Rossiyaning Ukrainadagi urushi o‘zbek biznesiga qanday ta’sir qilyapti?
Jamiyat
−
26 iyul 2022
8545Butun dunyoda biznes olami Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi oqibatlarini his qilmoqda. Ammo Rossiya bilan kuchli savdo va sarmoyaviy aloqalarga ega bo‘lgan Markaziy Osiyoda bizneslar aynan qanday ahvolda? Nisbatan jiddiy qiyinchiliklarga duch kelayotgan korxonalar bormi va qaysi mamlakatlarda?
Jahon banki tahlilchilarining fikricha, hukumatlar urush natijasida yuzaga kelgan iqtisodiy zarbalarga nisbatan siyosiy javobni shakllantirish uchun ushbu savollarga javoblarni bilishi juda muhimdir. Shu maqsadda Jahon banki Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda “Biznes pulsi” (“Business Pulse Survey”) tadqiqot o‘tkazgan. Ta’kidlanishicha, JB tadqiqoti juda muhim yangi ma’lumotlarni taqdim etadi, bu urushning biznes operatsiyalariga, jumladan, har bir mamlakat kontekstida ehtimoliy ta’sirini baholash imkonini beradi.
Ko‘tarilgan xarajatlar va narxlar
So‘rovda qatnashgan Markaziy Osiyoning uchta davlatidagi korxonalarning 65 foizi 2022 yil fevralidan beri ishlab chiqarish tannarxining oshishiga duch kelayotganini ma’lum qilgan. Aksariyat hollarda bunday xarajatlarning o‘sishi Qirg‘iziston Respublikasi korxonalari uchun xarakterli, chunki ular Rossiyadan ko‘proq mahsulot va materiallar sotib oladilar. (1-rasm, B diagramma)
Bundan tashqari, o‘z mahsulotlarini Rossiya yoki Ukraina orqali eksport qiladigan yoki transmilliy korporatsiyalarga sotadigan korxonalar sotuvlar o‘rtacha 5 foizga kamayganini aytgan (katta o‘zgarishlar bilan – sotishning taxminan 3 foizdan 13 foizgacha qisqarishi), aksincha Rossiya yoki Ukrainaga mahsulot sotmaydigan korxonalarning savdosi esa o‘rtacha 5 foizga oshgan.
Kreditlashdagi vaziyat
JB tahlilchilariga ko‘ra, 2022 yil fevralidan Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston va O‘zbekiston korxonalari moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelmoqda, buning sababi rentabellikning pasayishi va yangi kredit mablag‘laridan foydalanish qiyinligi bo‘lishi mumkin.
“So‘rovda qatnashgan korxonalarning qariyb to‘rtdan bir qismi bunday qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda, shuning uchun ular o‘z kreditlarini to‘g‘rilash va qarz yukini kamaytirishga muhtoj”, deyiladi tashkilot hisobotida.
Ajablanarli emaski, kreditlarni qayta ko‘rish va tuzatish zarurati savdo-sotig‘i bilan eng chuqur integratsiyalashgan Qirg‘iziston korxonalari tomonidan sezilmoqda (2-rasm, A diagramma).
Tadqiqot natijasiga ko‘ra, barcha korxonalar moliyaviy holatidan (beqarorlik darajasidan) qat’i nazar, kredit olishda tobora ortib borayotgan qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Kredit olishda asosiy qiyinchiliklar ro‘yxatida birinchi o‘rinda yuqori foiz stavkalari bor. Ikkinchi o‘rinda garov ta’minoti va kafolatlar bo‘lib, bu korxonalarga o‘sib borayotgan kredit xavfini yengish va kredit stavkalarini pasaytirishga yordam beradi. Uchinchi o‘rinda esa banklarning kredit berishni istamasligi, ehtimol, kreditlash qoidalarining qat’iylashtirilishi va global noaniqlikning kuchayishi sharoitida tavakkalchilikdan qochishdir.
“Umuman olganda, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston va O‘zbekiston korxonalari ishlab chiqarish tannarxining ko‘tarilishi va kredit olish imkoniyatlarining torayib borayotgani uchun bosim his qilyapti. Natijada, ushbu korxonalarning unumdorligi va raqobatbardoshligi yomonlashishi mumkin, bu esa biznesning yopilishiga, ish o‘rinlarining yo‘qolishiga va iqtisodiy o‘sishning sekinlashishiga olib keladi”, deyiladi JB tadqiqotida.
Qayd etilishicha, ushbu muammolarga javoban, mazkur uch davlatning siyosatini belgilovchi idoralar tadbirkorlarga shaffof yordam imkoniyatlarini ko‘rib chiqishlari kerak. Bunda quyidagilar nazarda tutilishi lozim:
ularga Rossiyaga qarshi sanksiyalar ta’sirida bo‘lgan savdo oqimlarini qayta yo‘naltirish va diversifikatsiya qilish, shu jumladan muqobil xaridlar va eksport bozorlarini aniqlash uchun elchixonalarni jalb qilish imkonini berish;
• transport va logistika, shuningdek, savdo to‘lovlari bilan bog‘liq muammolarni, shu jumladan Rossiyaga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar tufayli vakillik banklari ishidagi uzilishlar bilan bog‘liq qiyinchiliklarni hal qilish imkonini beradi;
• moliyaviy va nomoliyaviy yordamni unga haqiqatan muhtoj bo‘lgan korxonalar olishi va byudjet mablag‘larining asossiz sarflanishining oldini olish uchun qo‘llab-quvvatlashning maqsadli yo‘nalishini takomillashtirish;
• bankrotlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq to‘lovga layoqatsiz qarzdorlarga nisbatan ijro choralarini qo‘llashdan voz kechish va ularni kreditorlardan himoya qilish, “zombi” korxonalarga (iqtisodiy unumdorligi past bo‘lgan korxonalar) faoliyatini davom ettirish uchun yana bir imkoniyatga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun cheklangan vaqt va shaffof tartib-qoidalarni ta’minlash va shu bilan birga bozorga yangi korxonalarning kirib kelishini yengillashtirish.
“Jahon banki Markaziy Osiyo mamlakatlariga bunday tashqi zarbaga javob berishda yordam bermoqda. Ushbu qo‘llab-quvvatlashning bir qismi Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondagi mikro, kichik va o‘rta biznes, shu jumladan qishloq xo‘jaligi uchun moliyadan foydalanishni osonlashtiruvchi kreditlarni kafolatlash mexanizmlari orqali amalga oshiriladi”, deyiladi tashkilot tadqiqotida.
Bundan tashqari, Jahon bankining Tojikiston va Qozog‘istondagi loyihalari hamda Qirg‘izistondagi texnik yordam loyihasi korxonalarning global qiymat zanjirlariga integratsiyalashuviga, eksport imkoniyatlarini va zarbalarga chidamliligini oshirishga yordam beradigan yetkazib beruvchilarni rivojlantirish dasturlarini o‘z ichiga oladi.
Qayd etilishicha, ayni vaqtda JB Qozog‘iston bo‘yicha ham shunday tadqiqot olib boryapti.
LiveBarchasi