Rahmat, ukam Norov yoxud aka-ukalarning “til topisholmagan” yig‘ilishi
Jamiyat
−
02 avgust 2022
40032Majlis zali hozir. Bayroqlar o‘z joyida. Zal so‘nggi bor ko‘zdan kechirilmoqda. Jurnalistlar ham aytilgan vaqtga kelishni boshladi. Birozdan keyin “O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya” muloqot formatining birinchi yig‘ilishi boshlanadi.
Yig‘ilishda ishtirok etadigan delegatsiyalar – Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li boshchiligidagi Turkiya hay’ati va Jayxun Bayramov rahbarligidagi Ozarbayjon hay’ati allaqachon Toshkentga yetib kelgan.
Uchlik uchrashuvidan oldin Norov va Chavusho‘g‘li gaplashib olishi kerak. Mezbon Norov uchrashuv joyiga ertaroq yetib keldi. Pandemiya talablariga binoan qo‘lini antiseptik vositalar bilan tozalashni unutmadi. Hozirlikning so‘nggi holati bilan tanishdi.
Uchrashuv avvalida Norov Chavusho‘g‘lini otayurti O‘zbekistonda ko‘rayotganidan mamnunligini ifoda etdi. Vazirlar uzoq so‘rashib, bir-biriga iltifot qilib bo‘lgach, asosiy masalalarni yopiq eshiklar ortida muhokama qildi.
Norov va Chavusho‘g‘li muloqotdan so‘ng yig‘ilish o‘tkaziladigan zalga o‘tish vaqtida ham yo‘lakda to‘xtab, ingliz tilida (!) muhokamalarni davom ettirdilar. Bayroqlar oldiga yaqinlashilganda esa qayerdandir Tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov boshchiligidagi Ozarbayjon delegatsiyasi paydo bo‘ldi.
Tomonlar – O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov, Transport vaziri Ilhom Mahkamov, Invetitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Laziz Qudratov, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li, Savdo vaziri Mehmet Mush, Transport va savdo vaziri Odil Karaismoilo‘g‘li, Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayxun Bayramov, Iqtisodiyot vaziri Mikoil Jabborov, Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev yig‘ilish o‘tkaziladigan asosiy zalga yig‘ildi.
Uch Turkiy davlat hay’atlari yig‘ilishini Vladimir Norov ingliz tilida boshlab berdi. Uning qayd etishicha, O‘zbekistonning Turkiya va Ozarbayjon bilan muloqoti o‘tgan 5 yilda kengayib bormoqda. Ozarbayjon bilan tovar aylanmasi qariyb yetti baravar, Turkiya bilan esa ikki yarim baravarga ko‘paygan.
Vazir O‘zbekiston uchun Baku-Tbilisi-Kars temir yo‘lining tranzit salohiyatidan foydalanishning muhim ahamiyati, “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘l qurilishi loyihasi, “Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar” temir yo‘li loyihasini amalga oshirish, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya uchun umumiy aholisi 1,9 milliard va yalpi ichki mahsuloti $3,5 trillion bo‘lgan Janubiy Osiyoning istiqbolli bozorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish uchun noyob imkoniyat yaratishi xususida gapirdi.
Yig‘ilishda savdo, investitsiya, sanoat, transport va kommunikatsiyalar sohalarida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va ilgari surish, “Trans-Kaspiy-Sharqiy-G‘arbiy-O‘rta yo‘lak” multimodal transport yo‘nalishi, jumladan, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya ittifoqchi davlatlari hududlari orqali o‘tuvchi tranzit yo‘laklar salohiyatini oshirish, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiyaning yuqori tranzit salohiyatidan unumli foydalanish maqsadida, xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha uch davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligi muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Ozarbayjon delegatsiyasi ham to‘liq ingliz tilida nutq qildi. (!) Turkiyalik vazirlar esa o‘z ona tilida gapirishdi. O‘zbekiston tomonidan faqat Transport vaziri Ilhom Mahkamov o‘zbek tilida so‘z oldi va bu e’tirofga loyiq. Yig‘ilish so‘ngida uch tomonlama deklaratsiya imzolandi.
Tomonlar o‘zaro manfaatdor bo‘lgan mintaqaviy va xalqaro masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishda qat’iy ekanligini bildirdilar.
Afg‘onistondagi tinchlik va barqarorlik Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlikni ta’minlashning muhim omili ekanligini e’tirof etdilar, shuningdek, xalqaro hamjamiyatning to‘siqlarsiz gumanitar yordam ko‘rsatish, rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini davom ettirish hamda inklyuziv boshqaruv va afg‘on manfaatdor tomonlari o‘rtasida muloqot muhimligini ta’kidladilar.
Iqtisodiyot, savdo, investitsiya va transport sohasida, shu jumladan transport va tranzit kommunikatsiyalarining barcha turlarida hamkorlikning to‘liq salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarini davom ettirishda qat’iy qarorlarini bildirdilar.
Ahamiyatlisi shuki, Ozarbayjon Respublikasining Qorabog‘ va Sharqiy Zangazur viloyatlariga sarmoya kiritish orqali Ozarbayjonni mojarodan keyingi reabilitatsiya, rekonstruksiya va reintegratsiya sa’y-harakatlariga hissa qo‘shish muhimligini ta’kidlar va Ozarbayjon tomoni Turkiya va O‘zbekiston kompaniyalarining Ozarbayjonning ozod qilingan hududlarini tiklash va qayta qurish loyihalari infratuzilmasidagi ishtirokini yuqori baholadi.
Shuningdek, xalqaro transport aloqalarini kengaytirish uchun Sharqiy Zangazur va Ozarbayjon Respublikasining Naxichevan Muxtor Respublikasini bog‘lovchi Zangazur yo‘lagini ochish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
Yig‘ilishdan keyin o‘tkazilgan brifingda 73-yilda tug‘ilgan Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov o‘zbekistonlik 67 yashar vazir Norovga ukam deya murojaat qildi.
O‘ylashimizcha, nutqini ingliz tilidan o‘zbekchaga o‘girgan Bayramov "brother" o‘zbekchada ham ayni ma’noni anglatadi deb o‘ylagan chog‘i.
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li Bayramovning xatosini angladi va hijolat chekdi shekilli, so‘z navbati o‘ziga kelganda, darrov Norovga akam deb gap boshladi.
Yig‘ilish shu taxlit yakuniga yetdi, vazirlar ortiga qaytdi.
LiveBarchasi