Marhamatda o‘qituvchilar sazoyi qilingani uchun sud “zamhokim”ni jazoladi

Jamiyat

image

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 72-IDUM o‘qituvchilari o‘quvchilarning ota-onasidan uzr so‘rashga majburlangani ortidan sud tuman hokimining Yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Muxtor Qurbonovga jazo tayinladi. Bu haqda viloyat sudi Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Muxtor Qurbonov O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 197-5-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga bazaviy xisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida (2 700 000 so‘m) jarima jazosi tayinlangan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 fevral kuni Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilar ta’lim sifati, o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida bosh egib, kechirim so‘rashga majbur qilingandi.

9 fevral kuni Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov holatga munosabat bildirib, o‘qituvchilardan uzr so‘radi.

Eng ahamiyatlisi shundaki, Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov Marhamat tumanida o‘qituvchilarni o‘quvchilarning ota-onasidan uzr so‘ratish tuman hokimi Boburjon Yo‘ldoshevning tashabbusi bo‘lganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari va ota-onalar yig‘ilishi Marhamat tumani hokimidan chiqqan tashabbus bo‘lib barcha maktablarda o‘tkazishga topshiriq berilgan. Shu sababdan XTB boshlig‘i tuman hokimining mazkur holat bo‘yicha shaxsan o‘zining munosabat berishini qat’iy talab qilgan.

Keyinchalik esa Muxtor Qurbonov lavozimidan ozod qilindi, tuman hokimi Bobur Yo‘ldoshevga esa faqatgina “hayfsan” intizomiy jazosi tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Marhamat

Baholaganlar

184

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing