rahbarlar ijtimoiy tarmoqlarda o‘zi haqida pozitiv fikrlar yaratish maqsadida blogerlar fikriga qiziqadi. Ular Jamoatchilik kengashini sodiq blogerlar bilan adashtirishadi. Jamoatchilik kengashi – bu blogerlar kengashi emas.

Toshkent shahar hokimining Jamoatchilik kengashini tuzish haqidagi taklifiga qarasak, birinchilardan bo‘lib blogerlar nomini sanadi. Jamoatchilik kengashini blogerlar kengashi sifatida ko‘ryapti. To‘g‘ri, ularning orasiga rasmiy o‘laroq deputatlar ham qo‘shildi. Lekin, kechirasiz, deputatlarni o‘z o‘rni, yetarli darajada vakolati, bajarishi kerak bo‘lgan ishlari bor.

Kengash faqat deputat yoki blogerlar fikri bilan emas, balki juda mashhur bo‘lmagan, oddiy jamoat fikrini ko‘ra oladigan odamlardan tashkil topishi kerak. Menimcha, hokimiyatni tanqid qilgan blogerlar Jamoatchilik kengashiga qo‘shilmaydi.

Eng qizig‘i, men faoliyat olib borgan vaqtdagi ayrim muammolar hozir ham aktual. "Snos" Prezident imzolagan hujjat bilan to‘xtatilgandir, lekin daraxtkushlik masalasiga hali ham yechim topilmadi.

2019 yilda kengash a’zosi bo‘lgan jurnalist Elmira Tuxvatullina kengash faoliyati haqida gapirib, muammolar har qancha gapirilmasin, yechim bo‘lmasa Jamoatchilik faoliyatining samaradorligi 0 ga teng ekanini aytdi.

Jurnalist (sobiq Jamoatchilik kengashi azosi) Elmira Tuxvatullina:

— Jamoatchilik kengashining hamma a’zolari juda faol edi. Ayniqsa, ekologiya masalasidagi ko‘p muammolarni hokimlikka yetkazishga urinardik. Muammo ko‘tariladi, lekin yechim yo‘q. Kengashga shunchaki a’zolik bilan ish bitmaydi. Hamma o‘z yo‘nalishida jamoatchilik fikrini o‘rganishi va belgilangan ishlarni bajarishi muhim. Kengash Toshkent shahri miqyosidagi muammolar haqida qancha gapirmasin, yechim bo‘lmasa, ishlashdan naf yo‘q.

O‘sha vaqtda Kengash ko‘targan muammoni hal qilishi kerak bo‘lgan tashkilotlar bizni eshitmagan. Hokimiyat bizga joy ajratib bergan, xolos. Aslida muammoni hal qilish faqat Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev qo‘lida emas, balki, butun boshli tizimda, hamma o‘z ishini vaqtida bajarishi kerakligida. Jamoatchilik kengashining kuchi – hokimiyat uni ittifoqchi sifatida qabul qilishida, muammo aytildimi uni qabul qilish va hal etilishida. Jamoatchilik kengashini tuzib, u ko‘targan muammolarni ijro organlari eshitmasa, qabul qilmasa, bu kengashning faoliyat yuritishidan naf bo‘lmaydi.

Diyor Mirzaahmedov ham Jamoatchilik kengashida bir yil faoliyat olib bordi. Undan so‘ng kengash raisi vazifasini bajaruvchi etib Munitsipal iqtisodiyoti va injiniring Markazi mulkdori va direktori Bahodir Xodjayev tayinlangan. Ularning faoliyati va kengash ishi qachon tugatilgani haqida hech qanday ma’lumot mavjud emas. Furqat Mahmudxo‘jayevga ko‘ra, kengash shahar hokimi qarori bilan tuziladi va buziladi. 

2018 yilda tuzilgan Jamoatchilik kengashining foydasi tegdimi tegmadimi bilmadik, bunga o‘zingiz baho berasiz. Kengash a’zolarining fikriga qaraganda, ular muammoni aytishgan. Ijro masalasi esa doimgidek so‘roq ostida qolib ketgan. 

Toshkent shahrini yanada rivojlantirish, shahar ekologiyasini yaxshilash, bog‘lar hamda yashil maydonlar tashkil etish, shahar infrastrukturasini takomillashtirish, sportni ommalashtirish, madaniy tadbirlarni o‘tkazish kabi umumiy rejalar 2018 yilda ham bo‘lgan, hozir ham bor. Tan olish kerak, biznikilar madaniy tadbirlarni o‘tkazishni maromiga yetkazishadi. 

Shahardagi daraxtlar kesilishining oqibatlarini qum bo‘roni ko‘tarilganda, kanalizatsiya, suv oqova tizimidagi muammolarni esa yomg‘ir kunlab yog‘ganda ko‘ryapmiz. Shaharda biror ish qilishdan avval soliq to‘lovchilar bilan maslahat qilmasligklariga-ku o‘rganib qoldik. 

Endi shu yilning 24 avgustida qayta tuzilgan Jamoatchilik kengashi va uning raisi Furqat Mahmudxo‘jayevga qaytsak. U Jamoatchilik kengashi ochiq, mutlaq ochiq bo‘lishini urg‘ulayapti. Ha endi hokimlik ochiq bo‘lmaganiga yarasha, kengash ochiq bo‘lmasa bo‘lmaydiyam-da.

“Bundan avval 2 ta Jamoatchilik kengashi faoliyat olib borgan. Shundan kelib chiqsak, ishlashda ham ijobiy, ham salbiy tajribaga egamiz. Yangilik qilish uchun ham har bosqichdan o‘tiladi. Yangi tuzilgan Jamoatchilik kengashi ochiq, mutlaqo ochiq. Kengash hozircha 19 nafardan iborat. Kimdir qo‘shilish istagini bildirsa, ularga ham hech qanday cheklov yo‘q. Fikrlar qanchalik hilma-xil bo‘lsa, shuncha yaxshi.
 
Maqsadimiz qilingan ishlarga ura-ura qilib, qarsak chalish emas. Tuzilayotgan yangi tarkib, jamoatchilik faollari, jurnalist va blogerlar yordamida bor muammoni ko‘rsatib, ijro organi to‘g‘ri xulosaga kelishiga yordam berish kerak”, deydi Mahmudxo‘jayev

OAV bilan birga ishlashni reja qilayotgan Furqat Mahmudxo‘jayev raisligidagi Jamoatchilik kengashi haqida jurnalist-bloger va faollar nima deydi?

Yurist va bloger Bahodir Ahmedov:

— “Ponyatiya ne imeyu”. Nega? Chunki ishlamaydigan tuzilmalarga vaqtimni sarflamayman.

Filologiya fanlari doktori, eko-jurnalist Nargis Qosimova:

— Avval ishlagan kengash haqida ma’lumotim yo‘q. Yangi tuzilgani haqida eshitdim. Kerakli samara beradi, deb o‘ylamayman. Toshkent shahrida qurilishlarning ko‘pligi, aholi yashash joyiga yaqin hududlarda ozginagina yer bo‘lsa ham hokimliklar tadbirkorlarga berib yuborishi bilan bog‘liq holatlar kuzatildi. Ular esa qurilish qilish uchun daraxtlarni kesishni boshlashdi. Toshkentning Qora qamish dahasida ko‘p qavatli uylar o‘rtasidagi kichkina maydonga beshta tadbirkor qurilish qilish maqsadida keldi. Ikki yildan buyon kurashib, bolalar uchun stadion qurdirishga muvaffaq bo‘ldik. Vaholonki, u yerda 7 qavatli uy qurilishi kerak edi. Biz kabi kurashadigan aholi soni juda ham kam. Jamoatchilik kengashi faoliyatiga muvaffaqiyat tilayman. Lekin, ulardan katta samara kutmayman. Ekologiya yoki boshqa muammolar tizimli ravishda yoritilganini ko‘rmadim. Muammoga tizimli yondashilsa, shundagina natija bo‘ladi.

“Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov:

— Ko‘pchilik Jamoatchilik kengashlarining faoliyati o‘zini oqlamadi. Kengashning asosiy funksiyasi bo‘lgan jamoatchilik nazorati ishlamadi. Aksincha, Jamoatchilik kengashlarini davlat muassasalari va uni ta’sis etuvchi organlar o‘zining targ‘ibotchisiga aylantirib oldi. Ko‘pgina idoralarda ayrim Jamoatchilik kengashlari hokimiyat yoki boshqa muassasalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri advokatiga aylanib qoldi. Hatto, kamchiliklarni ham xaspo‘shlab ko‘rsatishga, ularni jamoatchilikdan himoya qilishga o‘tib oldi. Bu mutlaqo teskari effekt berdi.

Toshkent shahar hokimiyatining Jamoatchilik kengashiga keladigan bo‘lsak, hokimiyatda jamoatchilikni manfaatiga to‘g‘ri kelmaydigan, odamlar taqdiriga nishon bo‘ladigan ishlar bo‘ldi. Lekin, Jamoatchilik kengashi biror marta hokimlikdan hisob so‘rab, ularning faoliyatini tanqid qilib, bayonot e’lon qilganini ko‘rmadik. Kengashning birinchi vazifasi jamoatchilik nazoratini o‘rnatish. Jamoatchilik bilan davlat hokimiyati idorasi o‘rtasida ko‘prik bo‘lish. 90 foizdan ortiq Jamoatchilik kengashlari o‘zining bu funksiyasini bajarayotgani yo‘q. Bu funksiyadan kechish yoki takomillashtirish kerak.

Furqat Mahmudxo‘jayev boshqa hokim o‘rinbosarlaridan ko‘ra jurnalistlarga yaxshi tanish. Chunki u shahar hokimi o‘rinbosari lavozimidagi faoliyatidan avval, Toshkent shahar hokimi Matbuot hizmati rahbari bo‘lib ishlagan. Chapdan qarasangiz ham, o‘ngdan qarasangiz ham u hokimning odami. Mahmudxo‘jayev Matbuot xizmati rahbari bo‘lib ishlaganda ham, keyin hokimning o‘rinbosari lavozimiga ko‘tarilib, baribir va bevosita Matbuot xizmatini nazorat qilganda ham jurnalistlar va hokimlik o‘rtasida samimiy va ochiq muloqot maydoni yaratilgani yo‘q. Aksincha, hokimlik savollarga ko‘mildi, javob beradigan odam yo‘q, tanqiddan qochildi, tanqid qilgan jurnalistlar va OAVlar shunchaki hokimlikdan uzoqlashtirildi. Ularga “noxolis tanqid” degan yorliq yopishtirildi. Lekin bugungacha hokimlik va janob Ortiqxo‘jayevning o‘zi biror tanqidni xolis deganini eshitganimiz yo‘q. 

Uzoq bo‘lmagan tarixda ko‘rgan-kechirganlarimiz Ortiqxo‘jayev va uning odami Mahmudxo‘jayevga nisbatan keng va hozircha o‘zgarmas tasavvurlarni shakllantirganki, Mahmudxo‘jayev qaysi lavozimda ishlashidan qat’i nazar uning xolis bo‘lishiga shubha yo‘q emas. Uning o‘zi esa bu haqida shunday deydi: 

“Xolislik masalasiga kelsak, hokimiyatdagilar menga “siz jurnalist blogerlarning odamisiz”, deyishadi. OAVdagilar esa baribir ham hokim o‘rinbosari ekanimni aytishadi. Hayot ko‘rsatadi. Shahar yaxshi bo‘lsa bo‘ldi. Yosh o‘tgan sari lavozimni emas, oxiratni o‘ylab qolar ekansiz. Keyin meni qanday eslashadi, deb o‘ylab qolasiz. Biz ham yosh bo‘lmayapmiz, sekin-sekin shu narsalarni o‘ylashimiz kerak. Odamda aldashga, noto‘g‘ri ma’lumot berishga qo‘rquv paydo bo‘ladi”, deydi Jamoatchilik kengashining 57 yashar raisi.

Bugungi kunda fuqarolarni qiynaydigan muammolar ko‘p. Ulardan ko‘pchiligining yechimi esa hokimliklarda. Fuqaro o‘zi istiqomat qiladigan tuman hokimligidan aytarli javob ololmasa, shahar hokimligiga bosh uradi. Hokimlikdagi “shep” yoki uning o‘rinbosarlari ham fuqarolarni qabul qilmagan taqdirda, yozma ariza bilan murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Arizaga javob berish majburiyligi esa qonunda yozib qo‘yilgan. Lekin, masalaning boshqa kulgili tomoni ham bor. Ko‘pincha portal va shunga o‘xshash davlat tashkilotlariga yuborilgan arizalar va shikoyatlar ko‘rib chiqish uchun yana o‘sha ustidan arz qilingan tashkilot yoki rahbarning qo‘liga borib tushadi. Vallomatiga murojaat qilsangiz ham so‘nggi hukmni o‘qiydigan odam yana o‘sha. Agar fuqaolar Jamoatchilik kengashlariga murojaat qilishsa, bu kabi muammolar qanday hal etiladi?

“Har bitta muammoni hal etish kerak. Bu bo‘yicha tizim yaratilgan. Juda yaxshi yo‘nalish haqida gapirdingiz. Jamoatchilik kengashi murojaatlar bilan ishlash tizimidagi oqsoqlikni o‘rgansa juda yaxshi. Fuqarolar ariza bilan kelishadi, ba’zi vaqtlarda o‘zimiz ham afsuslanamiz, chunki u ariza kimnidir ustidan yozilgan bo‘lsa, o‘sha odamni qo‘liga ham borib qoladi. Bundan keyin esa odamlarda ishonch ham qolmaydi va qayerga borishini ham bilmay qoladi. Jamoatchilik kengashidagilar murojaatlardagi oqsoqlikni hokimiyatga ko‘rsatib bersa to‘g‘ri bo‘ladi”, deydi Furqat Mahmudxo‘jayev. 

Hokim Jaxongir Ortiqxo‘jayev Jamatchilik kengashini tashkil etish haqida shunday degan edi: 

— O‘zingizga ma’lum, poytaxtimiz aholisi va mehmonlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, aholi turmush darajasi sifatini yanada oshirish – asosiy maqsadimiz. Lekin so‘nggi vaqtlarda aholimiz manfaati uchun qilayotgan xayrli ishlarimizni keng jamoatchilikka o‘z vaqtida va to‘liq yetkazib bera olmayotganimiz sabab, turli e’tiroz va ba’zi paytda noxolis tanqidlarga uchrayapmiz. (!)

Shu o‘rinda yana bir narsaga alohida to‘xtalmoqchiman, amalga oshirilayotgan ishlar va loyihalar ko‘lami qanchalik keng, katta bo‘lmasin, jamoatchilikning fikri, maslahati va kerak bo‘lsa ba’zi o‘rinlarda tanqidisiz kutilgan ijobiy natijaga erishishning iloji yo‘q. Shu sababli biz jamoatchilik bilan yaqindan va ochiq ishlash, aholining faol qismini shahrimizda olib borilayotgan islohotlarga kengroq jalb etish maqsadida Toshkent shahar hokimligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi ishini siz deputatlarimiz bilan bamaslahat qayta ko‘rib chiqishga qaror qildik.

Endi aniqlashtirib olsak, Jamoatchilik kengashining ishi hokimiyat qilib bo‘lgan ishlarni ommaga yetkazib, norozi bo‘layotganlarning og‘zini yopishmi yoki hokimlik rejalarini xalqqa aytib ularni ogohlantirish, bo‘lsa tavsiyalarini tinglash va hokimbuvaga yetkazishmi?

Menimcha, hokimlik qilgan ishlari, olib borgan islohotlarini xalqqa yetkaza olmaganining asosiy sababi Jamoatchilik kengashi yo‘qligida emas, balki bir necha yildan beri OAV bilan qo‘rqmasdan ishlaydigan Matbuot kotibiga yolchimasligida. Hokimlik qilgan ishlarini Jamoatchilik kengashi orqali xalqqa yetkazishi shart emas, balki OAV bilan doimiy va ochiq ishlaydigan Matbuot kotibi faoliyatini yo‘lga qo‘yishi kerak. 

Jamoatchilik kengashi esa xalq fikrini o‘rganish, hokimiyatni buzilish, qurilish, ta’mirlash yoki boshqa rejalarini soliq to‘lovchilarga yetkazib ularni fikrini olish, odamlar muammolarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri hal qilish, hokim qarori bilan qilinayotgan ishlar odamlarda norozilik tug‘dirgan taqdirda ham uni hokimga aytib, odamlar roziligini olishga hizmat qilishi kerak. 

Jamoatchilik kengashi odamlarni norozi qilayotgan xususlarda hokimni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ogohlantira oladimi yoki rahbarning yuzidan o‘tolmay, murojaatlarni bosdi-bosdi qiladimi? Bunga esa Mahmudxo‘jayev shunday deydi:

"Shu vaqtgacha ishlaganimni ko‘rgansizlar. Muammoli joylarga borganman. Shahar hokimi yoki uni o‘rinbosarlarining kayfiyatiga qarab ishlaydigan bo‘lsak, Jamoatchilik kengashining keragi bo‘lmaydi”, deydi Furqat Mahmudxo‘jayev.

U deymizmi, bu deymizmi Jamoatchilik kengashini tuzib bo‘lishdi. Muhimi bu kengashning ovozi eshitilsin. Fuqarolar dardini gapiradigan, muammoni hal qila oladigan, yugur-yugirlar kamayishiga yordam beradigan, “katta”larning qosh qovog‘iga qaramasdan, xalq tomon bo‘ladigan kengash bo‘lishini tilab qolamiz.  

Bugungi tuzilgan kengashda 2018 yildagi tarkib kabi yonib ishlaydiganlar bo‘lishi mumkin. Lekin ularni eshitadigan, gaplarini inobatga olinadigan rahbarlar ham kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev shahar hokimi Furqat Mahmudxo'jaev

Baholaganlar

46

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing