Ayollar gigiyenik vositalari va erkaklik kuchini oshiruvchi reklamalarga yana qancha ko‘z yumish kerak?

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi mavjud telekanallarda namoyish etilayotgan reklamalar, ayniqsa, dori mahsulotlari targ‘iboti tomoshabinlar, jamoatchilikda katta e’tirozlarni keltirib chiqarmoqda. Xususiy telekanallarda tongdan kechgacha "falon dorini ichib bel og‘rig‘im ketdi, boshim tuzaldi, hayotga qaytdim" qabilidagi tinimsiz berilayotgan intervyular odamlarning asab tolalarini chertmoqda. Kechki soatlarda, aynan oila davrasida televizor ko‘rilayotganda, erkaklarning jismoniy kuchini oshirish va ayollarning oson homiladorligiga xizmat qiluvchi reklamalar esa nafaqat ko‘p efirga uzatilayotgani, balki o‘zbek xalqi yashash tarzi, oilaviy tarbiya muhitiga ham zidligi bilan ommaviy norozilik kayfiyatini uyg‘otmoqda. 

Yaqin orada reklama bilan bog‘liq bunday muammolar va ma’naviyatni yemiradigan holatlarni tartibga soluvchi aniq mexanizm ishga tushadi. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyev QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Ayni “praym taym” vaqtida efirga uzatilayotgan turli gigiyenik, ayollar va erkaklar mahsulotlari reklamasidan odamlar norozi. Aholining e’tirozi reklamalarni butunlay cheklab qo‘yishga asos bo‘loolmaydi va bu xato. Demak, telekanallardagi reklamalarni biroz yo‘lga solish vaqti kelmadimi. Bu savollar bilan Boqiyevga yuzlandik. 

“Bu savolga kengroq javob bermoqchiman. Reklama to‘g‘risidagi qonunchilik bor. Bu boradagi masalalar qonunchilik bilan tartibga solinadi. Hozir “Reklama to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda Senatga kelib tushgan. Bu qonun yangi tahrirda qabul qilinganidan keyin, ma’qullansa, bugun ko‘pchilikni qiynab kelayotgan reklamaga xos bo‘lgan muammolar, asabimizda o‘ynaydigan, ma’naviyatimizni yemiradigan holatlarni tartibga soluvchi aniq mexanizm ishga tushadi. Tashqi reklama, internet nashrlari yoki telekanal orqali beriladigan reklamalarning barchasini tartib va mexanizmi belgilanyapti. Mening bu qonundan xabarim bor. Albatta, bu qonun bugun qo‘mitalar tomonidan to‘liq muhokamalardan o‘tmoqda”, deydi Boqiyev.

Eslatib o‘tamiz, yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun loyihasi 2021 yilning 28 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan edi.

Shuni ta’kidlash kerakki, ommaviy axborot vositalarining moliyaviy holatiga salbiy ta’sir qiluvchi bir qancha cheklovlar mavjudligi media makoni xususiy sub’ektlarining e’tirozlariga sabab bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Oliy Majlis Reklama aholining e'tirozi Boqiev.

Baholaganlar

524

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing