Belarusda chet elga ketganlarni fuqarolikdan mahrum qilish taklif qilindi

Olam

image
0:00
0:00
download

Belarus Ichki ishlar vazirligi chet elga ketgan va muxoliflik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlarni fuqarolikdan mahrum qilishi mumkin. Bu haqda Ichki ishlar vazirligining uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Vyacheslav Orlovskiy kecha, 18 oktyabr kuni “Belarus Segodnya” gazetasiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Agar ular mamlakatdan yuz o‘girgan bo‘lsa, nega mamlakat ulardan yuz o‘girolmasligi kerak? Natijada esa ular Belarusga erkin tarzda kira olmaydi, saylov jarayonlarida va davlatning ijtimoiy hamda siyosiy hayotida qatnasha olmaydilar”, deydi Ichki ishlar vazirligi vakili.

Uning ta’kidlashicha, joriy yilning iyun oyida qonun hujjatlariga kiritilgan tuzatishlar kuchga kirgan. Unga ko‘ra, Belarus fuqaroligini olgan chet elliklar, agar sud hukmi bilan bir qator jinoyatlarda, jumladan ekstremistik, terrorchilik yoki davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazishda aybdor deb topilsa, fuqarolikni yo‘qotishlari mumkin.

“Lekin menimcha, biz uzoqroqqa qarashimiz kerak. Mamlakatdan qochganlar undan nafratlanishadi va bugun G‘arb davlatlari manfaatlari yo‘lida ishlayotgan odamlar belaruslik, deb atalish huquqiga ega bo‘lmasligi kerak”, deydi Orlovskiy.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktyabr oyi boshida Belarusda 136 kishi ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan izohlari uchun hibsga olingandi. 

Qayd etish kerakki, Belarusdagi muxoliflik harakati o‘tgan 2020 yili avgust oyida mamlakatda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovidan so‘ng avj oldi. Markaziy saylov komissiyasi rasman Lukashenkoning g‘alabasini qayd etgan bo‘lsa-da, bundan norozilar yetarlicha topildi. 2020 yilgi saylov siyosiy inqirozga aylandi. Oylab davom etgan norozilik harakatlari boshlanib ketdi. Muxolifatning ko‘plab vakillari hamda jurnalistlar mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi. Qolganlar esa hibsga olindi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

22

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing