O‘zbekistonda chaqaloqlar va ayollar o‘limi ortyapti
Jamiyat
−
08 aprel 2022
10479O‘zbekiston go‘daklar o‘limi reytingida 193 ta mamlakat orasida 113-o‘rinni egallamoqda. Qolaversa, mamlakatda onalar va go‘daklar o‘limi sezilarli darajada ortgan. Bu haqda joriy yilning 5 aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisida Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Odiljon Iminov ma’lum qildi.
“Sog‘liqni saqlash sohasida ijobiy ishlar qilinmoqda, ammo muammolar ham yo‘q emas. Ularning eng kattasi keyingi bir yil ichida onalar o‘limining 6 foizga o‘sishidir. Go‘daklar o‘limi esa 12,6 promilleni tashkil etyapti. Bu jahon miqyosidagi yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qolyapti. O‘zbekiston go‘daklar o‘limi reytingida 193 ta mamlakat orasida 113-o‘rinda turadi. Sohada alkogol iste’mol qiluvchilarning miqdori ham 8 foizga oshgan. Keyingi ikki yil ichida narkotik iste’mol qiluvchilar miqdori ham yuqorilagan”, deydi senator.
Odiljon Iminovga ko‘ra, bugungi kunda yo‘l transport hodisasi yoki turli baxtsiz hodisalar oqibatidagi o‘lim holatlari ko‘rsatkichi ham achinarli tus olmoqda.
“YTH yoki boshqa baxtsiz hodisalar oqibatida vafot etayotganlar ko‘rsatkichi ham 20 foizdan 23 foizga ko‘tarilgan. Bu natijalar korrupsiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri taalluqli bo‘lmasa ham sog‘liqni saqlash sohasida korrupsiogen holatlarning mavjudligi o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatganini bilish mumkin”, deydi Iminov
Senatorning so‘zlariga ko‘ra, sog‘liqni saqlash sohasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishni takomillashtirish va korrupsiyasiz soha loyihasini amalga oshirish” bo‘yicha qabul qilingan 25 banddan iborat yo‘l xaritasining juda ko‘p qisimlari deyarli bajarilmay kelmoqda.
2021 yilda 5 483 nafar shaxsga nisbatan 3 769 ta korrupsiyaviy jinoyat ishlari sudlarga oshirilgan. Ya’ni sudga yuborilgan jinoyat ishlari hamda javobgarlikka tortilgan shaxslar soni o‘rtacha 3 baravarga ko‘paygan.
Sudlarga yuborilgan jinoyat ishlarining har uchtadan bittasi sog‘liqni saqlash, ta’lim va bank tizimi xodimlari tomonidan sodir etilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida so‘nggi ikki yilda 732 nafar shaxs korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Xususan, agar 2020 yilda 302 nafar shaxs korrupsiyaviy jinoyat sodir etgan bo‘lsa, 2021 yilda ularning soni 430 nafarga yetgan.
LiveBarchasi