O‘zbekkonsertdan teatrlargacha. 3 yilda madaniyat sohasining 78 nafar xodimiga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan

Jamiyat

image

Bosh prokuratura tomonidan 2019, 2020 va 2021 yillarda Madaniyat vazirligi tizimida o‘tkazilgan tekshiruvlarda 78 nafar xodim jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda kecha, 30 noyabr kuni Madaniyat vazirligi Yuridik boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Burhonov “Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq” mavzusidagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Madaniyat vazirligi tizimida 2019-2020, shuningdek, joriy yilning birinchi yarimda o‘tkazilgan tekshiruv natijasida jinoiy javobgarlikka tortilgan 78 nafar xodimning 76 nafari, ya’ni 97 foizi korrupsiya jinoyatlarini sodir qilganlikda ayblangan.

“Javobgarlikka tortilgan xodimlarning 27 nafari hisobchi, 18 nafari tuman, shahar madaniyat bo‘limi mudirlari, 13 nafari ta’lim muassasasi rahbarlari, 8 nafari mutaxassis, 5 nafari ta’lim muassasasi o‘qituvchilari, 1 nafardan teatr rahbari, teatr rejissyori, rassomi, muzey qo‘riqxona direktori, davlat muzeyi direktori hamda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi hududiy bo‘linmasida mehnat qilgan xodimlar”, deydi Madaniyat vazirligi yuridik boshqarmasi boshlig‘i.

Ulug‘bek Burhonov hududlarda kadrlar bilan ishlash borasidagi faoliyat bir xilda aniq va manzilli tashkil etilmagani sababli aynan korrupsiyaviy qilmishlari uchun javobgarlikka tortilganlar ko‘pligini aytib o‘tdi.

Korrupsiya uchun jazolangan xodimlar hududlar kesimida quyidagicha taqsimlangan:

•  Sirdaryo viloyatida 14 nafar;

•  Samarqand viloyatida 12 nafar;

•  Jizzaxda 10 nafar;

•  Farg‘ona viloyati, Toshkent shahrida 7 nafardan;

•  Andijon, Qashqadaryo viloyatlarida 6 nafardan;

•  Buxoro, Surxondaryo, Navoiy va Namanganda 3 nafardan;

•  Toshkent viloyatida 2 nafar;

•  Xorazm va Qoraqalpog‘istonda 1 nafardan.

Sohadagi korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, tizimida shaffoflik, adolat, xizmat sifatini oshirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish nuqtai nazaridan bir qator ishlar amalga oshirilganiga qaramay, jinoyatchilik holati vazirlik tizimida hamon yuqoriligicha qolayotgani aytildi.

Eslatib o‘tamiz, kecha Madaniyat vazirligi tizimida 4 mlrdga yaqin kamomad aniqlangani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

58

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing