Norboyeva davlat pulini havoga sovurishda qaysi hududlar peshqadamligini aytdi
Jamiyat
−
06 aprel 2022
14341So‘nggi uch yilda O‘zbekistonda davlat xaridlaridagi qonun buzilishi holatlari natijasida davlat manfaatlariga 121,2 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan. Bu haqda kecha, 5 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisida Kengash raisi Tanzila Norboyeva ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 2018-2021 yillarda davlat xaridlari sohasidagi qonun buzilishi holatlari bilan bog‘liq 283 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ularning asosiy qismi Sirdaryo viloyati (56 ta), Toshkent shahri (40 ta), Farg‘ona (30 ta) va Navoiy (26 ta) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Qonun buzilish holatlari yuzasidan 272 ta jinoyat ishi ochilib, 508 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan.
Shuningdek, aniqlangan qonun buzilish holatlari yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari natijasida davlat manfaatlariga 121,2 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.
Ta’kidlanishicha, davlat xaridlari sohasini “korrupsiyasiz soha”ga aylantirish bo‘yicha 2020 yilda qabul qilingan “yo‘l xarita”da belgilangan vazifalarning 30 foizi bajarilmagani aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilgan keskin choralar natijasida sudga yuborilgan jinoyat ishlari soni o‘tgan yilga nisbatan bank sohasida 300 foizga, ta’lim tizimida 120 foizga hamda sog‘liqni saqlash sohasida 100 foizga ortgan.
LiveBarchasi