Afg‘onistondan evakuatsiya qilinayotganlar qancha vaqt Toshkentda qoladi?

Intervyu

Joriy yilning 15 avgustida “Tolibon” harakati Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olishi ortidan qator davlatlar Qobuldagi diplomatlari va o‘ziga yordam bergan afg‘onlarni evakuatsiya qilishni boshladi. O‘zbekiston bu borada Germaniyaga yordam qo‘lini cho‘zdi.

Qayd etish kerakki, Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer bilan telefon orqali muloqotida rasmiy Berlin Afg‘oniston va Yevropa Ittifoqi fuqarolarini evakuatsiya qilishda Toshkent aeroportidan tranzit sifatida foydalanishda davom etishi mumkinligi yuzasidan kelishuvga erishilgandi. Bundan tashqari, Germaniya kansleri Angela Merkel ham ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qilgan.

Yuqoridagi ikki tomonlama kelishuv natijasi o‘laroq kecha, 19 avgust kuni Toshkent-3 mahalliy aeroportiga navbatdagi Qobul – Toshkent yo‘nalishidagi evakuatsion reys kelib qo‘ndi. QALAMPIR.UZ Toshkent aeroportida bo‘lib, evakuatsiya jarayoniga guvohlik qildi. Biroq, Germaniya tomonining talabiga ko‘ra, tasvirga olishga ruxsat berilmadi.

Qobuldan kelib qo‘ngan harbiy samolyot bortida Germaniya fuqarolari va afg‘onistonlik qochqinlar ham borligi aytilmoqda. Biroq, xavfsizlik nuqtai nazaridan Toshkentga evakutsiya qilinganlarning soni va qaysi davlat fuqarosi ekani ochiqlanmadi.

Tranzit hududida bo‘lgan QALAMPIR.UZ muxbiri O‘zbekiston Transport vazirligi Aeroportlarni rivojlantirish va yer usti ta’minoti boshqarmasi boshlig‘i Jasur Po‘latovdan Germaniya fuqarolari va afg‘on qochqinlari O‘zbekistonda necha kun qolishi, ularga qanday sharoitlar yaratilgani va aeroportda lager tashkil qilingani haqidagi savollarga javob oldi.

Jasur Po‘latov, Transport vazirligi mas’uli: — Vaziyatni o‘zingiz ko‘rib turibsiz. Evakuatsiya qilinayotganlarning barchasi Afg‘oniston fuqarolaridir. Ular tranzit ravishda O‘zbekiston orqali olib ketilmoqda. Ularning oxirgi manzillari Germaniya Respublikasi bo‘ladi. Hech qanday kazarmalar va qochqinlar istiqomat qilishi uchun lager qurib bermadik.

F.N.: — Qochqinlar uchun sharoitlar yaratilganini ko‘rdik. O‘zbekiston tranzit vazifasini bajarish bilan birga yana qanday jarayonlarda qatnashyapti?

J.P.: — Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi uzoq muddatli munosabatlar va muloqotning og‘ir kechganini inobatga olgan holda, Germaniya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi hukumati orasida Afg‘onistondagi keskin vaziyatni hamda O‘zbekistonning jug‘rofik jihatdan qulay joylashganini inobatga olib, hozirgi kunda Germaniya so‘rovi hamda ularning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan birgalikda tranzit ravishda mamlakat hududiga Afg‘onistondan olib kelinayotgan fuqarolar Germaniyaga yetkazib qo‘yilmoqda. Bu jarayon qo‘shni davlatdagi sharoitning keskin ravishda o‘zgarayotgani sababli, barcha qulayliklar sharoitlar Toshkent-3 aeroportining ichki hududida amalga oshirilmoqda.

F.N.: — Demak, fuqarolar terminal-3 hududidan tashqariga chiqarilmaydi. Ularning Germaniyaga uchib ketishlari qancha vaqtda amalga oshiriladi?

J.P.: — Albatta, hozirgi kunda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida parvozlar soni kamligini inobatga olgan holda, barcha fuqarolar charter reyslar orqali “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi va Germaniyaning Lufthansa aviakompaniyasidan foydalangan holda O‘zbekistondan Germaniyaga olib boriladi. O‘zbekiston hududiga kirib kelgan chet el, Yevropa, Afg‘oniston qo‘yingki, istalgan davlat fuqarolari ham maksimal darajada 6 soatdan oshmagan holda O‘zbekiston hududida bo‘lishi Germaniya bilan kelishib olingan. Harbiy samolyotda kelgan har bir fuqaro uchun barcha tayyorgarliklar amalga oshirilib, yo‘lovchilarga belgilangan tartibda xizmat ko‘rsatilmoqda va O‘zbekiston hududidan chiqib ketishlari ta’minlanyapti.

F.N.: — Toshkent-3 aeroporti xodimlari soni ozchilikni tashkil etib, asosan Germaniya harbiylari xizmat ko‘rsatmoqda. Ma’lum bir sabablarga ko‘ra, tasvirga olishga ruxsat berilmadi. Charter reys orqali olib kelingan fuqarolarni eltib qo‘yishga O‘zbekiston vakillari ham yordam beradimi yoki faqat Germaniya harbiylarimi?

J.P.: — Yurtimizga uchib kelgan fuqarolarga birinchi o‘rinda aeroport xodimlari tomonidan xizmat ko‘rsatiladi. Ushbu xizmatlar ko‘lami juda keng. Ya’ni ularning yuklarini eltib qo‘yish, vaqt o‘tishi bilan ichimliklar va issiq ovqatlar bilan ta’minlash masalalari ko‘zda tutilgan.

Ma’lum qilinishicha, harbiy samolyotda kelganlarning barchasi uchun issiq joy va taomlar hozirlangan.

Ma’lumki, butun dunyoda koronavirus pandemiyasi davom etmoqda. Afg‘onistondan evakuatsiya qilinayotgan shaxslar esa O‘zbekistonga kelgach, aeroportning o‘zida ekspress-test topshiradilar. Yo‘lovchilardan birortasida COVID-19 ga chalinish holatlari kuzatilgan taqdirda, ular O‘zbekistonda qolmaydi. Aksincha, o‘sha samolyotning o‘zida boshqa yo‘lovchilarning salomatligiga xavf tug‘dirmay, izolyatsiya qilingan holatda manzilga olib ketilishi ta’minlanadi.

 

Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Germaniya Tolibon Toshkent-3 mahalliy aeroporti

Baholaganlar

244

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing