Rossiyaning O‘zbekistonga navbatdagi “hamlasi”
Tahlil
−
21 Oktabr
10343So‘nggi kunlarning oddiy qilib aytganda trenddagi mavzusi migrantlar bo‘lib qoldi. Migrant bo‘lganda ham aynan Rossiyadagi qora ko‘zlarimiz. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shu yilning yanvaridan avgustigacha bo‘lgan muddatda Rossiyaga 1 million 880 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi borgan. Afsuski, Rossiyaga “oilam, bolamni boqaman, yaxshiroq pul ishlayman”, deb borganlar orasida Ukrainadagi urushga jo‘natilayotgan o‘zbekistonliklar ham yo‘q emas. O‘zbekiston o‘z fuqarolarini qaysi davlatda mehnat migranti bo‘lib ishlashidan qat’i nazar urishga bormaslikka chaqirmoqda.
Jumladan, Rossiyaning Qozon shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh konsulligi O‘zbekiston fuqarolarini yana bir bor xorijiy davlatlar hududida jinoiy javobgarlik belgilangan harbiy harakatlarda ishtirok etishdan ogohlantirdi. Shu munosabat bilan, konsullik Jinoyat kodeksining 1541 (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) moddasiga ko‘ra, bunday harakatlar uchun javobgarlik 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutishini yana eslatib o‘tdi.
Shuningdek, konsulxona fuqarolarni Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddasida nazarda tutilgan qonunga xilof harakatlarni sodir etganligi to‘g‘risida xolis ma’lumotlar mavjud bo‘lgan barcha shaxslar istisnosiz jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirib ham o‘tdi.
Bu ogohlantirishlar Rossiya tomonidagi ayrim shaxslarning jig‘iga tekkan chog‘i, bu masalaga ham munosabat bermay qolishmadi. Rossiyaning “Spravedlivaya Rossiya – za pravdu” o‘zbekcha aytganda, “Adolatli Rossiya – Haqiqat uchun” (SRZP) partiyasi raisi Sergey Mironov O‘zbekistonning o‘z fuqarolarini Rossiyada urushga yollanmasligi haqidagi ogohlantirishiga qarshi chiqib, o‘zining X sahifasida quyidagicha post qoldirdi:
“O‘zbekistonning Qozondagi Bosh konsulligi o‘zbekistonliklarni Rossiya armiyasi saflariga qo‘shilmaslikka chorladi. Nega boshqa imkoniyatlardan foydalanmaslikka chorlamadi? Shunda boshqa imtiyozlardan foydalanmaslik kerakmi? Sizni boqayotgan mamlakatni himoya qila olmaysizmi? Tushunarli, demak, viza rejimini joriy qilishimiz kerak. Viza rejimi bilan hammasi hal bo‘ladi! Bunday “fuqarolar” (migrantlar) bizga kerak emas”, degan partiya raisi.
Mironovning O‘zbekiston tomonga yo‘llangan so‘zlari javobsiz qolmadi, albatta. Rossiya rasmiylarining Toshkentga uloqtiradigan hamlalariga javob berishga shay bo‘lgan doimgi “uchlik” Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherbayevlar Mironovga javob qaytardi.
Alisher Qodirov o‘zining X va Telegramdagi sahifalarida o‘zbeklar barakali xalq ekani va o‘z haqqini odam o‘ldirib emas, balki mehnat qilib toshini, Rossiyani esa Mironovning o‘zi va yaqinlari himoya qilishi lozimligini yozib qoldirdi.
“O‘zbeklar barakali xalq, haqqini mehnat qilib topadi, odam o‘ldirib emas. Rossiyani esa Mironovning o‘zi, o‘g‘illari, kuyovlari, nevaralari himoya qilishi kerak. Bilishimcha, ruslar ham vatanni himoya qilishni o‘zbeklardek muqaddas burch deb hisoblaydilar?”, deb yozdi Qodirov.
Bekmurodov esa rossiyalik deputatga “bunday tajovuzkor ritorika faqat ikki tomonlama munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishini” eslatib, ijtimoiy nafaqalarni inson hayotiga tahdid soluvchi harakat bilan solishtirish savodsizlik va ahmoqlik ekanini ta’kidladi.
“Birinchidan, biz vatandoshlarimiz boshqa davlatning urushlariga jalb qilinishiga hech qachon rozi bo‘lmaymiz. Konsulligimiz fuqarolarimizni O‘zbekistonda noqonuniy hisoblangan harakatlardan himoya qilishi tabiiy va adolatli. Ikkinchidan, vatandoshlarimiz o‘z mehnatlari bilan Rossiyaning iqtisodiyotiga hissa qo‘shyapti. Ijtimoiy nafaqalarni inson hayotiga tahdid qiluvchi harakat bilan solishtirish savodsizlik va ahmoqlikdir”, deya yozgan deputat o‘zining Telegram sahifasida.
Bobur Bekmurodov o‘z so‘ziga qo‘shimcha tarzda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi “Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risida”gi shartnomaning 7-moddasini ham eslatib o‘tgan. Unga ko‘ra, “bir tomon fuqarolari va yuridik shaxslarining qonuniy huquqlari va manfaatlarini boshqa tomon hududida kafolatlaydigan samarali choralar ko‘radi”.
“Bizda qonunlar ishlaydi. Sizlarda ham shunday bo‘lishi kerak. Bunday tajovuzkor ritorika faqat ikki tomonlama munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”, degan Oliy Majlis deputati.
Harakatlaridan shovinizm hidi anqib turgan rossiyalik deputatga Kusherbayev tomonidan yo‘llangan javobida, viza rejimi joriy qilish kabi tahdid Rossiya siyosatchilari O‘zbekistonni o‘ziga qaram davlat sifatida ko‘rishi va ular ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni buzish uchun bahona izlatganiga ishora deb hisoblashi bayon etildi.
“O‘zbekiston diplomatik idorasi O‘zbekiston qonunchiligida ko‘zda tutilgan normalarni o‘z fuqarolariga eslatgani uchun Rossiyadan viza rejimi joriy etish tahdidi yangrayotgani, Rossiya siyosatchilari O‘zbekistonni o‘zlariga qaram davlat sifatida ko‘rishini anglatmoqda. Afsuski, yuqori martabali siyosatchining bu gaplari Rossiya tomoni O‘zbekiston bilan aloqalarni buzish uchun bahona qidirayotganini ko‘rsatmoqda”, deya yozgan Kusherbayev o‘zining Telegram sahifasida.
Bu Sergey Mironovning O‘zbekiston va undagi qonunchilik tizimiga nisbatan qilingan birinchi hurmatsizlik, mamlakatning ichki ishiga birinchi marta aralashishi emas. U 2023 yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning Ukrainadagi urushda qatnashgan o‘z fuqarolarini jinoiy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi qonunchiligi sabab o‘rinsiz va asossiz tarzda tanqid qilish orqali Markaziy Osiyo davlatlarining huquqiy tizimiga oyoq qo‘ygandi.
“O‘tgan yilning sentyabr oyida uch davlat – O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston agar ularning fuqarolari Rossiya tomonida “maxsus harbiy operatsiya”da qatnashsa, ularni jinoiy javobgarlikka tortishga qaror qildi. Shu yerda savol tug‘iladi: biz bir tashkilotning a’zolarimiz va agar YeOIIga kiruvchi davlat fuqarosi ushbu hamjamiyatning bir qismi bo‘lgan boshqa davlatga yordam berishni istasa, nima uchun u o‘z mamlakatida jinoiy javobgarlikka tortiladi? Menimcha, bu borada davlatlararo qaror qabul qilish kerak. Agar gap ishtirokchi davlat manfaatlarini himoya qilish haqida ketayotgan bo‘lsa, unda jinoiy ta’qib bo‘lishi mumkin emas”, deya iddao qilgan Mironov.
Bekmurodov ham bo‘sh kelmay, Mironovga bu masalaga salbiy munosabat bildirgandan ko‘ra, o‘z qonunchiligi bilan ishlashni maslahat bergan. Shuningdek, Bekmurodov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 154-moddasida o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish maqsadida yollanganlik uchun jinoiy javobgarlikka tegishli norma 1994 yilda qabul qilingani, O‘zbekiston fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi 1541-modda esa 2003 yilda kiritilganini eslatgan. Har bir mamlakat Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan buyon o‘z fuqarolarining urushga bormaslikni aytishiga qaramay, Rossiyaning Moskva va boshqa shaharlarida shartnoma asosida harbiy xizmatga borishni xohlovchilar soni sezilarli darajada oshgani ham ma’lum qilingandi.
2024 yilning aprel oyida berilgan ma’lumotda joriy yil boshidan beri 100 mingdan ortiq kishi shartnoma bo‘yicha Rossiya Qurolli kuchlariga qo‘shilgan. Ular orasida qanchasi migrant ekani yoki O‘zbekiston fuqarolari bor-yo‘qligi haqida lom-mim deyilmagan.
Ammo bir narsa aniq-ki, bir necha yillardan buyon Rossiyadagi Markaziy Osiyolik migrantlar bilan bog‘liq holat yaxshi emas. Shuncha ogohlantirishlarga qaramay, urishga yollangan va bu uchun jazo olganlar ham yo‘q emas. Masalan, Rossiyaga ishlash uchun borib, u yerda moddiy manfaat evaziga Ukrainaga qarshi urushda qatnashgan o‘zbekistonlik 3 yilga qamaldi.
Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanidan bo‘lgan sudlanuvchi 2023 yilda Sankt-Peterburg shahrida ishlayotgan vaqtida Rossiya Qurolli kuchlari safiga yollangan. O‘tgan vaqt mobaynida erkak Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etib kelgan. U Rossiya fuqaroligini ham olgan. Huquq-tartibot organlarimiz tomonidan shaxsi sir saqlanayotgan erkak 2023 yilning oktyabr oyida sodir bo‘lgan turli hujumlar oqibatida yaralanib, O‘zbekistonga qaytgan.
Unga tegishli telefon tekshirilganda, Rossiya Qurolli kuchlari safiga ishga kirgani bo‘yicha harbiy guvohnoma, Mudofaa vazirligiga tegishli harbiy gospitalda jarohat olgani bo‘yicha ma’lumotnoma hamda Rossiya fuqaroligi pasporti aks etgan fotosuratlar topilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tumani sudi tomonidan sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 1541-moddasi (Chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, kodeksning 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llangan holda 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi.
Bir so‘z bilan aytganda, Rossiya tomoni migrantlarni siquvga olmoqda. Bu ham kamdek, mamlakatda migratsiya siyosati bilan bog‘liq 5 ta qonun qabul qilinishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, mehnat muhojirlarining vaziyati yanada og‘irlashadi. Parlamentning quyi palatasiga migratsiya bilan bog‘liq qo‘yidagi qonun loyihalari kiritilgan.
- Rossiyada noqonuniy bo‘lishni jinoyat sodir etishda og‘irlashtiruvchi holat deb tan olish;
- Noqonuniy migratsiyani tashkil etishni og‘ir jinoyat deb belgilash;
- Migratsiya sohasida noqonuniy xizmatlar taklif qiluvchi saytlarni sudsiz bloklash;
- Hujjatlarni qalbakilashtirish va soxta ro‘yxatga olish uchun jazoni kuchaytirish;
- Vositachilarga rus tilini bilish bo‘yicha imtihonlarni o‘tkazishni taqiqlash.
Rossiyada migrantlar bilan bog‘liq vaziyat og‘ir. Siz va bizning qo‘limizdan keladigani esa u mamlakatda bo‘lib turgan yaqinlarimizni ogohlantirish.
LiveBarchasi