Ehrom kiygan Mirziyoyev, pullaridan ayrilgan Karimova, so‘kong‘ich Bobolov – Hafta markazida

Tahlil

Yozning so‘nggi haftalarini yashayapmiz. Mamlakatda ham, jahonda ham muhit qaynoq. Bir tomonda urushlar, ikkinchi tomonda tabiiy ofatlar. Ayrimlar o‘sha urush va ofatlardan ham o‘z manfaati yo‘lida foydalanib qolish payida. Hafta davomida sodir bo‘lgan voqealarning hisoboti va tahlili bilan quyida tanishing. 

Ehrom kiygan Mirziyoyev

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga tashrifi, Umra ziyorati nafaqat tugayotgan haftaning, so‘nggi 30 yillikning eng muhim voqeasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Davlat rahbarining tashrifidan o‘zbekistonliklar chindan quvondi. Ehrom kiygan, Ka’ba ichiga kirgan, uni tavof qilgan Mirziyoyevning surati ijtimoiy tarmoqlarda trendga chiqdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992 yildan buyon Saudiya Arabistoniga ilk tashrifi edi bu. Bundan avval Birinchi Prezident Islom Karimov ham Saudiya Arabistoniga borib, muqaddas ziyoratlarda bo‘lgan edi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Umra ziyoratida Musulmonlar idorasi raisi – muftiy Nuriddinjon Xoliqnazarov, Prezident Administratsiyasi rahbari Saror Umurzoqov, Prezidentning jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Said, Prezidentning kenja kuyovi – Prezident xavfsizlik xizmati rahbari birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov hamrohlik qildi. 

Shavkat Mirziyoyev Masjidun Nabaviyni va payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) qabrini ziyorat qildi. Jiddada Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan muzokara o‘tkazdi. Tomonlar o‘rtasida keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qilindi. Energetika, bojxona, fuqaro aviatsiyasi, turizm, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, mehnat munosabatlari kabi sohalarda hamkorlikka doir 15 ta hujjat qabul qilindi. Turli sohalar bo‘yicha imzolangan kelishuv va shartnomalar qiymati 14 milliard dollarga teng. 

Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudni mamlakatning yuksak mukofoti – “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotladi.

Gulnoraning pullari qaytarildi

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi – sobiq Fond Forum Vasiylik Kengashi raisi Gulnora Karimovaning jinoiy faoliyatdan orttirgan va Shvetsariyada saqlanayotgan 131 million dollari O‘zbekiston Hukumatiga qaytariladigan bo‘ldi. Tomonlar o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi o‘rtasidagi Shveysariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlarida qaytarish yo‘llari to‘g‘risida”gi bitim imzolandi.

Pullar O‘zbekistonga qaytarilgach, ijtimoiy soha, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltiriladi va biz ham shunga umid qilamiz. Ammo bu pullarning qay tartibda sarflanishi va bunda jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yilishi xususida hozircha miq etilmayapti. 

So‘kong‘ich Bobolov

Tugayotgan haftada ijtimoiy tarmoq Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolovga oid, deb aytilayotgan haqoratlar va so‘kinishlarga to‘la audioyozuvdan larzaga keldi. To‘ra Bobolov va Angor tumani prokurori o‘rtasidagi telefon orqali suhbat yozib olingani aytilmoqda. 

Audiodan anglashilishicha, prokuror davlat byudjetini talon-toroj qilishda gumonlangan tashkilot xodim yoki rahbarlarini so‘roq qilish uchun tergovga jalb qilgan. Go‘shak orqali unga holat  bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazish haqida buyruq berilgan. Prokuror esa buni pisand qilmagan. Ana undan keyin ko‘ring tomoshani. Itaraman, tiqib yuboraman, ket, sen meni sovunimga kir yuvmabsan... Hokimbuvaning og‘zidan chiqqanlarni eshitgan bo‘lsangiz kerak. Ushbu audioyozuv bo‘yicha Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati oqlov xabarnomasini e’lon qildi. Aytilishicha, ushbu ovoz yig‘ilishda yozib olingan. 

“Asl holatda yig‘ilishda kun tartibiga qo‘yilgan masalalar muhokamasi jarayonida viloyat rahbari Angor tumani sektor rahbarlaridan tumanning investitsiya, eksport va soliq tushumlari bo‘yicha yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklarini tanqidiy muhokama qilib, tanbeh bergan. Shu jumladan, tuman prokuroriga ham. Mazkur yig‘ilish tanqidiy ruhda o‘tganligi sababli viloyat hokimi asabiy holatda gapirishga majbur bo‘lgan.

Agar ushbu yig‘ilish jarayonidan kesib olinib montaj qilingan va turlicha talqin etilayotgan audiomaterialdagi holatlar o‘rganish natijasida qonunga xilof deb topilsa, qonunda belgilangan tartibda ko‘rib chiqilishiga tayyorligimizni ma’lum qilamiz”, deyiladi munosabatda. Nima? Nima deyapsizlar? Nega unda hokim gapni orasida trubkani ber deydi? Yo Surxondaryoda majlislar telefonda o‘tkaziladimi? 

Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalar ortidan Bosh prokuratura tarqalgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz bergani hamda boshqa holatlar bo‘yicha o‘rganish boshlaganini e’lon qildi. 

Erdo‘g‘an Putinning gaplarini oqizmay, tomizmay Zelenskiyga yetkazdi

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Geterrish Ukraina Respublikasi Prezidenti Vladimir Zelenskiyning taklifiga binoan urush avchiga chiqayotgan Ukrainaning Lvov shahriga keldi. 

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Zaporoje atom elektr stansiyasi atrofidagi harbiy harakatlardan xavotirini, Chernobil fojisini takror boshdan kechirishni istamasliklarini bildirdi. 

Muloqotda Ukraina donini Qora dengiz orqali jahon bozoriga olib chiqishda BMT va Turkiya boshchiligida yo‘lga qo‘yilgan samarali muloqotdan urushni diplomatik yo‘l bilan tugatishda ham foydalanish mumkinligi qayd etilgan. 

“Men urush oxir-oqibat muzokaralar stolida tugashiga ishonaman. Aslida, janob Zelenskiy va Guterrish bu borada hamfikr. Biz muzokaralar stoliga olib boradigan eng qisqa va adolatli yo‘lni aniqlashimiz kerak”, degan Erdo‘g‘an. 

Gap shundaki, Erdo‘g‘an joriy yilning 5 avgust kuni Sochiga borib, Prezident Vladimir Putin bilan muloqot qilgandi. Katta ehtimol bilan Erdo‘g‘anning Lvovga tashrifi Putin bilan muzokaralarning mantiqiy davomi bo‘lishi mumkin. Tahlilchilarning fikricha, Erdo‘g‘an Putinning gaplarini og‘izmay, tomizmay Zelenskiyga va Guterrishga yetkazgan. 

Boshqa tomondan esa Erdo‘g‘anning Putinga yaqinlashuvi AQSHga yoqmayapti. Vashington Anqarani jazolash uchun payt poylayapti. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz. 

Afg‘oniston masjidida portlash

40 yildan oshiq davom etgan urushdan so‘ng yana “Tolibon” nazoratiga o‘tgan Afg‘onistonda ham vaziyat tinch emas. Qobuldagi Siddiqiya masjidida shom namozi vaqtida portlash yuz berdi. Oqibatda kamida 21 kishi qurbon bo‘ldi, 33 kishi jarohatlandi. Jarohatlanganlar orasida 5 nafar bola ham bor. Portlashda masjid imomi Mulla Amir Muhammad Qobuliy ham halok bo‘lgan. 

Rasmiy Toshkent ushbu voqeani chuqur qayg‘u bilan qabul qilgani haqida bayonot berdi. 

“Mazkur terrorchilik xurujini qat’iy qoralaymiz hamda ushbu vahshiyona xatti-harakatning tashkilotchilari va ijrochilarini aniqlash bo‘yicha barcha choralar ko‘rilishiga umid qilamiz”, deyiladi Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

“O‘zbeklar qirg‘ini” bo‘yicha sud boshlandi

Har qanday jinoyatga vaqti soati bilan jazo muqarrar. Qo‘li qonga botganlar unutilmaydi, unuttirilmaydi. 

15 avgust kuni Qirg‘iziston poytaxti Bishkekning Pervomay tuman sudida 2010 yil iyunidagi tarixga “O‘sh voqealari” nomi bilan kirgan qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida etnik mojaro bo‘yicha yana bir ish doirasida yopiq eshiklar ortidagi sud jarayoni boshlandi.

Ish doirasida 2010 yildagi Muvaqqat hukumatning to‘rt nafar a’zosi – sobiq Prezident Almazbek Atamboyev, o‘sha paytdagi Mudofaa vaziri Ismoil Isoqov, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Keneshbek Duyshebayev va Jalolobod viloyatining sobiq gubernatori Bektur Asanov “xizmat vakolatini suiiste’mol qilish”da ayblanyapti.

Bu ish bo‘yicha navbatdagi sud majlisi 25 avgust kuni bo‘lib o‘tadi.

Iyun voqealari bo‘yicha jinoiy tergov 2021 yil aprel oyida qayta tiklangan. Muvaqqat hukumat mansabdor shaxslariga nisbatan 2010 yilning may-iyun oylarida respublika janubida fojiali oqibatlarga olib kelgan sabablardan biri – Qodirjon Botirovning mamlakatdan to‘siqlarsiz noqonuniy chiqib ketishiga ko‘maklashganlik fakti bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. 

2010 yilning iyun oyi Qirg‘izistonning janubida mahalliy qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida etnik mojaro chiqdi. Ushbu nizo oqibatida 500 ga yaqin inson halok bo‘ldi. Jarohatlanganlar soni mingdan, O‘zbekistonga qochib o‘tganlar esa yuz mingdan oshdi. 

Qirg‘izistonning qochib ketgan Prezident Qurmanbek Bakiyev va ayni vaqtda qamoqda saqlanayotgan Almazbek Atamboyev haqida ham xabarlarimiz bor. Bunga birozdan keyin to‘xtalamiz. 

Turkiyaning Rossiyaga yaqinlashuvi AQSHga yoqmayapti

Boya AQSHga Turkiyaning Rossiyaga yaqinlashuvi yoqmayotgani haqida aytgandik. Endi masalani ko‘rib chiqish payti keldi. “Politico” gazetasi ko‘ra, Oq uy AQSH kompaniyalariga Anqara va Moskva “rasmiy iqtisodiy hamkorlik”ga kirishsa, Turkiya bilan biznesni qisqartirishni tavsiya qilishi mumkin.

“Biz Turkiya biznes va kapital uchun global tortishish markazi bo‘lishi kerak deb o‘ylaymiz, ammo Rossiya bilan yaqin munosabatlar Turkiyaning dunyo bilan integratsiyalashuvi uchun real xavflarni keltirib chiqaradi”, deydi gazeta bilan suhbatlashgan manba. 

Qayd etilishicha, Turkiya va Rossiya o‘rtasida yanada yaqinlashuv kuzatilsa, Anqaraga to‘lovlarni dollarda amalga oshirish taqiqlanishi mumkin.

AQSHning jazavasi bejiz emas. Chunki 5 avgust kuni Erdo‘g‘an va Putin o‘rtasida Sochida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘zaro savdoda milliy valyutaga o‘tish va tovar ayirboshlashni 100 mlrd dollarga yetkazish haqida qaror qabul qilingan. Anqara Rossiya gazi uchun to‘lovni qisman rublda amalga oshirishga roziligini bildirgan.

Avtobus portlab, 6 kishi qurbon bo‘ldi

Odamlar nafaqat urushlar, pandemiya va giyosiyosiy o‘yinlar oqibatida, balki avtobusda portlab yoki yo‘l-transport hodisasida halok bo‘lmoqda.

18 avgust kuni Sirdaryoda avtobusga o‘rnatilgan gaz balloni portladi. Xorazm viloyati Bog‘ot tumanidagi avtomaktabga tegishli bo‘lgan Isuzu rusumli avtobus, metan gaz to‘ldirib chiqqan vaqtida unga o‘rnatilgan gaz ballonlarining biri yorilib, portlagan. Oqibatda 6 kishi voqea joyida vafot etgan va 15 kishi jarohatlangan. 

Jinoyat kodeksining 262-moddasi 3-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

8 kishi avtomobilda yonib ketdi

15 avgust kuni Qashqadaryoning Muborak tumanida Spark hamda Gentra rusumli avtomobillar yonib ketdi. 

Gentra “Muborak-Koson” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelib, qarama-qarshi tomondan kelayotgan Spark'ning old qismiga urilgan. Spark haydovchisi va avtomobilda yo‘lovchi sifatida kelayotgan bir nafar fuqaro og‘ir tan jarohati olib, vafot etgan. Bir nafar yo‘lovchi esa tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan. 

Gentra haydovchisi va ushbu avtomobil yo‘lovchi sifatida kelayotgan besh nafar fuqaro og‘ir tan jarohati olib, vafot etgan. 

Bu holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bakiyev va Atamboyevning saroylari shifoxonaga aylantiriladi

Va’daga binoan Atamboyev va Bakiyev haqida chala qolgan xabarlarimizga o‘tsak. Qirg‘izistonning sobiq Prezidentlari Qurmanbek Bakiyev va Almazbek Atamboyevning qasrlarida kecha-yu kunduz ishlaydigan bolalar reabilitatsiya markazlari ochiladi.

Qirg‘izistonda 200 mingga yaqin nogironlar istiqomat qiladi, ulardan 35 ming nafari 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar. Shu bois, sobiq Prezidentlar Qurmanbek Bakiyevning Jibek Jolu prospektidagi uyi va Almazbek Atamboyevning davlat mulkiga o‘tkazilgan Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi uyida tun-u kun ishlaydigan bolalar reabilitatsiya markazlari ochiladi.

Xo‘sh, bizda panjara ortidagi amaldorlarning noqonuniy yo‘llar bilan orttirgan mablag‘lari va mol-mulklari nimalarga sarflanyapti? Axir o‘g‘irlik ortidan boyigan faqat Gulnora Karimova emasdir?!

Qashqadaryoda erkak o‘zini nega yoqib yubordi?

Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi xodimi Sanobarxon Xaydarova ishdan bo‘shatilgani vaji bilan o‘zini yoqib, vafot etgani haqidagi xabarni jamoatchilik unutmay turib, Qashqadaryoda bir erkak o‘zini yoqib yubordi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda fuqarolar shahardagi “Qarshi Leather” MCHJdan chiqayotgan badbo‘y hiddan noroziligini ko‘rish mumkin. Ular bunga chora ko‘rilishini talab qilgan. O‘zini yoqib yuborgan 43 yoshli fuqaro tanasining 10-15 foizi kuygan. Bosh prokuratura voizi Hayot Shamsutdinov Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

50 ming olgan tergovchi 13 yilga qamaldi

Joriy hafta nafaqat Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov Angor tumani prokurorini haqoratlagani, balki 50 ming AQSH dollari pora olayotganda qo‘lga tushgan Toshkent shahar Uchtepa tumani prokuraturasi tergovchisi 13 yil ozodlikdan mahrum qilingani bilan ham yodda qoldi. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida 1983 yilda tug‘ilgan, Uchtepa tuman prokuraturasida tergovchi lavozimida ishlagan shaxsga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 

Tergovchi o‘zi ko‘rayotgan ish doirasida MCHJ rahbaridan 50 ming dollar pora talab qilgan. Oldindan kimyoviy ishlov berilgan 50 000 dollarni olganda qo‘lga tushgan.

U Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilgan va Jinoyat kodeksining 45-moddasiga asosan 3 yil muddatga mansabdorlik lavozimlarida va prokuratura idoralarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda 13 yilga qamalgan. 

Shuningdek, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Olmazor tumani bo‘limi xodimi tadbirkordan 2000 dollar olganda ushlandi.

U tadbirkorga tegishli MCHJ uchun bankdan jami 1 mlrd 200 mln so‘m kredit ajratilishida yordam berishini aytgan. Buning evaziga u 5 ming AQSH dollari talab qilgan.

Keyinchalik MCHJga bank tomonidan 750 mln so‘m kredit pul mablag‘i ajratilgani bois tadbirkordan 3000 AQSH dollari berishini talab qilib, undan 2000 dollarni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ushlangan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

O‘z bolasini o‘ldirgan onaga kulgili jazo 

O‘zbekistonda aksar hollarda bolalar huquqlari oilada toptaladi. Ular kaltaklanadi, xo‘rlanadi, och qo‘yiladi yoki tarbiyasi o‘z holiga tashlab qo‘yiladi. Hatto, bolalar majburiy mehnatga yoki tilanchilikka jalb qilinayotgan holatlar ham talaygina. Mamlakatda bolalar huquqlariga oid qator hujjatlar ratifikatsiya qilingani va Bolalar ombudsmani institutiga asos solinganiga qaramay, bolalar himoyasi o‘rta yo‘lda qolmoqda. Buni quyidagi ikki holatda ham ko‘rish mumkin. 

Jizzaxda uch yoshli qizaloq qarindoshi tomonidan ayovsiz kaltaklandi. Oqibatda qizcha vafot etdi. 

2020 yilda Turkiya davlatiga chiqib ketgan shaxs o‘z qizini tegishli hujjatlarsiz Jizzax viloyati Paxtakor tumani "Toshkent" MFYda yashovchi fuqaro qaramog‘iga topshirgan.

U esa 2019 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizaloqqa qasddan og‘ir tan jarohati yetkazgan. Oqibatda qizcha o‘ziga kelmasdan, shifoxonada vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan bolani qaramog‘ida olib qolgan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi tegishli qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud ajrimiga ko‘ra unga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Keyingi holatda esa Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanda 18 yoshli qiz endi tug‘ilgan chaqalog‘ini hojatxonaga tashlab, qasddan o‘ldirdi. 

Ayol yanvar oyida o‘zining homilador ekanini bilib qolib, buni oila a’zolari va qarindoshlaridan yashirgan. May oyida G‘ijduvon tumani “Bobog‘ozi” MFY Bobog‘ozi qishlog‘idagi yashash xonadonining hojatxonasida yolg‘iz o‘zi o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan. Biroq, u farzandini qasddan hojatxona ostidagi najas chuqurligiga tashlab, o‘ldirgan. 

Sud-tibbiy ekspertizasining 2022 yil 5 iyundagi 22-sonli xulosasida, o‘g‘il jinsli chaqaloqning o‘limi yuqori nafas yo‘llariga yot massa (najas) tushishi va nafas yo‘llari bekilishi oqibatida aspiratsiya natijasida kelib chiqqani ko‘rsatilgan.

Sud hukmiga ko‘ra, ayol Jinoyat kodeksining 99-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan va unga shu modda bilan bir yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. U soat 21:00 dan 06:00 ga qadar yashash uyidan chiqmasligi kerak.

Rossiya terrorizm homiylari qatoriga qo‘shilsa...

AQSH Davlat departamenti Kongressga Rossiyani terrorizmga homiylik qiluvchi davlatlar ro‘yxatiga kiritishining ehtimoliy salbiy oqibatlaridan xavotirda ekani haqida norasmiy ma’lumot berdi. 

Ta’kidlanishicha, agar Rossiya terrorizm homiylari qatoriga qo‘shilsa, “Rossiya o‘z majburiyatlarini bajarishiga kafolat yo‘q”, bu esa o‘z navbatida oziq-ovqat xavfsizligiga ta’sir qilishi va ochlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Nashrning yozishicha, Kongress tashabbusi qo‘llab-quvvatlansa, AQSH o‘z kompaniyalariga Rossiya bilan biznes aloqalarini to‘xtatib qo‘yishiga to‘g‘ri keladi. 

Terrorizm homiylari ro‘yxatiga Vashington nazarida “xalqaro terrorchilik harakatlarini qayta-qayta qo‘llab-quvvatlagan” davlatlar kiritilishi mumkin. Amerika ma’muriyati ro‘yxatdagi davlatlarga nisbatan sanksiyalar qo‘llash nuqtai nazaridan keng vakolatlarga ega. AQSH G‘aznachilik departamenti ushbu yuridik va jismoniy shaxslarga, shuningdek, ro‘yxatdagi mamlakatlar bilan savdo qiluvchi davlatlarga qarshi choralar ko‘rishi mumkin. Ro‘yxatga hozirda Eron, Shimoliy Koreya, Kuba va Suriya kiritilgan.

To‘qayev ikki og‘iz gapni aytish uchun Putinning huzuriga keldi

19 avgust kuni anchadan buyon Rossiyaga nisbatan qo‘rs muomalasi bilan diqqat markazida bo‘lib kelayotgan Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Prezident Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Sochiga keldi. To‘qayevning ancha tanobi tortilgan ko‘rinadi. U oktyabrda Qozog‘istonda bo‘lib o‘tadigan MDH sammitida Putinning shaxsan ishtirok etishiga umid bog‘layotganini va Qozog‘iston-Rossiya munosabatlarini rivojlantirishga qat’iy qaror qilganini aytdi.

Ikkiovlon yana nimalar haqida suhbatlashgani jamoatchilikka ochiqlanmadi. Modomiki, To‘qayevning Putinga aytar gapi ikki og‘izgina ekan, nega uni telefonda aytib qo‘ya qolmadi? Nega shuncha yo‘l bosib Sochiga keldi? Bilgichlarga ko‘ra, To‘qayev va Putin yopiq eshiklar ortida ko‘pgina siyosiy masalalarni ham muhokama qilgan. 

Yangiyo‘llik erkak og‘zini tikdi va ochlik e’lon qildi

O‘zbekistonda odamlar biror narsaga norozilik sifatida nafaqat o‘ziga o‘t qo‘yyapti, balki og‘zini ham tikmoqda. Hafta oxirlaganda ijtimoiy tarmoqda yangiyo‘llik fuqaro og‘zini tikkancha, Prezidentga murojaat qilgani aks etgan video tarqaldi. 

Gap shundaki, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida yashovchi 31 yashar fuqaro imtiyozli kredit olish so‘roviga rasmiylar ijobiy javob qaytarmagani uchun o‘z og‘zini tikib, ochlik e’lon qilgan. 

U chorvachilik bilan shug‘ullanish uchun imtiyozli kredit ajratilishini so‘ragan. Qolaversa, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ham yetti marta shu masalada ariza yozgan.

Shuningdek, u videomurojaatida hokim yordamchisi, prokuror yordamchisi, Xalqobod mahalla raisi yordamchisiga ham olti oydan beri murojaat qilayotganini aytgan. Biroq uning so‘rovlari javobsiz qolgan.

Har bir oltin medal uchun 5 ming ko‘kida

5 – 18 avgust kunlari Turkiyaning Konya shahri bo‘lib o‘tgan V Islom birdamligi o‘yinlarida O‘zbekistonlik  sportchilar 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Yakunda umumiy hisobda 158 ta medal jamg‘argan O‘zbekiston delegatsiyasi musobaqa jadvalida ikkinchi pog‘onani band etdi.

O‘yinlarning so‘ngi kunida O‘zbekiston va jahon sport gimnastikasi afsonasi tinib-tinchimas 47 yoshli Oksana Chusovitina shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qaroriga ko‘ra, Islom birdamligi o‘yinlarida oltin medalni yutgan har bir sportchiga 5 ming dollardan, kumush medal sohiblariga 3 ming dollardan, bronza medal egalari 2 ming dollar pul mukofoti beriladi. Prezident qarorida sportchilarning murabbiylari ham esdan chiqarilmagan. Shogirdi oltin medalni qo‘lga kiritgan murabbiylar 2,5 ming dollar olsa, mos ravish kumush va bronza medallari uchun 1,5 ming va ming AQSH dollaridan beriladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

89

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing