Yana yong‘in. Olov bu safar ham transformatordan chiqdimi?

3-sahifa

Reklama
0:00

Bugun, 22 iyul kuni Yangihayot tumanidagi xonadonlardan birida yong‘in chiqdi. QALAMPIR.UZ hodisa tafsilotlarini o‘rganish maqsadida voqea joyiga yetib bordi.

“Men yong‘in chiqqan xonadonning qo‘shnisiman. Avval elektr ikki marta o‘chib-yondi. Shundan keyin tashqaridan qarsillagan ovozlar eshitildi. Qo‘rqib darhol ko‘chaga chiqdim. Shamol kuchli bo‘lgani uchun yong‘in bizning uyga ham o‘tib ketishidan xavotir oldim. Shu zahoti qo‘shnilarni ogohlantirdim, ular esa qutqaruv xizmatiga qo‘ng‘iroq qilishdi”, deydi voqea guvohlaridan biri.

Ma’lum bo‘lishicha, soat 12:00 da Yangihayot tumani, Qipchoq ko‘chasida joylashgan shaxsiy xonadon yonayotgani to‘g‘risida poytaxt Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga xabar kelib tushgan. Qutqaruv ekipajlari voqea joyiga 9 daqiqada yetib kelgan va yong‘in 12:29 da to‘liq o‘chirilgan.

Garchi, ijtimoiy tarmoqlarda yong‘in elektr tarmog‘idagi nosozlik sabab yuz bergani aytilayotgan bo‘lsada, bu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmadi. Biroq yozning jazirama kunlarida transformator va podstansiyalarda yong‘inlar tez-tez kuzatilmoqda. Xususan, 1 iyun kuni Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi “Vistavochnaya” podstansiyasida transformator yonib ketgan. 8 iyul kuni Olmazor tumanidagi yana bir podstansiya hududida yong‘in sodir bo‘lgan. 14 iyul kuni esa Chilonzor tumanidagi 6-mavzesida joylashgan transformatorlardan birida ham xuddi shunday holat qayd etilgan.

Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning dastlabki olti oyida 339 ta yong‘in sodir bo‘lgan. Shundan 183 tasi elektr uskunalari hamda elektr qurilmalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi oqibatida yuzaga kelgani aniqlangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing