Narinni kim o‘ldirdi?

Tahlil

Bolalar qatl qilinayotgan, ayollar, murg‘ak qizlar o‘ldirilayotgan dunyoda sizga va menga rohat bormi? Zo‘rlangan, tahqirlangan, jinsiy tajovuzga uchragan va o‘ldirilgan qizchalarning qotillari maishatida davom etayotgan dunyoda adolat haqida gapirish mumkinmi? Hayoti, orzulari, bolaligi va kelajagi qo‘lidan olingan qizlar qatori yana bittaga ko‘paydi. U faqat raqam emas. U qiz. U kelajak. U Narin Guran! U bor-yo‘g‘i 8 yoshda edi. U 8 yoshida 8 milliardga teng dunyo aholisining dahshatga to‘la hayotini ifoda etib ketdi. Bugun sizga dunyoni larzaga keltirayotgan jinoyat haqida hikoya qilamiz.

Narin Guran qachon g‘oyib bo‘ldi?

2024 yil 21 avgust kuni soat 13:00 atrofida Turkiyaning Diyorbakir viloyati Tavshantepa qishlog‘ida yashovchi Narin Guran Qur’on kursiga borishini aytib, uydan chiqib ketgan va shu bilan ortga qaytmagan. Dastlab 8 yashar qiz oila a’zolari va qishloq aholisi tomonidan qidirila boshlangan.

Bir necha soatlik urinishlar samara bermagach, qizning otasi Orif Guran qizini o‘g‘irlab ketilganidan shubhalanayotganini aytib, shu kuni soat 21:00 atrofida 112 Favqulodda holatlar markaziga yo‘qolgan qizi haqida xabar bergan. Qidiruvlarda Narin Guran 21 avgust kuni soat 15:15 da Tavshantepa boshlang‘ich maktabining xavfsizlik kamerasiga tushib qolgani aniqlandi.

Biroq oktyabr oyiga kelib ma’lum bo‘lishicha, kamera qaydlaridagi soat mahalliy vaqtdan 3 daqiqaga farq qilgani aniqlandi. Kamera qaydlarida qizaloq to‘rtta dugonasi bilan yurgani, so‘ng tog‘ yo‘lidan chiqib uyi tomon ketayotgani tasvirlangan.

Politsiya va boshqa guruhlar qizchani qishloqdagi kanal va uning atrofidagi mahallalardan o‘tuvchi hududlardan qidirishni boshlagan. Bu ishlarga 200 dan ortiq odam jalb qilingan. Oradan bir necha kun o‘tib, qiz yashaydigan uydan taxminan 20-30 metr uzoqlikdagi qoyalarda qon dog‘lari aniqlangan. Voqea joyida olib borilgan tekshiruvdan so‘ng, topilgan qon dog‘lari Naringa tegishli emasligi ma’lum bo‘ldi.

Shu o‘rinda voqeani yoritish uchun ikki oydan beri Narin yashagan qishloqda qolayotgan jurnalistlar orasida ushbu jinoyatni birinchilardan bo‘lib yoritish maqsadida Tavshantepaga borgan Janan Altintashning aytganlari e’tiborni tortadi.

“Men birinchi kundan Narinning onasi hech narsani bilmayman, deyishiga va uning ko‘zyoshlariga ishonmadim. Holatning ertasi kuni ham Tavshantepaga bordim. U yerda yashovchilarning ko‘zlaridan holat aslida tamoman boshqacha ekanini angladim. Narin yashaydigan qishloqdagilarning o‘zini tutishi boshqacha edi. Xuddi hamma hamma narsani biladi va jim qolmoqda. Hech kim gapirgisi, qayg‘urgisi kelmasdi. Odatda qo‘shni qizi yo‘qolganda hamma qayg‘uradi, yuguradi, bu yerda unday bo‘lmadi. Qishloqdagi sukunatni tasvirlab bera olmayman. U qishloqda xuddi hamma qizga nima bo‘lganini bila turib jim turgandek edi. Narinning qanchalik yolg‘iz bo‘lganini his qildim”, deydi jurnalist.

Xavfsizlik kuchlari Narin Guran g‘oyib bo‘lgan paytda yo‘ldan o‘tgan 150 ta mashinani aniqladi. Rasmiylar mahalladagi uylar va qishloqqa kirib kelayotgan mashinalarni tekshirdi. Jami 12 ming 565 ta mashina tintuv qilingan, 130 kishining arizasi olingan. 32 ming 952 kishi tekshirilgan. Qidiruv guruhlari 70 ga yaqin xonadonga ega bo‘lgan qishloqning har burchagini, jumladan uylar, quduqlar, qishloq atrofidagi dalalar va daryo o‘zanini qidirgan. Qishloq aholisi esa bu hodisa haqida jim qoldi, gapirmadi, sukut saqladi.

Oradan 19 kun o‘tib Narinning jonsiz tanasi topildi.

Narin Guranning jonsiz jasadi g‘oyib bo‘lganidan 19 kun o‘tib, 8 sentyabr kuni soat 08:45 da qishloqdan 3 km uzoqlikdagi Iftutmaz ko‘chasida qop ichidan topildi. Diyorbakir gubernatori Murat Zorluo‘g‘li, Narin Guranning jonsiz jasadi toshlar va daraxt shoxlari bilan daryoga yashirilganini aytdi. Tekshiruv chog‘ida Narinning chap oyog‘i tizzasi ostidan uzilgani, qop ichidan oyoq suyagi topilganini qo‘shimcha qildi. Narin Guran yo‘qolganidan 19 kun o‘tib, 9 sentyabr kuni Tavshantepa tumani qabristoniga dafn qilindi.

Narin Guran qanday o‘ldirilgan?

Diyorbakir sud-tibbiyot institutida amalga oshirilgan tekshiruv 8 sentyabr, yakshanba kuni soat 10:50 da boshlanib, 23:15 da yakunlangan. Barcha dalillar birma-bir tekshirilgan. Afsuski, Narin Guranning o‘limi sababi dastlabki ekspertizada aniqlanmagan. Tanadan olingan 91 ta namuna va ichki organlardan olingan to‘qima namunalari Istanbul sud-tibbiyot institutiga yuborilgan.

“Qizning jasadi qopdan chiqarilgunga qadar unga skopiya muolajalari, rentgenolog va sud-tibbiyot ekspertlari ishtirokida zarur tekshiruvlar o‘tkazildi. Molekulyar-genetik ekspertiza uchun asos olindi, murdaning har bir joyidan tampon namunalari batafsil olindi va barcha turdagi jinoyatlarni aniqlash uchun jami 91 ta namuna olinganidan so‘ng, jasad yana floroskopiyadan o‘tkazildi”, deyiladi sud-tibbiyot ekspertlari bergan ma’lumotda.

Oktyabr oyiga kelib, mahalliy OAVlar qiz "og‘iz-burun yopilishi va bo‘yinni siqish oqibatida  kislorod yetishmasligi tufayli" vafot etganini yozmoqda.

Qotillikda kimlar gumonlanyapti?

Turkiya Adliya vaziri Yilmaz Tunch Narin Guran jinoyatida dastlab 26 kishi gumondor, 241 kishi guvoh ekani va jami 267 kishining ko‘rsatmalari olinganini ma’lum qildi. Jasad topilgach, 22 nafar gumondor qo‘lga olindi. Jinoyatda gumonlanayotganlar begona emas.

27 avgust kuni Narinning amakisi Salim Guran tergov doirasida hibsga olindi. Tergov organi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Salim Guranning mashinasida qon dog‘lari aniqlangan. Bu dog‘lar Narin Guranga tegishli bo‘lib chiqishi ortidan qondosh amaki hibsga olingan. Narin g‘oyib bo‘lgan paytdan boshlab oila va qishloq aholisi sukut saqlagandi.

Bu sukutni birinchi bo‘lib, qizning 19 yoshli amakivachchasi Birsen Guran buzdi. U tergov vaqtida amakisi Salimning aytganiga kirib, Narinni oxirgi marta qachon va qayerda ko‘rgani haqida noto‘g‘ri ma’lumot berganini tan oldi.

“Men (ilgari) Narinning kelgan vaqtini 17:40 deb aytgan bo‘lsam-da, keyin o‘ylab ko‘rganimda, men Narin soat 14:00 atrofida kelganini tushundim (...) Salim Guran bizga “Narinni 17:40 atrofida ko‘rganman”, deb aytasan degandi”, deydi yigit.

28 avgust kuni Narinning akasi Enes Guranning qo‘lida tish izlari borligi aniqlangan va u hibsga olingan. Enes Guranning qo‘lidagi tishlash izlari tahlil qilish uchun Istanbul sud-tibbiyot institutiga yuborilgan va 29 avgust kuni Narinning DNKsi akasi Enes Guranning qo‘lidagi tish izlarida aniqlanmagani e’lon qilindi. Yigitning qo‘lidagi tish izlari kimga tegishli ekanini aniqlashning iloji bo‘lmagan. Chunki aka shu kungacha 3 marta dush qabul qilgan. DNKda hech narsa aniqlanmaganligi ortidan aka qo‘yib yuborilgan.

“Narin g‘oyib bo‘lgan va qidiruvga berilgan kuni Enes asabiylashib, telefonini yerga tashlab, sindirib, o‘zini tishlagan”, degan qizning otasi.

31 avgust kuni so‘roq uchun butun oila chaqirtirilgan. 1 sentyabr kuni Narinning amakisi mahbus Salim Guran haqida qo‘shimcha ma’lumotlar berildi. Unda aytilishicha, Salim Guran barcha telefon qo‘ng‘iroqlari va yozishmalarini o‘chirib tashlagani ma’lum bo‘lgan.

2 sentyabrda matbuotda hibsda bo‘lgan Salim Guranning o‘zaro so‘roq paytida qarama-qarshi bayonotlar bergani, Narinning oxirgi marta ko‘rishganidan 15 daqiqa o‘tib, tezda mashinani haydab ketgani va telefoni 1 soat o‘chiq bo‘lgani xabar qilingan. Salim Guranni mashinasidagi DNK izlari, o‘chirilgan qo‘ng‘iroq yozuvlari va telefonidagi xabarlar asosida hibsga olish uchun order berilgan.

Shu qishloqda yashovchi Nevzat Baxtiyor ismli shaxs esa 8 sentyabr kuni aybiga iqror bo‘lib, jasadni soyga yashirganini tan oldi. Jasad Nevzat Baxtiyorning iqrorlari tufayli topilganmi yoki jasad topilgandan keyin aybiga iqror bo‘lganmi, bu aniq emas. OAVdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Nevzat Baxtiyorning mashinasi jasad topilgan hududga qaragan kameralarda ko‘rinib qolgan.

9 sentyabrda qizning amakisi Salim Guran o‘z mashinasida Narin Guranning jasadini olib kelgani va yigitdan jasadni yo‘q qilishni so‘ragani, agar shunday qilsa, unga 200 ming turk lirasi, taqriban 5800 AQSH dollari berishni taklif qilgani ma’lum bo‘ldi.

11 sentyabr kuni Nevzat Baxtiyorning bir-biriga zid bayonotlar bergani o‘rtaga chiqdi. Dastavval pul evaziga jasadni yashirganini aytgan Nevzat Baxtiyor boshqa bayonot berib, Salim Guran tahdid qilgani uchun jasadni yashirganini aytdi. Nevzat Baxtiyor ham Salim Guran kabi telefonidagi qo‘ng‘iroq yozuvlari va yozishmalarni o‘chirib tashlagani aniqlandi.

13 sentyabr kuni qotillik sodir etilgan kuni telefon qo‘ng‘iroqlari va yozishmalarini o‘chirib tashlagan qizning amakisi Salim Guranning telefonidagi o‘chirilgan ma’lumotlar tiklangani e’lon qilindi.

Salim Guranning 15 yoshli ishchisi Ramazon Atasoy bilan telefon suhbatlaridan birida Ramazon “Menga hali yetib bormadi. Hali o‘lmagan”, degani aniqlangan.

Yuqorida aytganimizdek, qizning vafotida begonalar emas, aksincha, yaqinlari gumon qilinmoqda. Gumondorlar orasida Narin Guranning onasi Yuksel Guran ham bor. Narinning aynan nima uchun o‘ldirilgani haqida hozircha dalil mavjud emas. Mahalliy OAVning yozishicha, Narinning onasi Yuksel Guran va uning amakisi Salim Guran o‘rtasida jinsiy aloqa sodir bo‘lgan va qizcha uni ko‘rgan bo‘lishi mumkin.

Yuksel Guran esa tergov vaqtida “bu odam bilan hech qanday aloqam bo‘lishi mumkin emas”, deb javob bergan.

Mahalliy OAVning yozishicha, prokuratura tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida Narin otasining uyida o‘ldirilgani aniqlangan. O‘sha kuni qizning yaqinlari uyda bo‘lgan.

Aybdor Nevzat Baxtiyor o‘zining so‘nggi so‘zida Narin o‘sha kuni uyda o‘ldirilganini, keyin uydagi barcha narsalarni qizning xolalari yuvganini aytgan. Prokuratura aloqa operatorlaridan olingan ma’lumotlarga tayanib, Narin o‘ldirilgan paytda uyda qizning onasi Yuksel Guran, amakisi Salim Guran, amakining do‘sti Nevzat Baxtiyor, kelinoyilari Mashallah Guran va Hadiya Guran bo‘lganini aytgan.

Qizning amakisi Salim Guran qasddan qotillik, uning do‘sti Nevzat Baxtiyor qasddan odam o‘ldirish va dalillarni yo‘q qilish, Narinning onasi Yuksel Guran, Salim Guranning ishchisi Ramazon Atasoy, marhuma qizchaning akasi Enes Guran qasddan qotillikda ishtirok etish, ammasining eri Muhammad Kaya va amakivachcha Birsen Guran jinoyatchiga yordam berish, jinoyat dalillarini yo‘q qilish, qizning yangasi Mashallah Guran jinoyatchiga xayrixohlik qilish, jinoyat dalillarini yo‘q qilish, Salim Guranning ishchisi Mehmet Salim Atasoy jinoyat dalillarini yo‘q qilish, xolaning eri Mehmet Shavkat jinoyatchini yashirish, jinoyat dalillarini yo‘q qilish va amaki Fuat Guran jinoyat dalillarini yo‘q qilishda ayblanmoqda.

Adliya vaziri Yilmaz Tunch oktyabr oyining o‘rtalariga kelib, tergovdagi so‘nggi o‘zgarishlar haqida bayonot berdi. Uning ta’kidlashicha, tergov organi tez kunlarda ayblov xulosasini taqdim etadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida 28 nafar gumondor bo‘lib, ulardan 12 tasi hibsga olingan.

“Narin qizimiz bilan sodir bo‘lgan jinoyat ishiga oid tergov puxtalik bilan davom etmoqda. Hozirda hibsga olinganlar bor. Qo‘lga olinganlardan tashqari, sud nazorati ostidagi gumondorlar ham bor”, deydi Adliya vaziri.

Yilmaz Tunchning so‘zlariga ko‘ra, eng so‘nggi texnologiyalar yordamida qiz yo‘qolgan kuni kimning qaysi daqiqada qayerda ekani birma-bir aniqlangan va tez kunlarda ayblov xulosasini tayyorlash jarayoni boshlanadi.

Narin uchun adolat!

Narin bilan sodir bo‘lgan voqea jamoatchilikni sergak torttirdi. OAVning kunlik xabarlari Narin bilan boshlanib, u bilan tugadi. Qiz yo‘qolib, kunlab topilmaganida esa jamoatchilik Narin uchun adolat izladi. Odamlar ko‘chaga chiqdi va uning qotilini topish va jazolashni talab qildi.  

Narinning sirli o‘limiga mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham munosabat bildirmay qolmadi. Davlat rahbari “Narinni o‘ldirganlar, albatta, adolat oldida javob beradilar” demoqda.

“Vahshiylarcha o‘ldirilgan Narinning qayg‘uli xabari barchamizni chuqur yaraladi. Qizimizning bedarak yo‘qolganligi haqidagi xabarni olganimizdan beri xavfsizlik kuchlari uni tirik topish uchun qattiq harakat qilishdi. 19 kun davom etgan izlanishlar natijasida, afsuski, yurakni quvontiradigan xabar ololmadik. Narinni o‘ldirganlarning adolat oldida javob berishiga kafolat beramiz”, deydi Erdo‘g‘an.

Har kuni dunyoda yuzlab bolalar o‘ldirilyapti. Narin ulardan biri. Ko‘pchilikning bunday voqealar haqidagi xabarlarni eshitaverib diydasi qotdi. O‘zimizdan boshqasini o‘ylamaydigan darajaga yetib keldik. Narin o‘limidagi boshqalardan ajralib turadigan eng katta farq nima bilasizmi? Uning yaqinlari tomonidan o‘ldirilgan bo‘lishi mumkinligi. Uni qabrga qo‘yganlar, ortidan dod solib yig‘lagan va ta’ziya qabul qilganlar orasida qotilning, qotillikka sheriklarning bo‘lishi. Voqealar tafsilotini kuting.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Narin Guran Diyorbakir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing