Nogironlar uyida huquqlar buzilmayotgandir, lekin boshqa joylarda... – Tashanov

Intervyu

image
Nogironlarga oid qonun ishlashi uchun amaldorlar aravachaga mixlanishi kerakmi? north_east

Nogironlarga oid qonun ishlashi uchun amaldorlar aravachaga mixlanishi kerakmi?

Dunyoda 1 mlrddan ortiq imkoniyati cheklangan odamlar bor. Bu 8 milliardga yaqinlashib borayotgan aholining taxminan 15 foiziga to‘g‘ri keladi. Shundan 100 milliondan ortig‘i bolalardir. Ularning barchasi jismoniy, ijtimoiy-iqtisodiy to‘siqlarga duch keladi.

1992 yilda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida nogironlarning huquqlari, shuningdek, nogironlar muammolariga keng jamoatchilik e’tiborini jalb qilish maqsadida 3 dekabrni Xalqaro nogironlar kuni deb e’lon qildi. 

Xo‘sh, bugun O‘zbekistonda nogironlar huquqi ta’minlanyaptimi? Ularga yetarlicha sharoitlar yaratilganmi? O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilgach, undagi shartlar bajariladimi? Ayni shu savollar bilan inson huquqlari himoyachisi – “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovga yuzlandik.

Feruza Najmiddinova, jurnalist: —  Bugun O‘zbekistonda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus imkoniyatlar yaratilganmi?

Abdurahmon Tashanov, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi: —  Nogironlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha inson huquqini himoya qilish tashkilotlariga juda ko‘p arizalar tushadi. Albatta, ijtimoiy ta’minot davlat va hukumatning "cho‘ntagi" bilan bog‘liq. Masalan cho‘ntagi baquvvat bo‘la turib, pul bermayotgan yoki himoya qilmayotgan bo‘lsa, bu – jinoyat. Lekin hukumat buning ilojini qilolmayotgan va subsidiyalar ajrata olmayotgan bo‘lsa, buni nochorlik deb tushunish mumkin. Bizning sharoitimiz ko‘proq ikkinchisiga tortadi, ya’ni iqtisodiy nochorlik. Davlat va hukumat idoralari ko‘p hollarda nogironlarni himoya qilishga qaratilgan tadbirlarni olib boradi, lekin amalda nogironlarga yordam berish, ularning muammolarini to‘liq bartaraf etish masalasi juda ham qiyin.

Huquqiy asoslar jihatidan anchagina o‘zgarishlar bo‘ldi. Nogironlarning huquqlari ko‘paytirildi. Ularga imtiyozlar berildi. Uchishda, qo‘nishda, yurishda, turishda, hamma joyda o‘ziga yarasha imtiyozlar bor. Aslida, o‘zimiz kambag‘al bo‘lganimiz uchun ularga ajratiladigan pensiya, subsidiya, nafaqalar juda kulgili miqdorda."Tirikchilik – toshdan  qattiq" deganlaridek, tirikchilik masalasi juda ham og‘ir. Sog‘lom insonlarga tirikchilik qiyin bo‘lib yotibdi, nogironlar bir amallab Xudo bergan hayotini yashab o‘tmoqda. Aytaylik, eng kam pensiya miqdorlari yoki nogironlarga beriladigan nafaqalarning eng kam miqdori degan tushuncha juda ham kulgili. Bu narsalar yuqorida aytganimdek, iqtisodga borib taqaladi.

F.N.: — O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qildi. Hukumat undagi talablarni bajara oladimi?

A.T.: — Prezident Shavkat Mirziyoyev mart oyida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy kengashida bu bo‘yicha gapirdi. Shundan keyin bu konvensiya ratifikatsiya qilindi. Bu O‘zbekiston hukumatiga juda katta majburiyatlarni yuklaydi. Buni yo‘qdan ko‘ra yaxshi, deyish mumkin.

Bu konvensiyani juda ko‘p, shu jumladan, AQSHga o‘xshagan davlatlar ham hali ratifikatsiya qilmagan. Chunki konvensiyaning talablari nihoyatda katta. Ko‘chalarda nogironlar uchun alohida yo‘laklar bo‘lishi, har bir ob’ekt qurilayotganda imkoniyati cheklanganlar uchun alohida sharoit yaratilishi kerak. Buni O‘zbekiston hukumati yaqin yillarda qila olmaydi. Bunga amal qilish juda qiyin. Lekin qabul qilingani yaxshi bo‘ldi. Chunki bu, O‘zbekiston hukumatiga xalqaro majburiyat degani. 

F.N.: — Ratifikatsiya qilingani yaxshi deyapmiz-ku, lekin ularni amalda bajara olmaganimiz, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyati oldidagi imijiga ta’sir qilmaydimi?

A.T.: — Qaysinisini bajarib imijimiz ko‘tarilyaptiki, shuni bajarib qo‘ysak. Shuning uchun ham AQSHni aytdim. Shunday qudratli davlat hali bu narsaga tayyor emasligini aytib, bu hujjatni qabul qilmagan. Bu hujjat juda katta majburiyatlarni yuklaydi va men aytganimdek yaqin yillarda ularni amalga oshirish juda qiyin. Chunki infrastruktura, sanoat – hamma joyda nogironlarning huquqlari inobatga olinishi kerak. Ularning manfaatlarini to‘liq himoya qilish uchun birinchidan qudratli bo‘lish kerak, ikkinchidan qonun asosida yaratilgan sharoit bo‘lishi lozim.

F.N.: — Sizningcha, O‘zbekistonda imkoniyati cheklangan shaxslarning huquqlari qaysi bosqichda? Ularning huquqlari qayerlarda buzilmayapti?

A.T.: — Nogironlar uyida, balki huquqlar buzilmayotgandir, lekin boshqa joylarda buzilishlar bor. Sog‘larda huquq yo‘q-ku...


Maqola muallifi

Teglar

imkoniyati cheklangan insonhuquqi inson huquqi Nogiron

Baholaganlar

51

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing