Gaitida kuchli zilzila sabab 300 dan ortiq odam o‘ldi. Mamlakatga yana bir ofat xavf solmoqda

Olam

image

Kecha, 14 avgust kuni ertalab Gaitida 7,2 balli zilzila sodir bo‘ldi. Tabiiy ofat oqibatida hozirgacha 300 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Bu haqda BBC xabar berdi.

Mahalliy hokimiyat vakillarining ma’lum qilishcha, 7,2 balli zilzila oqibatida hozirgacha 304 kishi halok bo‘lgan, kamida 1700 kishi jarohatlangan.

Gaiti qutqaruv xizmati boshlig‘i Jerri Chandlerning jurnalistlarga aytishicha, zilzila mintaqasidagi shifoxonalar jarohatlanganlar bilan to‘lib toshgan. CNN telekompaniyasi Jeremi shahridagi Muqaddas Antoni shifoxonasi ma’muriga tayanib xabar berishicha, shifokorlar hovliga chodir tikishgan.

“Hozir eng dolzarb masala – tibbiy yordam. Biz zilziladan zarar ko‘rgan muassasalarga tibbiy buyumlar va xodimlarni yuborishni boshladik. Maxsus shoshilinch yordamga muhtoj bo‘lgan ma’lum miqdordagi odamlar evakuatsiya qilindi, biz bugun va ertaga ham evakuatsiya qilamiz”, degan Gaiti Bosh vaziri Ariel Anri.

Zilzila o‘chog‘i Pti-Tru-de-Nipp shahridan taxminan 8 km uzoqlikda bo‘lgan. Silkinish Gaitining aholi zich joylashgan poytaxt Port-o-Prenseda va qo‘shni davlatlarda ham sezilgan.

Mintaqada silkinishlar davom etmoqda. Shanba kuni kechqurun nisbatan kuchli – 5,8 balli zilzila qayd etilgan. Bu silkinish yetkazgan zarar haqida ma’lumot mavjud emas.

Gaiti Bosh vaziri voqea joyiga yetib borib, bir oy muddatga favqulodda holat e’lon qilgan.

Zilzila sodir bo‘lgan hududda qutqaruv ishlariga tez orada yana bir tabiiy ofat xalaqit berishi mumkin. Meteorologlarning ogohlantirishicha, Gaiti “Greys” bo‘ronining trayektoriyasida joylashgan va dushanba va seshanba kunlari bu yerda toshqin va ko‘chkilarga olib keluvchi kuchli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

zilzila Gaiti

Baholaganlar

78

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing