Baxtli ayollar kuni. Siz baxtlimisiz?
Jamiyat
−
21 fevral 2022
5547Baxt nima? Bu savolga dap-durustdan javob berish qiyin. O‘lchovlarimiz o‘zgarib turadi. Bugun biz uchun yetishish qiyin bo‘lgan narsalarning ertaga sariq chaqalik qadri yo‘q. Baxt deb talpinganimiz esa sarob, qadrini bilmaganimiz esa BAXT bo‘lib chiqadi. Yo sizda boshqachami?
Aslida baxtli bo‘lish qiyin ish emas. Baxtni oddiy narsalardan qidirish va uni his qilish baxt. Oila a’zolaringizni sizga bo‘lgan ishonchi, atrofingizdagilarga kerak ekaningiz, bu hayotda borligingiz o‘zi baxt. Yana buguningizdan rozilik – BAXT.
Kimdir baxtni pulda, kimdir hashamatda, yana kimdir xorijdagi hayotda ko‘radi. Shaharda yashayotgan ayollar uchun oddiy ko‘ringan narsalar qishloq ayoli uchun bir olam quvonch, desak noto‘g‘ri bo‘lmaydi.
Qishloq ayollarining tashvishi, baxt haqidagi o‘ylari ham o‘zlari kabi samimiy, hashamatdan yiroq. Ular baxtni farzandida, turmush o‘rtog‘ida, ro‘zg‘or g‘ami bilan otgan tongiyu bolalarning kelajagi tashvishi bilan botgan kunida ko‘radi. “Sevaman, o‘zingni ehtiyot qil, menga keraksan”, degan gaplarni balki eshitmas. Bunda tillar emas, dil suhbat quradi. Qalb quloqqa aylanadi. Yashash zavqini tuyadi.
21 fevral Baxtli ayollar kuni. Siz baxtlimisiz?