Magic City yana sotildi yoki shunchaki egasi o‘zgardi
Tahlil
−
19 mart
74438 yil avval sotilgan Milliy bog‘ u qo‘ldan bu qo‘lga o‘tmoqda. Milliy bog‘ning salkam 21 gektarlik qismini 49 yilga ijaraga olgan “Stargate Systems” MCHJning 86,2 foiz ulushi, asosiy ulushi “Xonadon taomlar” deya nomlanuvchi MCHJga o‘tkaziladi. Buni Raqobat qo‘mitasi tasdiqlagan.
“Qo‘mitaning maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur bitimlar bozorda raqobatga ta’sir ko‘rsatmasligi bo‘yicha xulosaga kelindi va arizani qanoatlantirish va bitimlarga rozilik berish haqida qaror qabul qilindi”, deyiladi idora matbuot xizmati xabarida.
Bundan 8 yil avval poytaxtning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bog‘ hududida Magic City'ni tashkil etib, so‘ng uni kuyovining akasiga bergandi. Endilikda kompaniyadagi asosiy ulushlar u bilan bitta manzilda joylashgan “Xonadon taomlar” MCHJga o‘tadi.
2005 yilda ro‘yxatga olingan “Stargate Systems”– kompaniyasi Chilonzor tumani Olmazor mavzesi 183A-uyda joylashgan bo‘lib, 2017 yilda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Milliy bog‘ning katta qismini 60 mln AQSH dollari evaziga ijaraga olgan. O‘sha vaqtda “Stargate Systems” AKFA kompaniyalar guruhi tarkibiga kirib, poytaxtning o‘sha vaqtdagi hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli edi. 2020 yilda Ortiqxo‘jayevning J-United Group kompaniyasi “Magic City” savdo belgisini ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning yozishicha, o‘sha payti sobiq hokim o‘z imkoniyatlaridan foydalanib, xalq mulkini qo‘lga kiritgan.
“Xalqqa tegishli Milliy bog‘ o‘rnida paydo bo‘lgan Magic City butaforiyasi kimga oid bo‘lgani va kompaniyadagi ulush sotilgani 2024 yil boshida ochiq tan olingan edi. O‘zbekistonda davlat amaldorining davlat xizmatchisi bo‘lgan vaqtda, balki cheklanmagan vakolatlaridan foydalanib, katta biznes bilan mashg‘ul bo‘lgani hech kimni hayron qoldirmagan”, degan u.
Ayni shuning uchun ko‘p tanqidlarga uchragan Ortiqxo‘jayev keyinroq bu savdo belgisi bo‘yicha huquqlarni “Stargate Systems”ga o‘tkazib bergandi. O‘shanda Jahongir Ortiqxo‘jayevning o‘zi ham jami 7 ta kompaniyasini sotib yuborgani, ularning orasida Magic City ham borligini aytgan.
“Turklarda bir gap bor: o‘zingni yig‘ishtirib ol. Mening xarakterim o‘zimni har 5 yilda yig‘ishtirib olishga harakat qilaman. Men 7 ta kompaniyamni sotdim”, degandi Ortiqxo‘jayev Surxondaryodagi uchrashuvlardan birida.
Xo‘sh, “Magic City”ning yangiyu eski egasi kim? Ortiqxo‘jayev bu bog‘ni kimlarga sotgandi? Raqobat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilda “Stargate Systems”ning 99 foiz ulushi “Tashkent Aquarium” MCHJga o‘tishiga ruxsat berilgan.
“Tashkent Aquarium”ning 100 foiziga egalik qiluvchi tadbirkor Alisher Abduvohidov (Prezidentning sobiq maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidovning o‘g‘li, Jahongir Ortiqxo‘jayevning kuyovining akasi). U “Stargate Systems”ning amaldagi yagona mulkdoridir. Qolaversa, uning ayni paytda “Artel Technical School” (100 foiz), “Qo‘shni” MCHJ (100 foiz), “Carstone Amusement” MCHJ va “Capital Dynamics”da ham ulushlari mavjud. Shuningdek, unga tegishli bo‘lgan “Atlas Union“ va “Comfortrent” kabi kompaniyalar hozirda faoliyat yuritmayapti.
Shunday qilib, Alisher Abduvohidovning o‘zi hamda to‘liq unga tegishli bo‘lgan “Tashkent Aquarium” ayni paytda mana shu siz ko‘rib turgan Milliy bog‘ni boshqaradi.
Ammo qiziq tarafi shundaki, 2017 yilda daraxt bilan qoplangan Milliy bog‘ biz yuqorida nomini aytgan “Stargate Systems”ga sotilayotganda Vazirlar Mahkamasining 4 sentyabr kungi qarori bilan bir qator vazifalar zimmasiga qo‘yilgandi. Ya’nikim, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i bazasida zamonaviy va yuqori texnologiyali madaniyat va dam olish bog‘i barpo etilishi, jahon standartlari darajasida yuqori texnologiyali bo‘lishi lozim edi.
Yangi bog‘da dunyo arxitekturasi durdonalari namunalari, amfiteatr va kartografik favvora, velosiped yo‘lakchasi bo‘lgan oilaviy hudud, attraksionlar va oilaviy hordiq chiqarish uchun boshqa ob’ektlar, yirik savdo-ko‘ngilochar markazi, qasr-saroy ko‘rinishidagi tantanali marosimlar uchun joy, bolalar kafesi va ko‘ngilochar maydoncha barpo etilishi kerak bo‘lgan.
Agar siz Magic City'ga kelgan bo‘lsangiz, savdogar korxona bu talablarning aksariyatini bajarganining guvohi bo‘lgandirsiz.
Ammo bog‘da ikkita “Amerika tepaligi” attraksioni, ikkita bolalar avtodromi, interaktiv poyezd labirinti, tomosha charxpalagi, syorfing uchish imkoniyatini beruvchi dengiz to‘lqinlarini hosil qiladigan suv qurilmasi, shuningdek, to‘rtta o‘rgatilgan delfin ishtirokida shou-dastur namoyish etiluvchi delfinariy bo‘lishi haqidagi talablar bajarilmay qolib ketdi.
Axir davlat bu oxiri o‘zinikiga taqalgan “investor”ni xorijdan keltiriluvchi qurilish materiallari, uskunalar, texnikalar, attraksionlar, audio va videoqurilmalar, delfinlar, qushlar, baliqlar va o‘simliklar uchun bojxona to‘lovlaridan ham ozod qilib qo‘ygandi.
Nega bu va’dalarning ustidan chiqmadi Ortiqxo‘jayev, yoki uning kuyovining akasi? Buni Ortiqxo‘jayev shunday izohlashni ma’qul ko‘rgan:
“To‘g‘risini aytaman, muammo ko‘p – ijarachilar bor, mingta odam keladi. Fantan otiladi, solyut otiladi. Ularga ko‘p vaqt ajratish kerak. Lekin mening boshqa g‘oyalarim ham bor. Menga bu ishlar og‘irlik qilgani uchun ham shu yerda ishlagan, boshidan beri, ya’ni qurilishidan birga yurgan jamoamdagi menejerlarga sotdim. “Mening bankdan mana shuncha qarzim bor, shuni to‘lab qo‘yasanmi? Besh-o‘n yil to‘laysan, keyin o‘zingga qoladi bog‘”, dedim. Oldi”.
Ortiqxo‘jayev Dohaga borganida u yerdagi akvapark haqida gapirib, ikki yil ichida undan ham yaxshi parkni Toshkent yoki Toshkent atrofiga qura olishini, ammo tanqidchi jurnalist va blogerlar sabab u bu ishni qilmaganini aytgan.
Araz-araz o‘z yo‘liga, ammo va’da va’da-da. Nega 21 gektarlik yer, Milliy bog‘ qasrli do‘konlar majmuasiga aylandiyu, u yerda qad rostlashi kerak bo‘lgan qimmatbaho xorij attraksionlaridan asar yo‘q? Endi bu yuki og‘ir vazifani kim zimmasiga oladi? “Xonadon taomlar” MCHJ rozimi bunga? Buni iqtisodchi Otabek Bakirov ham tanqid ostiga olgan.
“Albatta, bu bitim ortidan Magic City operatorining real benefitsiarlari yana o‘zgarmoqdami yoki yo‘qmi, chuqurroq o‘rganishsiz bir nima deyish qiyin.
Lekin aniqki, 8 yil avval davlatdan Milliy bog‘ning qariyb 21 gektarini olib, egallagan va qator majburiyatlar olgan investor endi butunlay boshqa. De yure va de fakto boshqa investor. Birinchi "investor" otning ustida bo‘lib ulushini sotdi, ketdi, keyin ikkinchisi keldi, endi balki uchinchisi. Tabiiyki, savol tug‘iladi, davlat bilan xususiy sheriklik yoki boshqa maqomda bitim tuzilganda bitim tuzgan sub’ektning benefitsiari, aksiyadori, ulushdori o‘zgarmasligi yoki davlatning roziligi qoidasi bo‘lishi kerak emasmi? Uzoqqa bormaylik, oddiy kredit yoki qarz ajratilayotganda ham qarzdorning ta’sischilari yoki aksiyadorlarni kreditorning roziligisiz o‘zgartirilmasligi talabi “temir qoida” hisoblanadi. O‘zbekistonda "xususiylashtirish"dan tortib "davlat xususiy sheriklik" deyilgan yangi ko‘zbo‘yamachiliklargacha trillionlab qiymatdagi aktivlar bilan bitim tuzilayotganda esa davlatning, demakki, xalqning oddiy manfaatlari mantig‘i unutib qoldiriladi. Hech bo‘lmaganda, ta’sischi, aksiyador o‘zgarishi bilan avvalboshda kelishilgan imtiyoz va preferensiyalar bekor bo‘lishi yoki yangi muzokaralar asosida to‘lovlar ko‘rib chiqilishi tamoyillari amal qilmaydi.
Raqobat qo‘mitasi shunaqa “qo‘shilish va sotilish” bitimlariga ruxsat berishda, vaqti-vaqti bilan shu himoya mantig‘ini yodga solib tursa bo‘lardi”.
Xo‘sh, “Xonadon taomlar” MJCH kimga tegishli? Korxona 2023 yil 27 dekabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Va o‘zi 86,2 foizlik ulushini qo‘lga kiritgan “Stargate Systems” bilan bitta manzilda joylashgan (Chilonzor tumani Olmazor mavzesi 183A-uy). Kompaniyaning yuridik manzili, reyestrda qayd etilgan telefon raqami va elektron pochta manzili esa yana aylanib o‘rgilib Ortiqxo‘jayevning kuyovining akasiga tegishli “Tashkent Aquarium” bilan ayni o‘xshash.
Faoliyat turi sifatida restoranlar va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazish xizmatlari ko‘rsatilgan. Ustav fondi – 50 mln so‘m. Rahbar sifatida Bekzod Muzaffarovich Abdumajidov ko‘rsatilgan.
MCHJning yagona ta’sischisi – Firdavs Fayzulloyevich Muhammadiyev. U 2023 yil 27 dekabrda ro‘yxatga olingan boshqa bir kompaniya – chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi, yuqoridagi manzilda joylashgan “Magic Stop”ning ham 100 foizlik ta’sischisi ham.
Xullas, tagini surishtirsang, sotgan ham, olgan ham bir manzilga, bir shaxs tomonga eltmoqda. Unda oldi-berdi qilishning nima kerakgi bor? Ha, endi nima deysiz? Bu yer O‘zbekiston-ku.
LiveBarchasi
20 mart
Temu O‘zbekistonda bloklandi.
20 mart
Trenddagilar

