Uchgan vazir, qamalgan soliqchi, golf maydonidagi Prezident, “Lolazor”ga borgan Mirziyoyeva – Hafta tahlili
Tahlil
−
01 avgust 2507 15 daqiqa
Energetika tizimidagi tanqidlar, vazirning lavozimdan ketishi ortidan tarqalgan hibs haqidagi xabarlar, yuqori mansabdorlarga qarshi boshlangan sudlar, Saida Mirziyoyevaning noqonuniy qurilishlar bo‘yicha tungi reydi, Prezidentning Qirg‘iziston va Qozog‘istonga tashrifi, Gulnora Karimova ishi bo‘yicha Shveysariya sudining qarori hamda MDHdagi eng mashhur kriminal avtoritetlardan biri — «Jora Tashkentskiy»ning qo‘lga olinishi. Tugayotgan hafta O‘zbekistonda ham, mintaqada ham shov-shuvli voqealarga boy bo‘ldi. Ular haqida batafsil — QALAMPIR.UZ'ning haftalik dayjestida.
Odamlar oxirgi vaqtlarda elektr va gazdan dod solib qo‘ng‘iroq qilsa, javob bermaydigan bo‘lganmiz. Yo‘limizni to‘sib, tariflar oshyapti, sifat tushyapti, pulini to‘lab ham elektrga, gazga zor qolyapmiz, qanaqa jurnalistsiz o‘zi, gapirmaysizmi, deydiganlar ko‘p. Bilishmaydi-ki tabibning o‘zi ham bemor.
(Kichkina tabib filmidan lavha)
Energetikada katta tozalash: vazir ketdi biroq muammo qoldi
Azaga kelgan xotin o‘zini dardini aytib yig‘lar degan gapni ko‘p eshitgansiz. Men ham gapni o‘z muammolarimizni aytishdan boshlasam. QALAMPIR.UZ joylashgan hozirgi binoga 2020 yilda ko‘chganmiz. O‘shanda binomizga elektr simlari non zavodidan o‘tkazilgani, bu yerda uncha-munchaga chiroq o‘chmasligi, non zavodlari muhim ob’ektlar hisoblanishidan quvonib, bizda chiroq o‘chmaydi deb karillab yurardik. Ko‘z tegdi! Olmazordagi transformatorlarning yonib ketishlari, tinimsiz chiroq o‘chishlari bizni ham chetlab o‘tmadi. Bu yil tinimsiz chiroq o‘chishi bo‘yicha mutlaq rekordga erishdik. Kuniga bir necha soatlab chiroqsiz o‘tirish Toshkentning bir chekkasidagi non zavodini qo‘ying, mamlakatning eng yirik ommaviy axborot vositalaridan birining ham chekiga tushgan va ehtimol hammasining.
Umuman, shu yilning iyun–iyul oylarida elektr tarmoqlarida 4 mingta avariya sodir bo‘lib, aholi va tadbirkorlar 8-10 soatgacha elektrsiz qoldi. Buni men emas, Prezident Shavkat Mirziyoyev shu hafta yoqilg‘i-energetika tarmog‘i bo‘yicha o‘tkazilgan o‘ta jiddiy yig‘ilishda aytdi.
Davlat rahbari har yili yoz va qish mavsumida mamlakatdagi o‘nlab podstansiyalarda avariya bo‘layotgani, yuzlab transformatorlar yonib ketayotganini ochiq gapirib, “har bir uzilish tadbirkorlarga va iqtisodiyotga qancha zarar keltirganini kimdir hisob-kitob qiladimi, yo‘qmi?” degan haqli savolni qo‘ydi.
Energetika vazirligi, uning quyi bo‘g‘inidagi rahbarlarning ijro mas’uliyati mutlaqo yo‘q. Shu bois odamlar ham, mas’ullar ham energetika tizimidagi mas’ullarning ishidan norozi. Prezident 2022 yildan buyon Energetika lavozimini egallab kelayotgan Jo‘rabek Mirzamahmudov va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ rahbari Asrorjon Asqarovni lavozimidan ozod qilganini aytdi va yangi rahbarlarga qat’iy talablar qo‘ydi.
“Hududiy elektr tarmoqlari”ning yangi boshqaruv raisi Sardor Isoqulov elektr ta’minoti sifati va uzilishlar bilan bog‘liq vaziyat “ayanchli ahvolda” ekanini aytib, Prezident sohani amalda qaytadan barpo etish vazifasini qo‘yganini ma’lum qildi.
Bundan tashqari, uning aytishicha, yig‘ilishda bugungi kunda transformatorlar, havo elektr uzatish tarmoqlari yuklama markazidan qochgan holda va nomutanosib o‘rnatilgani keskin tanqid qilingan. Prezident debitor qarzdorligi og‘ir bo‘lgan, uzilishlar ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan tumanlarga energetika vazirligi tizimi korxonalarining rahbarlari shaxsan biriktirilib, u joyda transformatorbay ishlash yoki bo‘lmasa gaz sohasida bo‘ladigan bo‘lsa, GRPbay ishlash yo‘nalishlari bo‘yicha aniq-aniq topshiriq bergan.
Biroq ayrim tadbirkorlar ijtimoiy tarmoqlar orqali chiqishi qilib, yuqoridan berilgan topshiriqlar quyi tizimda noto‘g‘ri bajarilayotgani, yana tadbirkorlar faoliyatiga to‘sqinlik qilinayotgani, “gaz” va “svet” uchun sun’iy qarz va oldindan to‘lov deb korxonalar faoliyati to‘xtab qolayotganidan noliyapti. Mana, ulardan birining murojaatiga quloq tuting.
Xo‘sh, eski vazir Mirzamahmudovga nima bo‘ldi, deysizmi? Unga ish berilmadi va ijtimoiy tarmoqda Mirzamahmudovga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani, u sud tartibida hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Albatta, QALAMPIR.UZ bu xabarlar ortidan tushdi va Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi Tursunali Akbarovdan bu haqda izoh olishga urindi.
“Sud bu vaziyatga izoh bera olmaydi. Men ham izoh bera olmayman. Chunki, birinchidan, ma’lumotim yo‘q. Ma’lumotni olib bersangiz bo‘ladi-ku, deyishingiz mumkin. Lekin gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash (sanksiya berish) masalasi yopiq sud majlisida ko‘rib chiqiladi. Shuning uchun xohlasak ham, bunday ma’lumotni biz oshkor qila olmaymiz”, deydi Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi.
Sobiq amaldorlar uchun og‘ir hafta: ketma-ket sudlar boshlandi
Kattalarning jinoiy javobgarlikka tortilishi va sud qilinishi bilan bog‘liq masalalardan uzoqlashmaymiz.
Soliq qo‘mitasi raisining sobiq birinchi o‘rinbosari, joriy yilning 27 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tgan yig‘ilishda lavozimidan ozod etilgan Mubin Mirzayev tugayotgan haftada 8 yilga qamaldi.
U Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismining “a” bandi, 205-moddasi 2-qismining “a” bandi (mansab vakolatini juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda suiiste’mol qilish) va 208-moddasida (hokimiyat harakatsizligi) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga nisbatan 3 yil muayyan huquqdan mahrum qilgan holda 8 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Sud hukmi bilan yetkazilgan zararlar undirilishi ham belgilangan.
Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev, Jazoni ijro etish departamenti sobiq boshlig‘i Rustam Tursunov va yana 28 kishiga oid jinoyat ishi bo‘yicha ham sud boshlandi.
Mazkur jinoyat ishi doirasida Bekmurod Abdullayev doxil, jami 30 nafar shaxsga nisbatan ayblov qo‘yilgan. Qayd etilishicha, ularning aksariyati Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” va “v” bandlari bilan bir qatorda boshqa iqtisodiy va mansabga oid jinoyatlarda ham ayblanmoqda.
Qolaversa, Davlat xavfsizlik xizmatining sobiq mulozimlari Ganchar Uzoqov, Alijon Ashurov, Timur Shariksiyev va Suxrob Sayfutdinov ustidan ham sud boshlandi. Ular Migratsiya agentligi, xususiy bandlik agentliklarining sobiq mansabdorlari va boshqalardan iborat uyushgan jinoiy guruh Koreya davlatiga mehnat muhojiri sifatida ishga yuborish bilan bog‘liq korrupsion “sxema” yaratib, fuqarolardan rasmiy to‘lovlardan tashqari, firibgarlik yo‘li bilan 7-12 ming AQSH dollaridan, qariyb 90 mln AQSH dollari yiqqaniga oid ish bo‘yicha sudga tortilgan.
Ayblanuvchilarning barchasiga Jinoyat kodeksining bir xil moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular Jinoyat kodeksining 210-moddasi (Pora olish) 3-qismi “a” va “b” bandlari, 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 301-moddasi (Hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) 1-qismi bilan ayblanmoqda.
Shuningdek, tugayotgan haftada Davlat aktivlarini boshqarish agentligining sobiq rahbari Akmalxon Ortiqov va yana 5 kishiga oid jinoyat ishi bo‘yicha ham sud ishi boshlandi.
6 yilga yaqin Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori lavozimida ishlagan 46 yashar Akmalxon Ortiqov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “v” va “g” bandlari, ayni shu moddaning 3-qismi “a” va “v”, 206-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” va “b” bandlari, 209-moddasi (Mansab soxtakorligi) 1-qismi, ayni shu moddaning 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan javobgarlikka tortilgan.
Ushbu uch sudning o‘xshash jihati shundaki, ularning barchasi ommaviy axborot vositalari uchun yopiq o‘tkazilmoqda. Buni Toshkent shahar sudlari shunday izohladi:
“Qayd etilgan jinoyat ishlarida qonun bilan muhofaza etiladigan, shuningdek shaxsiy hayotga oid ma’lumotlar mavjudligidan kelib chiqib, sud ajrimlariga asosan, jarayon yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilishi belgilandi.
Bo‘lib o‘tayotgan sud protsesslari yakuni yuzasidan qo‘shimcha axborot beriladi”.
“Lolazor”dagi qurilish mojarosi: Saida Mirziyoyeva hududga bordi
Bugun poytaxt Toshkentda nima ko‘p, qurilish ko‘p. Qurilish bo‘lganda ham noqonuniysi juda ko‘p. Ularga qarshi har qanday yo‘l bilan kurashilyapti, lekin natija kutilganidek emas. Toki, masala yuqorigacha yetib bormasa, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlar ham behuda. Shundaylardan biri yuqorigacha yetib bordi. Yaqinda Mirobod tumanidagi “Lolazor” mahallasi turg‘unlari ijtimoiy tarmoqlar orqali murojaat bilan chiqib, ko‘p qavatli uylar o‘rtasidagi bolalar maydonchasidagi daraxtlar qo‘porilib, bolalar maydonchasi o‘rab olinib, o‘rnida biznes markazi qurish ishlari boshlab yuborilganidan yozg‘irgan edi. Ularning murojaatiga na Qurilish vazirligi, na prokuratura, na “buz-buz” bilan ovora shahar hokimligi e’tibor qaratdi. Lekin Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva murojaatni javobsiz qoldirmadi. U kech bo‘lishiga qaramay, hududga bordi, mas’ullarni yig‘di, bu qurilish ortida kim turganini, uni oddiy odam o‘rab olmasligini, albatta, qaysidir g‘o‘ddaygan yo blatnoy borligini aytdi.
Saida Mirziyoyevaning aytishicha, Bosh prokuratura butun Toshkent shahri bo‘yicha bunday ob’ektlarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazadi. Qurilish uchun berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik me’yorlari va aholi huquqlariga qay darajada rioya qilinganini tekshirish shart. Agar qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, mas’ul shaxslarga nisbatan murosasiz jazo choralari ko‘riladi, aybdorlar, kerak bo‘lsa, hatto ozodlikdan mahrum etiladi.
“Aholi foydalanishi uchun ajratilgan shahar hududlari ofis yoki turar joy binolarini qurishga mo‘ljallanmagan, ular o‘z vazifasiga ko‘ra xizmat qilishi zarur. Odamlar dod deganicha bor – qurilishlar tufayli poytaxtdagi umumiy hovlilar, o‘yin va sport maydonchalari tag-tugi bilan yo‘q qilib yuborilyapti”, deydi Mirziyoyeva.
Hududda Saida Mirziyoyevaga peshvoz chiqqan oqsoqol Toshkent shahar hokimining qurilish, to‘siqsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – Baxtiyor Rahmonov. Lekin ekologiyaga mas’ul bo‘lgan bu shaxs nomi ko‘pincha aynan daraxtlar qirg‘ini bilan bog‘lanadi. Esingizda bo‘lsa, 2025 yilning oktyabr oyi oxirida Toshkentning Yakkasaroy tumani Nukus va Bobur ko‘chalari kesishmasidan boshlab avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan jami 174 tup daraxt va buta moratoriy talablariga zid ravishda kesib tashlangandi. Ushbu xatti-harakat bilan tabiatga 1 mlrd 460 mln 952 ming so‘m zarar yetkazilgandi.
O‘shanda sobiq deputat Rasul Kusherboyev ushbu holat haqida bong urib, daraxtlar Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning o‘sib turgan daraxtlar o‘rniga boshqa daraxtlar ekish to‘g‘risidagi topshirig‘iga asosan, obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tungi vaqtda kesib tashlanganini aytib chiqqandi. Lekin, Rahmonov suvdan quruq chiqdi, obodonlashtirish xodimlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ish qanday tugagani esa noma’lum.
Sizningcha, Saida Mirziyoyeva bu masalani ko‘tarmaguncha “Lolazor” mahallasidagilarning faryodi Rahmonovgacha yetib kelmaganmi? Yo boshqalarni-chi?
Saida Mirziyoyeva hududni tark etarkan, Baxtiyor Rahmonovning qo‘lini mahkam siqib, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiligida shaharda dizayn-kod borasida olib borilayotgan ishlarni sharmandali deb atadi.
Markaziy Osiyoda ittifoqchilikning yangi bosqichi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tugayotgan haftada ikki qo‘shni mamlakatga safar qildi. Biri Qozog‘iston, ikkinchisi Qirg‘iziston. Shavkat Mirziyoyev Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan “Kelajak o‘yinlari” uchinchi xalqaro musobaqasining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Prezidentning Qirg‘izistonga qilgan uch kunlik tashrifi muhim voqealar va yangiliklarga boy bo‘ldi. Eng avvalo, Prezident Mirziyoyev va Birinchi xonim Mirziyoyeva Cho‘lponotada katta hurmat va izzat-ikrom bilan kutib olinganiga e’tibor qaratsak. Bundan 10 yil avvalni qo‘ying, 35 yil davomida O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabatlari hech qachon bugungidek bo‘lmagan.
35 yil deganda ikki mamlakat prezidentlari Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Yana 10 dan ortiq hujjatlar qabul qilindiki, buning natijasida endi O‘zbekiston va Qirg‘iziston ikki davlat fuqarolarini chegarani kesib o‘tganidan keyin 15 kun davomida majburiy ro‘yxatdan o‘tish talabidan ozod qiladi. O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlari soni 15 tadan 30 tagacha oshiriladi. Endi O‘zbekiston fuqarolari Qirg‘izistonga, Qirg‘iziston fuqarolari O‘zbekistonga ko‘chgan taqdirda ham pensiya olishda davom etadi. Pensiya miqdori har bir davlatning milliy qonunchiligi asosida, shu davlat hududida ishlagan staj, ish haqi yoki to‘langan sug‘urta badallaridan kelib chiqib hisoblanadi. Ikki davlat fuqarolariga teng huquqlar beriladi, shuningdek dafn etish nafaqasi, tibbiy-ijtimoiy ekspertiza, shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish va vakolatli organlar o‘rtasida axborot almashish tartiblari belgilanadi. Bitimning o‘tish qoidalariga muvofiq, u kuchga kirgunga qadar orttirilgan ish staji milliy qonunchilik hamda 1992 yil 13 martdagi MDH bitimi asosida inobatga olinadi.
Prezidentlar muloqotida Davlatlararo kengash tuzishga qaror qilingan. Energetika sohasidagi hamkorlik strategik yo‘nalish sifatida belgilangan. Qambarota GES-1 qurilishi loyihasi bo‘yicha bitimni imkon qadar tezroq imzolab, uni amaliy bosqichga o‘tkazish muhimligi aytildi.
Shavkat Mirziyoyevning tashrifiga alohida tayyorgarlik ko‘rgan Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov O‘zbekiston rahbarini mamlakatning oliy davlat mukofotlaridan biri I darajali “Manas” ordeni bilan mukofotladi.
Inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov Shavkat Mirziyoyevning mukofotlanganiga fikr bildirarkan, bu haqli e’tirof ekanini, yaqin yillarda qo‘shnilarni tikanli simlar, nifoq va vizalar ajratib kelganini aytdi.
“Bu haqli e’tirof, O‘zbekiston tomonining Markaziy Osiyo birdamligi, turkiy dunyoning o‘zaro integratsiyalashuvi yo‘lidagi tashabbuslari bemisl. O‘tgan hafta Tojikistonda bo‘lib bunga yana bir karra amin bo‘ldik. Tojiklar ham chegaradagi vaziyatning tubdan o‘zgarganini mamnuniyat bilan ta’kidlashmoqda. Dilga yaqin do‘stlarimiz bilan avval Ashxobod, keyin Hirot, Qobul, Qandahor safarlarini rejalashtiryapmiz. Beruniy, Hazrat Navoiy, Bobur bobomiz qabrlarini ziyorat qilish orzuimiz. O‘zaro qo‘shnichilik aloqalarining yaxshilangani bu umidni berdi aslida. 30 iyul BMT tomonidan “Xalqlar do‘stligi” kuni sifatida belgilangan. Xalqlar do‘stligi shunchaki deklarativ protokollar emas, chin ma’nodagi turkiy o‘zlikka qaytish. Holbuki, Markaziy Osiyo mamlakatlari 1994 yildayoq “Abadiy do‘stlik shartnomasi”ni imzolashgandi, ammo yaqin o‘tmishda do‘stlarni tikanli simlar, viza va nifoqlar ajratib keldi. Iloyo, birodarlarimiz bilan hamjihatligimiz abadiy bo‘lsin!”, deydi Tashanov.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashrifi Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning norasmiy sammitiga ulanib ketdi. Davlat rahbarlari birgalikda golf o‘ynadi, turmush o‘rtoqlari bilan madaniy tadbirlarda ishtirok etdi, Baku mehmonxonasini ochib berdi. Qator kelishuvlar imzolandi, muloqot qilindi, asosiysi Cho‘lponota samimiy muloqot maydoniga aylandi. Qirg‘izistondagi navbatdagi ushbu yig‘in rasmiyatchilikdan ko‘ra iliq va do‘stona munosabatlarni namoyon etish, birgamiz, birdammiz degan messejni berish, Markaziy Osiyo o‘z muammolarini o‘zi hal qila oladigan darajaga yetib kelganini golf o‘yinida tushilgan suratlar orqali namoyish etishdek vazifani bajardi, bizningcha.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa tugayotgan haftada hukumatga O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan harbiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalarni o‘zgartirish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga ruxsat berdi. Amaldagi shartnomalar ushbu mamlakatlarga Rossiya qurol-yarog‘ini sotishnigina emas, balki harbiy ahamiyatga ega mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ham tartibga soladi. Bunday mahsulotlar qatoriga qurol-yarog‘ va harbiy texnika, ishlar va xizmatlar, harbiy-texnik axborot, texnologiyalar, intellektual faoliyat natijalari, shuningdek, konstruktorlik, texnik, texnologik va foydalanish hujjatlari kiritilgan. Kelishuvlar qurol-yarog‘larni ta’mirlash va modernizatsiya qilish, birgalikdagi tadqiqot va ishlanmalar, qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish va mutaxassislarni tayyorlashni nazarda tutadi.
Xo‘sh, bu shartnoma nimani anglatadi va uni o‘zgartirishga nima uchun ehtiyoj bor? Bu haqda alohida ko‘rsatuv tayyorlaganmiz, uni QALAMPIR.UZ’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Gulnora Karimova ishida yangi qaror: Shveysariya sudida nimalar bo‘ldi?
Shveysariya sudi Lombard Odier xususiy bankini pul yuvishning oldini ololmagani uchun 3 million shveysariya franki (3,68 million dollar) miqdorida jarimaga tortdi, ammo O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga nisbatan sud jarayonini to‘xtatdi.
Shveysariya prokurorlari Karimovani pora olishda hamda 2005 va 2013 yillar oralig‘ida Shveysariyadagi bank hisob raqamlariga yuzlab million dollar o‘tkazgan “Ofis” deb nomlangan jinoiy tashkilotni boshqarishda ayblagan edi.
Jenevada joylashgan Lombard Odier va uning sobiq xodimi Karimovaning ehtimoliy jinoiy faoliyatidan olingan daromadlarni yashirishga imkon yaratganlikda ayblangan. Sud jarayoni joriy yilning aprel oyida boshlangan edi.
Sud o‘z bayonotida Lombard Odier bankini pul yuvishning oldini olish uchun “barcha oqilona va zarur tashkiliy choralarni ko‘rmagani” uchun jarimaga tortganini hamda 400 million frankdan ortiq aktivlarni musodara qilish haqida qaror chiqarganini ma’lum qilgan.
Sud Lombard Odier bankining faqat “C.” ismi bilan ko‘rsatilgan sobiq hisob-kitob menejeriga 24 oylik shartli qamoq jazosini tayinlagan.
Lombard Odier bayonotiga ko‘ra, ushbu ish bankning o‘zi 2012 yilda Shveysariya rasmiylariga shubhali holatlar haqida xabar berganidan so‘ng boshlangan. Bank o‘sha vaqtda mustahkam ichki nazorat va pul yuvishga qarshi tartib-qoidalarga ega bo‘lganini ma’lum qilgan va sud qarori ustidan shikoyat qilishini bildirgan.
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 54 yoshli qizi Karimova har qanday noqonuniy xatti-harakatlarni rad etgan.
O‘zbekistonda Karimovaga nisbatan 2013 yilda o‘zlashtirish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash bo‘yicha ikkita jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2015 yilda birinchi ish bo‘yicha unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi berilgan, 2017 yilda esa ikkinchi ish bo‘yicha 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Bundan tashqari, 2020 yilning mart oyida Toshkent shahar sudi Gulnora Karimovani til biriktirish, tovlamachilik, o‘zlashtirish, talon-toroj qilish, pul yuvish va boshqa jinoyatlarda ayblab, 13 yil-u 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilgan. Birinchi prezidentning qizi dastlab Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21-sonli koloniyada jazoni o‘tagan. 2025 yil yanvar oyida uning aynan shu viloyatdagi manzil-koloniyaga o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi.
Yillar davomida qidirilgan kriminal avtoritet–“Jora Tashkentskiy” ushlandi
Jinoyat olamida “Vor v zakone” sifatida tanilgan, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hududida ko‘plab jinoyatlarni sodir etgan “Jora Tashkentskiy” qo‘lga olindi.
Asl ismi Sorokin Georgiy Nikolayevich bo‘lgan bu kishi 1972 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U sport ustasi bo‘lgan. Sorokin ilk jinoyatini 1990 yilda 18 yoshida sodir etib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. 1990 yildan buyon O‘zbekiston, Rossiya va Qozog‘iston hamda boshqa davlatlarda sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanib, jazoni ijro etgan.
Keyinchalik ushbu shaxs bosqinchilik, talonchilik, tovlamachilik, noqonuniy qurol va giyohvand modda saqlash kabi bir qancha jinoiy qilmishlarda aybdor deb topilgan. Shuningdek, Sorokinning yonida qalbaki Rossiya fuqaroligi pasporti borligi bo‘lib, ushbu pasportdan foydalanib, yillar davomida bir qancha davlatlar bo‘ylab harakatlangan.
2021 yil Toshkent shahrida “Jora Tashkentskiy” jinoiy sheriklari Jumayev, Jo‘rayev va boshqa shaxslar bilan til biriktirib, umumiy qiymati 350 ming AQSH dollariga teng bo‘lgan ikkita uyni o‘zlashtirib olgan. U tovlamachilik yo‘li bilan uy egasini qo‘rqitib, urib-do‘pposlab, oila a’zolariga zo‘rlik ishlatib, xonadonlarni sheriklarining nomiga rasmiylashtirgan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) uchinchi qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qidiruv e’lon qilingan. U Misr davlatida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.
Live
Barchasi