O‘zbekistonda nogironligi bor shaxslar huquqlari har tomonlama buzilyapti – Oybek Isoqov
Jamiyat
−
09 Oktabr 2021
9476O‘zbekistondagi qamoqxonalarda imkoniyati cheklangan mahkumlarga yetarlicha imkoniyat yo‘q. Jazoni ijro etish muassasalari (JIEMda nogironligi bo‘lgan qancha mahkumlar borligi haqidagi statistika yuritilishi kerak. Ularning huquqlari poymol qilinmasligi kerak. Bu haqda kecha, 8 oktyabr kuni “O‘zbekistonda milliy preventiv mexanizmni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqov aytib o‘tdi.
QALAMPIR.UZ jurnalisti assotsiatsiyasi raisidan bugungi kunda nogironligi bo‘lgan shaxslar, qolaversa, mahkumlarga qanday sharoit yaratilgani haqida so‘radi. Assotsiatsiyasi raisi savolga javoban bugungi kunda nafaqat JIEMlarda balki erkinlikdagi fuqarolar uchun ham sharoitlar yetarli emasligini ta’kidladi.
“Qamoqxonalarda imkoniyati cheklanganlarga yetarlicha sharoit yo‘q. Bizning maqsadimiz jamoat joylari, kafe, restoranlar, aeroport va qamoqxonalarda ham imkoniyati cheklanganlarga sharoit yaratishdan iborat. Nogironligi bo‘lganlarga imkoniyat yaratilmas ekan, ular birorta huquqlaridan foydalana olmaydi. To‘siqsiz muhit esa ularning imkoniyatlarini kengaytiradi. Katta-katta anjumanlarda qatnashib, imkoniyati cheklangan fuqarolarning huquqlari nafaqat tashqarida, balki qamoqxonalarda ham ta’minlanishi kerakligini aytyapmiz”, deydi O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi raisi Oybek Isoqov.
Rais so‘zida davom etarkan, bugungacha qamoqxonalarda qancha imkoniyati cheklangan mahkumlar borligi haqidagi statistika yuritilmasligi, ular yo‘q bo‘lgan taqdirda ham JIEMlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun sharoit yaratish kerakligini urg‘uladi.
“Mulozimlardan birining aytishicha, O‘zbekistondagi qamoqxonalarda [nogironligi mavjud] 4 nafar mahkum bor emish. Bu gap qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri, bilmayman. Lekin, bu quruq gap. Biz gapga emas, statistikaga ishonishimiz kerak. Shu sababli ham O‘zbekistondagi qamoqxonalarda qancha nogironligi bo‘lgan mahkumlar borligi haqidagi statistika yuritilishi lozim. Qamoqxonada bir nafar bo‘lsa ham nogironligi bo‘lgan shaxs bormi, uning uchun ham imkoniyat yaratish shart”, deydi nogironligi mavjud shaxslar himoyachisi.
Uning qayd etishicha, bugun O‘zbekistondagi qamoqxonalarda nogironligi mavjud bo‘lgan shaxslarning huquqlari ochiqdan ochiq poymol qilinmoqda. Bunni oddiy hojatxona misolida ham ko‘rish mumkin.
“Birgina misol bilan aytish mumkin: qamoqxonalardagi hojatxonalarda [nogironligi mavjud shaxslar uchun] unitaz yo‘q. Nogironligi bo‘lgan shaxs qanday qilib hojatxonadan foydalanadi? Har tomonlama ularning huquqlari buzilyapti. Imkoniyati cheklangan fuqaroni ozodlikdan mahrum qilgan bo‘lishimiz mumkin, lekin ijtimoiy huquqlaridan mahrum qila olmaymiz. U davolanishi, reabilitatsiya qilinishi, ortopedik mahsulotlarni to‘siqsiz va o‘z vaqtida olishi kerak. Afsuski, JIEMlarda bu masalalarga e’tibor berilmayapti. Hamma joyda to‘siqsiz muhitni yaratish, qamoqxonada birorta nogiron odam bo‘lmagan taqdirda ham sharoitlar bo‘lishi shart”, deydi O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi.
Konferensiyada so‘zga chiqqan Oybek Isoqov IIV, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Adliya vazirligi va boshqa qator tashkilotlarga o‘z takliflarini bildirganini ma’lum qilib shunday deydi:
“Birinchi taklifim – JIEMlarda qancha imkoniyati cheklangan mahkumlar borligi haqidagi statistikani yuritish;
Ikkinchi taklifim – nogironligi bo‘lgan mahkumlarga alohida boshqa mahkum biriktirib, ularga maosh to‘lanishi zarur. Imkoniyati cheklangan mahkumning yurishi, ovqatlanishi, hojatga borishi va boshqa zarur vaqtlarda ko‘makchi kerak bo‘ladi.
Uchinchi taklifim – Jazoni ijro etish muassasalarini IIVdan Adliya vazirligiga o‘tkazish kerak. Mahkumlarga gumanizm nuqtai nazari bilan qarash tarafdori bo‘lyapmiz. IIVni kuch ishlatar tizim sifatida bilamiz. Adliya vazirligi esa gumanizmga yaqin bo‘lgani uchun JIEMlarni shu vazirlikka o‘tkazish taklifini berdik.
To‘rtinchi taklifim – qiynoqlar haqidagi konvensiyani fakultativ protokolini ratifikatsiya qilish. Buning natijasida har bir fuqaro BMTga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Protokolning konvensiyadan asosiy farqi shu. Konvensiyada davlat hisobot bersa, protokolda istalgan fuqaro yoki JIEMdagi mahkumlar ham murojaat qilishi mumkin bo‘ladi”.
Isoqovga ko‘ra, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlash uchun kerak bo‘lsa, qonunlarga o‘zgartirish kiritish lozim. “Ularning huquqlari poymol bo‘lmasligi uchun hammasini Qonun bilan “mixlash” kerak”, deydi faol. U mamlakatdagi o‘zgarishlarni ham tilga oldi Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 11 yil davomida cho‘zib kelgan “Nogironlar huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiya Prezident Mirziyoyev boshchiligida ratifikatsiya qilingan.
“Bilasizmi, deputatlar aynan shu konvensiyani ratifikatsiya qilishni 11 yil cho‘zishgandi. Konvensiya Prezident Mirziyoyevning tashabbusi bilan ratifikatsiya qilindi. Bu ish bilan O‘zbekiston tomoni nogironligi bo‘lgan fuqarolar to‘siqsiz muhitni yaratish va haq-huquqlarini ta’minlashni bo‘yniga oldi. Ikki yildan keyin O‘zbekiston bu borada qilingan ishlar bo‘yicha BMTda hisobot beradi. Nogironlar assotsiatsiyasi esa muqobil hisobotni beradi”, deydi O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi raisi Oybek Isoqov.
Davlat statistika qo‘mitasining QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha 2020 yilda O‘zbekistonda jami 758 253 ta imkoniyati cheklangan fuqarolar qayd qilingan.
Hududlar kesimida:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 53 745;
Andijon – 69 077;
Buxoro – 47 322;
Jizzax – 30 593;
Qashqadaryo – 65 950;
Navoiy – 33 551;
Namangan – 61 540;
Samarqand – 77 240;
Surxondaryo – 62 469;
Sirdaryo – 25 373;
Toshkent viloyati – 58 064;
Farg‘ona – 74 604;
Xorazm – 44 049;
Toshkent sh. – 54 676.
LiveBarchasi