Nogironlarga oid qonun ishlashi uchun amaldorlar aravachaga mixlanishi kerakmi?

Tahlil

image

Birdaniga ko‘zingiz ko‘rmay qolsa, ko‘chaga chiqa olasizmi? Agar oyoqlaringizdan ayrilib imkoniyati cheklanganlar qatoriga kirib qolsangiz, mashina boshqarishni o‘rgana olasizmi? Tasavvur qiling, yolg‘iz ko‘chaga chiqdingiz, aravachada harakatlanib ketyapmiz, yo‘lning narigi qismiga esa faqat yerosti yo‘li orqali o‘tish mumkin. Aravachada pastga tushish uchun maxsus qurilma bor, lekin uni ishlatadigan odam yo‘q. Bu vaziyatda qanday yo‘l tutasiz? Siz ko‘p qavatli binoning ikkinchi qavatida turasiz, afsus u yerga chiqolmaysiz. Hamma bemalol kira oladigan metro, do‘kon, bank, kafe u yerlarga kirishda sizning hamrohingiz bo‘lishi shart. Bir kun kelib hammasidan charchab, nega men va mendaylarga sharoit yo‘q, deb so‘raganingizda esa tayinli javob ololmaysiz. Yuqoridagi muammolar sabab O‘zbekistonda nechta odam aziyat chekishini bilasizmi?

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasining QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qilishicha, 2020 yil ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda 758 253 ta imkoniyati cheklangan fuqaro bo‘lib, ularning 326 149 erkak, 432 104 nafari ayollar.

Imkoniyati cheklangan fuqarolar hududlar kesimida quyidagicha:

•  Qoraqalpog‘iston Respublikasi 53 745;
•  Andijon 69 077;
•  Buxoro 47 322;
•  Jizzax 30 593;
•  Qashqadaryo 65 950;
•  Navoiy 33 551;
•  Namangan 61 540;
•  Samarqand 77 240;
•  Surxondaryo 62 469;
•  Sirdaryo 25 373;
•  Toshkent 58 064;
•  Farg‘ona 74 604;
•  Xorazm 44 049;
•  Toshkent sh.  54 676. 

Qonunchilik palatasi tomonidan 2008 yil 22 aprelda qabul qilingan, Senat tomonidan 2008 yil 27 iyunda ma’qullangan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi (16.01.2021da hujjat kuchini yo‘qotgan) Qonuning 11-moddasida, Nogironlarning ijtimoiy infratuzilma obektlariga to‘sqinliksiz kirishini, transportdan, transport kommunikatsiyalaridan, aloqa va axborot vositalaridan to‘sqinliksiz foydalanishini ta’minlashga doir vazifalarni bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilangan. Unga ko‘ra, Qonunda nazarda tutilgan talablarni bajarmaganlik uchun tashkilotlarning mansabdor shaxslari MJTKning 511-moddasiga asosan Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan javobgarlikka tortilishi belgilangan.

QALAMPIR.UZ'ning so‘roviga asosan Oliy sud, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va sudlar tomonidan 2017-2020 yillar mobaynida MJTK 511- moddasi bilan qancha mansabdor javobgarlikka tortilgani haqida ma’lumotlar taqdim etdi.

Ma’lumotlar hududlar kesimida:

•  2017 yilda javobgarlikka tortilganlar yo‘q;
•  2018 yilda 8 ta ish ko‘rilib, 8 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan (Farg‘ona viloyati);  
•  2019 yilda javobgarlikka tortilganlar yo‘q;
•  2020 yilda 16 ta ish ko‘rilib, 16 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan (Qashqadaryo viloyati 6 ta), (Qoraqalpog‘iston.R. 2 ta), (Navoiy 1 ta), (Sirdaryo viloyati 1 ta), (Surxondaryo viloyati 6 ta).

Eslatib o‘tamiz, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri 2021 yil 16 yanvarda kuchga kirgan. Oradan deyarli bir yil vaqt o‘tdi. Qonun ijrosi qanchalik ta’minlanyapti, inson huquqi qanchalik buzilmayapti? Ushbu savol bilan O‘zbekiston nogironlar assotsiatsiyasi raisi Oybek Isoqovuf yuzlandik.

“2021 yilda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun ishga tushdi. Lekin ushbu qonun hali to‘laligicha hayotga tatbiq etilgani yo‘q. Bir misol, qonunning 23-moddasida Ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlariga rioya etgan holda loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish haqida so‘z boradi. Unda “Ijtimoiy-maishiy va madaniy maqsadlarga mo‘ljallangan qurilish ob’ektlarini hamda rekonstruksiya qilinayotgan ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillari davlat qabul komissiyasi tarkibiga kiritilgan holda amalga oshiriladi”, deyilgan. Masalan, siz dorixona qursangiz, komissiya ko‘rib chiqadi. O‘sha komissiyada “o‘t o‘chirish xizmati xodimlari” “Sanepidstansiya” vakillari qatnashadi. Qonun bo‘yicha ularning qatorida nogironlar tashkilotidan ham vakil bo‘lishi kerak edi. Nogironlar assotsiatsiyasi, Ko‘zi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati o‘sha komissiyaning tarkibiga kirishi kerak edi.

Nogironlar assotsiatsiyasi 14 ta hokimiyatga mana shu qonunning 23-moddasida aytilgan: “Ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarning ehtiyojlariga rioya etgan holda loyihalashtirish, qurish va rekonstruksiya qilish”. Bularni bajarish yuzasidan, Qurilish obektlarini qabul qilish davlat komissiyasiga Nogironlar assotsiatsiyasining vakillarini qo‘shishni so‘rab xat jo‘natgan. Eng achinarlisi, faqatgina Namangan va Navoiy viloyatlaridan javob oldik va ular bizni komissiyasiga qo‘shishdi. Mana, sizga qonun ijrosi. Qonun ijrosida umuman ta’minlanmadi.  Xatni fevral oyida yozgan edik, hatto, javobini ham olmadik. Buni qanday tushunish mumkin?

Aslida, bu qonun loyihasini nogironlar assotsiatsiyasi ishlab chiqqan. Buning tashabbuskori ham biz bo‘lganmiz. Qonun yomon emas. Afsuski uning ijrosi ta’minlanmayapti”, deydi Isoqov

Nogironlar assotsiatsiyasi raisi davlat tomonidan imkoniyati cheklanganlar uchun beriladigan uylar haqida gapirar ekan, hatto, ushbu uylarda ham nogironlarga sharoitlar yo‘qligini alohida urg‘ulaydi.

“Berilayotgan uylarda "pamduslar" yo‘q. Vanna va hojatxonalar nogironlar foydalanishiga mo‘ljallanmagan. Agar bizning vakilimiz davlat komissiyasida o‘tirganida, bunday uylar qurilishiga imzo qo‘ymas edi. Bizning vakilimiz komissiya tarkibida bo‘lmagani uchun shunday holatlar kuzatilyapti.

Yangi qurilayotgan ob’ektlar nogironlarga moslashtirilmagan. To‘siqsiz muhit – eng katta muammo. Qonunda hamma qurilayotgan ob’ektlar nogironlarga moslashtirilishi kerakligi aytilgan. Afsuski, arxitektorlarda ham ayb ko‘p. Ular qurilish loyihasini tuzayotganda, shu narsalarni hisobga olmayapti.  Shaharsozlik normalari, qoidalari bor. Arxitektorlarni o‘zi bunga rioya etmayapti. Biz arxitektorlar bunday xatolikka yo‘l qo‘yishsa, umuman litsenziyasini olib tashlash taklifini beryapmiz”, deydi Oybek Isoqov. 

Bugun katta-katta davralarda turib Yangi O‘zbekiston quramiz deb jar solayotgan vaqtimizda, aynan shu O‘zbekistonda nogironlar huquqlariga ko‘z yumilayotgani juda achinarli. Qonun yo‘q emas, bor. Lekin uning ijrosi qachon ta’minlanarkin? Albatta, shu qonunlarni buzayotganlarning o‘zi aravachaga mixlangandami?! 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

65

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing