Raketalar, dronlar, tanklar va samolyotlar: Xitoy harbiy paradda qanday qurollarni namoyish qildi?

Tahlil

Bugun, 3 sentyabr kuni Xitoyda yirik harbiy parad bo‘lib o‘tdi. Xitoy xalqining yapon bosqinchilariga qarshi urushi va Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 80 yilligini nishonlash maqsadida o‘tkazilgan ushbu marosimda 26 nafar xorijiy yetakchi ishtirok etdi. Pekindagi Tyananmen maydonida bo‘lib o‘tgan parad ishtirokchilari orasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bor.

Xitoy an’anaga ko‘ra, har 10 yilda bir marta parad o‘tkazadi. Oxirgi parad 2019 yilning 1 oktyabrida bo‘lib o‘tgandi. Bu yil esa Si Szinpin an’anadan chekinib, favqulodda parad o‘tkazdi. Maydonda 45 ming askar, 600 ta zirhli texnika va 100 ta samolyot namoyish qilindi. Biroq bu faqat harbiy texnikalar namoyishi yoki g‘ildiraklar shovqini emas, balki, katta siyosiy voqeadir. Dunyodagi notinch harbiy-siyosiy holat fonida Xitoy mazkur parad orqali o‘z daxlsizligini ta’minlay olishini isbotlashdan tashqari, eng ilg‘or qurol yetkazib beruvchi bo‘la olishga ham da’vogarlik qilayotgan bo‘lishi mumkinligini inkor etib bo‘lmaydi.

Ushbu maqolada siz Si Szinpin dunyoga maqtanayotgan harbiy qurollarga oid muhim ma’lumotlar bilan tanishishingiz mumkin.

Xitoyning yangi qurollari

Navbatdan tashqari o‘tkazilgan harbiy parad artilleriya zarblari ostida, Xitoy Davlat kengashi bosh vaziri Li Syan ishorasi bilan boshlandi. Marosimda Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasining barcha qo‘shin turlari va bo‘linmalari tarkibidagi 45 ta harbiy hisob bo‘linmalari ishtirok etdi.

O‘zining kirish nutqida Si Szinpin xitoy xalqi butun dunyoda tinchlikka erishishga ulkan hissa qo‘shganini ta’kidladi. Shu bilan birga, u Xitoy armiyasi doimo partiya va xalq uchun ishonchli tayanch bo‘lib kelganini urg‘uladi. Kirish qismi tugagach, XXR rahbari Tyananmen maydonida mashinada harbiy texnika va qo‘shinlarni ko‘zdan kechirdi. U saf tortgan harbiy xizmatchilar va ularning ortida turgan texnika yonidan o‘tdi.

Marosim davomida paradda ilk bor qatnashayotgan Kiberxavfsizlikni ta’minlash hamda Virtual makonda suverenitetni himoya qilish uchun mas’ul kiberqo‘shinlar va axborot hujumlariga qarshi turish hamda jamoatchilik ongini manipulyatsiya qilishga urinishni aniqlashga mas’ul axborot qo‘llab-quvvatlash bo‘linmalari ham namoyish etildi.

Marosim davomida XXR armiyasi vertolyotlari osmonda ramziy 80 sonini hosil qildi. Mana shunday dabdaba bilan o‘tkazilgan paradda Xitoyning mudofaa sanoatidagi yutuqlari ham namoyish etildi. Tyananmen maydonida ilk bor dunyo ilgari ko‘rmagan yangi texnikalarning 40%i namoyish qilindi.

1. DF-41 – qit’alararo ballistik raketa. Eng xavfli namoyishlardan biri DF-41 raketasi bo‘ldi. U 14-15 ming km masofaga zarba bera oladi, tezligi 25 mach (30 000 km/soat). Ma’lumot uchun, mach – tovush tezligi birligidir. Raketa 10 ta alohida yo‘naltiriladigan yadro kallaklarini olib yurishi mumkin.

2. DF-100 – gipertovushli qanotli raketa. U 4 000 km masofaga, 4 mach tezlik (4 900 km/soat)da uchadi. H-6N bombardimonchisidan uchirilsa, masofa 6 000 km dan ham oshadi.

3. AJX-002 – yadroli suvosti apparati. Paradning eng katta sensatsiyasi – yadroli dron-torpeda AJX-002 bo‘ldi. Uzunligi 20 metr, diametri 1,5 metr. Uning quvvati 100 megatonna deb baholanmoqda. Ma’lumot uchun, bu Xirosimaga tashlangan bombadan 5 000 marta kuchliroq. U 100 uzel tezlik (200 km/soat)da 1 km chuqurlikda harakatlanib, dushman qirg‘og‘ida portlashi mumkin. Oqibatda, 50 metr balandlikdagi sunami 500 km masofani vayron qilishi mumkin.

4. ZTZ-201 – “aqlli tank”. Yangi asosiy jangovar tank – Rossiyada ishlab chiqilgan, yangi avlod og‘ir zirhli platforma “Armata”ga o‘xshash. Ekipaj alohida kapsulada joylashgan. Tankda dushman dronlarini kuzatuvchi 13 ta optik sensor ham mavjud. Vazni 40 tonnadan ozroq, dvigateli 1 500 ot kuchiga teng. Maksimal tezligi 60 km/soat. Qurol – 105 mm, lekin o‘q-dorilari yuqori zirh teshuvchi hisoblanadi.

Xullas, Pekindagi parad Xitoyning harbiy salohiyatini dunyoga ko‘rsatib, AQSH va uning ittifoqchilariga kuchli siyosiy va harbiy signal bo‘ldi.

“Qanotli qilich” – uchuvchisiz uchuvchilar

Xitoyning eng ashaddiy dushmanlari ham u ilg‘or uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqishda sezilarli yutuqlarga erishganini tan olishga majbur. Hattoki, uni bu borada “dunyo yetakchisi” deb ham atashmoqda. Pekindagi harbiy paradda Xitoy buni amalda isbotlab, ilk bor zamonaviy harbiy dronlarning butun bir “suruvini” ko‘rsatdi. Ulardan eng mashhuri – ko‘zga ko‘rinmas uchuvchisiz GJ-11. Mutaxassislar uni bu sohadagi Xitoy ishlanmalarining “markaziy elementi” deb ataydi.

GJ-11 juda jiddiy texnik ko‘rsatkichlarga ega: jangovar radiusi – 1 600 km, maksimal parvoz masofasi – 4 000 km, 12 000 metrgacha balandlikdagi havoda 6 soatgacha bo‘la oladi. U qiruvchi samolyot va strategik bombardimonchining eng omadli “aralashmasi” hisoblanadi.

Qanoti ostida butun boshli arsenal bor: 4 dona “havo-havo” sinfiga oid raketa, 4 dona 500 kg og‘irlikdagi lazer boshqaruvli aviabomba yoki 12 dona 100 kg qanotli bombalar. Eng muhim afzalligi – radar uchun deyarli sezilmasligi. Yaratuvchilarga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda GJ-11 ni o‘z vaqtida payqay oladigan havo mudofaa tizimi mavjud emas.

Himoya mashinasi – FK-3 000

Paradda yangi FK-3 000 zenit raketali-artilleriya majmuasi ham ilk bor namoyish qilindi. U tashqi ko‘rinishi jihatidan Rossiyaning mashhur “Pansir-S1/SM” kompleksiga juda o‘xshaydi. Ammo xitoycha versiya ko‘proq dronlardan himoyaga yo‘naltirilgan. Uch o‘qli zirhli avtomobil shassisiga o‘rnatilgan bu tizimda 12 ta yaqin masofali raketa va 30 mm.li avtomat to‘p bor. Bir vaqtning o‘zida bir nechta nishonni urishi mumkin. Asosiy vazifasi – front chizig‘idagi bo‘linmalar, muhim ob’ektlar va infratuzilmani himoya qilish.

Dronlarni ishdan chiqaruvchilar

Paradda ilk bor yuqori quvvatli mikroto‘lqinli qurollar HPM (High Power Microwave) namoyish etildi. Ularda eshituvchi ulkan antennalar bo‘lib, kuchli mikroto‘lqinli impulslar bilan dronlarning elektronikasini ishdan chiqaradi: dronlar osmondan pashshadek qulaydi. Ularning samarali masofasi – bir necha yuz metr. HPMlar dala pozitsiyalari, baza va boshqa muhim ob’ektlarni dushman dronlari hujumlaridan himoya qilish uchun mo‘ljallangan.

“Osmon qanotlari” – tashuvchilar

Havo harbiy texnikalari namoyishida eng katta faxr – ko‘p funksiyali J-35 qiruvchisi bo‘ldi. U bevosita AQSHning F-35 samolyotiga raqib sifatida yaratilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, u uzoq masofali yuqori aniqlikdagi raketalar bilan qurollangan va zarurat bo‘lsa, yadro kallaklarini ham tashiy oladi. Texnik jihatdan J-35 F-35dan kam emas, ayrim tomonlarda esa ustunroq.

Ammo parad osmonidagi eng yorqin yulduz – Chengdu J-36. Bu Xitoyning 6-avlod samolyoti sifatida taqdim etilmoqda. Unda osmonda va yerda sodir bo‘layotgan hamma narsani uchuvchiga ko‘rsatib beruvchi sun’iy intellekt tizimlari mavjud. U qiruvchi ham, uzoq masofali bombardimonchi ham bo‘lishi mumkin.

Eng muhim yangilik – J-36 uchuvchisiz rejimda ham uchishga tayyorlanmoqda. Bu dunyodagi birinchi pilotli-bombardimonchi o‘rnini bosuvchi, lekin inson darajasida hatto undan ham yuqori “aqlga ega” bo‘lishi mumkin.

Kosmos uchun qurollar

Paradda Xitoyning gipertovush qurollari ham namoyish qilindi: YJ-15; YJ-17; YJ-19; YJ-20 raketalari va uchuvchisiz uchuvchi Cuantianhou hamda MD-19 gipertovush dronlari. OAV xabarlariga ko‘ra, ular AQSH va Yevropa harbiy ob’ektlari, shuningdek, Hind-Tinch okeani hududidagi bazalarni nishonga olish uchun mo‘ljallangan. Ba’zilari esa hattoki, sun’iy yo‘ldoshlarni urib tushirish uchun ishlab chiqilgan.

AQSH bundan juda xavotirda, chunki o‘z gipertovush texnologiyalari hali 8-10 mach tezlikdan oshmagan bo‘lsa, Xitoy allaqachon 20 mach tezlikni bosib o‘tgan. Masalan, DF-27 raketasi 20 mach tezlikda 5 000 km masofani uchib o‘tib, AQSHning barcha mavjud raketaga qarshi mudofaa tizimlarini chetlab o‘tishi mumkinligi aytiladi.

Harbiy paraddan maqsad AQSHga ogohlantiruvchi signalmi?

Pekinda namoyish etilgan qurol-yarog‘larning misli ko‘rilmagan xilma-xilligi Xitoy rahbariyatining o‘zining ulkan harbiy-texnik salohiyatini butun dunyoga ko‘rsatishidir. Albatta, bu tahlikali namoyish, eng avvalo, Xitoyning geosiyosiy raqiblari – AQSHga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Amerikaning siyosiy rahbariyati allaqachon Xitoy bilan global urush haqida ochiqchasiga gapirmoqda, uni muqarrar deb hisoblamoqda.

AQSH uchun Pekindagi parad nafaqat “asabga tegadigan”, balki qaysidir ma’noda xavotirli ham bo‘ldi. Xorij OAV yozishicha, Xitoy poytaxtining markazidagi mashqlarni butun boshli AQSH razvedka sun’iy yo‘ldoshlari kuzatib borgan. Usti yopib qo‘yilgan ba’zi texnik namunalar chet elliklar, ayniqsa, amerikaliklarni yanada qiziqtirdi. AQSH va uning ittifoqchilari o‘z noroziligini ko‘rsatish uchun elchilarini ta’tilga chiqardi. Biroq, bu Pekinni qayg‘uga solmadi. Chunki, 26 davlatning prezident va bosh vazirlari, jumladan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham faxriy mehmonlar tribunasida o‘tirdi. Putinning o‘ngda, Kim Chen Inning esa chapda o‘tirgani ham siyosiy ramziy ma’noga ega edi.

Yaqindagina o‘lim bilan bog‘liq shov-shuvlarga duch kelgan Amerika prezidenti Donald Tramp Xitoy paradiga jim qarab tura olmadi. 2 sentyabr kuni kechqurun Truth Social’dagi postida Tramp Ikkinchi jahon urushida AQSH va Xitoy Yaponiyaga qarshi ittifoqchi bo‘lganini eslatdi:

“Katta savol shuki, Xitoy prezidenti Si Amerika Qo‘shma Shtatlari dushman bosqinidan ozod bo‘lishi uchun Xitoyga bergan ulkan yordam va “qon” haqida gapiradimi, yo‘qmi? Xitoy Raisi Si Szinpin va buyuk Xitoy xalqining bayrami ulug‘vor va unutilmas bo‘lsin! Iltimos, Qo‘shma Shtatlarga qarshi fitna tayyorlayotganingizda Vladimir Putin va Kim Chen Inga mening eng samimiy salomimni yetkazing”, deb yozgan u.

Trampning xavotirini o‘rinli deyish mumkin, chunki Si Putin va Kim kabi dunyoning eng qaltis va Amerikani jini suymaydigan yetakchilari bir qatorda yonma-yon o‘tirdi. Yaponiya esa nafaqat ittifoqchilarini tadbirga bormaslikka undadi, balki, “paradda yaponlarga qarshi ma’no bor” degan bayonotni berdi. Xitoyning “Sinxua” agentligi esa shunday deya intriga uyg‘otdi:

“Pekindagi parad vaqtida namoyish etiladigan qurol va texnikalar qo‘mondonlik, nazorat, razvedka, erta ogohlantirish, havo va raketaga qarshi mudofaa, o‘t ochish va kompleks qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini to‘liq qamrab oladi”.

Xulosa qilish mumkinki, dunyodagi geosiyosiy va davlatlararo manfaatlar qarama-qarshiligi tobora suv yuzasiga chiqmoqda. Ba’zi siyosatchilar 75 milliondan ortiq inson o‘limiga sabab bo‘lgan Ikkinchi jahon urushidan xulosa chiqarish o‘rniga, uni yod etish bahonasida urushdan qo‘rqmasligini namoyish etishga urinmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Si Tszin'pin Xitoyda harbiy parad uchuvchisiz uchuvchilar Xitoyning yangi qurollari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing