Chegara postidagi mojarolar: “Najimov”dagi tirbandlik sababi nima?
Jamiyat
−
14 iyul 2022
6654O‘zbekistondagi avtotransport vositalari harakatlanuvchi chegara bojxona postlarida tirbandlikning oldini olish maqsadida elektron navbatlar yo‘lga qo‘yiladi. Haydovchi postga kelmasdan, istalgan joydan navbatga turishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda kecha, 13 iyul kuni Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Rustam Qobulov QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi. Tahririyat muxbiri “Najimov” va “Yallama” postlari faoliyati bilan tanishdi.
“Loyiha yaqin kunlarda yakunlanish jarayonida. Elektron navbat avvalo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun mo‘ljallangan. Chunki, ular tez buziladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ortgan transport vositasi egasi oldindan saytimizga kiradi va deklaratsiya raqamini kiritib, o‘ziga navbat olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Har yarim soatda bittadan qishloq xo‘jalik mahsulotlariga elektron navbat beriladi. Elektron xizmat haydovchi postga kelganida, navbat kutmasdan kirib kelishini ta’minlash maqsadida yaratilyapti”, deydi Qobulov.
Davlat bojxona qo‘mitasi boshqarma boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, yukning xavfsizligini ta’minlash maqsadida elektron plombalar joriy etiladi va ular yuk mashinalariga o‘rnatiladi.
“Yana bir qulaylik bojxona kuzatuv masalasida elektron plombalar, ya’ni GPS’lar ustida ish ketyapti. Buni biz yil yakuniga qadar ishga tushirishni mo‘ljallaganmiz. Mashinaga elektron plomba taqiladi. Bu orqali transport qayerda ketayotganini ko‘rib turamiz. Agar plomba buzilsa, bizga signal keladi. Turkiya, Ozarbayjonda elektron kuzatuv bor. Yaqinda borib, ko‘rib keldik. Lekin biz elektron plomba shaklida ishlayapmiz. Elektron plomba qo‘yilsa, yukxonani hech kim ocha olmaydi, ochsa signal keladi. Maqsad davlat byudjetiga tushadigan to‘lovni ta’minlash uchun yukni yo‘qotmasdan, bojxona to‘lovlarini amalga oshirish uchun terminallarga but holda yetkazish”, deydi u.
Shuningdek, Rustam Qobulov faqat juda katta to‘lovli yoki xavfi yuqori tovarlar, masalan; tamaki va alkogol mahsulotlariga bojxona kuzatuvi saqlab qolinishi rejalashtirilayotganini qo‘shimcha qildi.
“Najimov” va “Yallama” bojxona postlarini ko‘zdan kechirish davomida yuk mashinasini tekshiruvdan o‘tkazayotgan haydovchilar bilan ham suhbatlashdik. Ular ishlari odatdagidan anchagina tez bitayotgani va bundan hayratda ekanini ta’kidladi.
“Bugungi kunda kelib, to‘g‘risi men hayajondaman. Keldim, o‘tib ketyapman. Lekin ikki, uch kunlab qolgan vaqtlarimiz ham bo‘lgan. Bitta "Dovut ota" postidan navbatsiz o‘ta olaman, navbat kutmayman. O‘tgan safar kelganimda, ikki kun qolib ketganman”, deydi haydovchi.
Uzoq yillik tajribaga ega va ko‘plab davlatlarning bojxona postidan o‘tgan haydovchi Sobir Raupov so‘zi davomida eng qulay va tez ishlaydigan bojxona posti haqida gapirdi.
“Eng namunali deb Gruziya postlarini ko‘rsata olaman. Sababi, mashinadan tushmaysiz. Plombani qachon ilganini ham bilmaysiz. Qo‘lingizga hujjatni beradi. 7 daqiqa vaqtingiz ketadi. Hamma ishni mashinadan tushmasdan bajara olasiz. “Lars” (Rossiya – tahr.) postida ham yo‘l yoki boshqa narsa sabab 20 kunlab navbat kutib qolib ketgan vaqtlarimiz bo‘lgan”, deydi u.
Ma’lumotga ko‘ra, ba’zi vaqtlarda “Najimov” nomidagi bojxona postida katta tirbandlik yuzaga kelmoqda. Bunga asosiy sabab esa haydovchilar yuk mashinasi bilan yaqinda rekonstruksiya qilingan “Yallama” bojxona postiga emas, balki asosan unga nisbatan ancha kichik va eski bo‘lgan “Najimov” bojxona postiga borib, navbatda turishayotganidir. Chunki, “Najimov” bojxona posti haydovchilar harakatlanishi uchun qulay va ularning yo‘nalishiga anchagina yaqin. Shuni inobatga olgan holda, bu postni 2023 yilda rekonstruksiya qilish va sig‘imini kengaytirish rejalashtirilgan.